Yangiliklar
2019-YIL SARHISOBI: «2030-YILGA QADAR MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARINI STRATEGIK RIVOJLANTIRISH INVESTITSION LOYIHALARI BELGILAB OLINGAN»
  • 31.01.2020
  • 1560

     Kirish

     Barchamizga ma'lumki, mamlakatimizda o‘tgan 2019-yil «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish-yili» deb e'lon qilingan edi. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2019-yilda investitsiya loyihalarini amalga oshirish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish va soddalashtirish, aniqrog‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirishni kengaytirish orqali elektr energiya iste'molchilarini hamda sanoat korxonalarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

     «O‘zbekiston MET» AJ markaziy apparati tarkibidagi Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi yuqorida belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshiruvchi boshqarma hisoblanadi. Boshqarma o‘z faoliyatida asosan investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlarining kredit mablag‘larini jalb qilish uchun muzokaralar olib borish, shu bilan birga kerakli barcha hujjatlar tayyorlash ishlarini bilan shug‘ullanadi.

     Bugungi kunda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Osiyo Taraqqiyot Banki, Jahon banki, yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamkorligida investitsion loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha bir qator amaliy ishlarni olib borilmoqda. Moliyalashtiruvchi institutlarning barcha talablari asosida tender hujjatlarni tayyorlash, vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, tender-tanlovlarni e'lon qilish hamda loyihalar uchun kerakli bo‘lgan elektr uskunalarni xarid qilish mazkur boshqarmaning bevosita ishtirokida amalga oshiriladigan jarayonlardir.

     Investitsion loyihalarning soni va ahamiyati.

     Boshqarma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi №PQ-4067-sonli «O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va 2020-yil 9-yanvardagi №PQ-4563-sonli «O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlariga hamda bir qator investitsion loyihalar uchun alohida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga asosan energetika sohasidagi investitsion loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

     Jumladan:

     1. «Toshkent metallurgiya zavodining tashqi elektr ta'minoti obyektlarini qurish» investitsion loyihasi

     Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PQ-3638-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-iyundagi VMQ-540-sonli qaroriga binoan amalga oshirilmoqda.

     O‘zbekiston Respublikasi Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi mablag‘lari ishtirokida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha Toshkent shahar Sirg‘ali tumani hududi hamda Toshkent viloyati (Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va Zangiota tumani) hududlarini qamrab oladi. Uning qiymati 29,022 mln. AQSH dollariga teng.

     Loyihaning maqsadi — Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanida faoliyat yuritadigan «Toshkent metallurgiya zavodi»ni uzluksiz va sifatli elektr ta'minoti bilan ta'minlash, bundan tashqari, Toshkent shahrida va Toshkent viloyatining poytaxt bilan chegaradosh hududlarida istiqomat qiluvchi aholi hamda ishlab chiqarish obyektlarini elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirish. Loyihaning amalga oshirish muddati 2020-yil may oyi. Loyiha doirasida uzunligi (2x23) 46 km bo‘lgan «kirish-chiqish» 220 kV li «Qo‘yliq» podstansiyasidan «Adolat» podstansiyasigacha havo liniyasini qurish, 220 kv «Sirg‘ali» podstansiyasida 2 dona 200 MVA quvvatli transformatorlar o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 46 km havo liniyasi qurilishi yakunlanib, «Sirg‘ali» podstansiyasida elektr jihozlarini o‘rnatish ishlari bajarilmoqda.

     2. ««Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi»dan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi yashash punktigacha 220 kVli elektr uzatish liniyasini qurish» loyihasi

     Ushbu yangi tarmoqni qurishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-iyundagi PQ-2541-sonli qarori huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

     Mazkur loyiha 2020-yiling may oyida yakunlanib, uning maqsadi shimoliy-g‘arbiy energotizim hamda Xorazm viloyati iste'molchilari elektr ta'minoti ishonchliligini oshirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida elektr energiyasi tanqisligini kamaytirishdan iborat.

     Loyihaning umumiy qiymati 258,5 mln. AQSH dollari, shu jumladan Osiyo Taraqqiyot Bankining kredit mablag‘lari 150,0 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha qurilishiga uskuna va materiallar sotib olish uchun 8 ta mahalliy va xorijiy ta'minotchi kompaniyalar bilan umumiy qiymati 48,9 mln. AQSH dollarga shartnomalar imzolangan.

     Bugungi kunda loyiha bo‘yicha elektr uzatish tarmog‘ining umumiy uzunligi 340 kilometrni tashkil qilib, shundan «Xorazm» podstansiyasidan «Sarimoy» qayta ulagich punktigacha 153 km elektr uzatish liniyasi qurilishi yakunlangan, «Taxiatosh» issiqlik elektr stansiyasidan «Xorazm» podstansiyasigacha 187 km elektr uzatish liniyasi qurilish ishlari yakunlanmoqda.

     3. «Magistral elektr tarmoqlarning podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» loyihasi

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi 3284-sonli «Jahon Banki ishtirokida «Magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish» investitsion loyihasini amalga oshirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga tatbiq qilinadigan mazkur loyihada Respublika hududida joylashgan 22 ta podstansiyalarda uskunalarni yangilash ishlari bajariladi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentyabrdagi 3284-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan.

     Loyiha doirasida bir nechta podstansiyalarda avtotransformatorlar va kuch transformatorlari o‘rnatildi. Bundan tashqari, o‘rta va kichik hamda yuqori kuchlanishli elektr qurilmalari, rele himoya va avtomatikasi, aloqa jihozlari va akkumulyator batareyalari, temir-beton va metall mahsulotlari, kabel va simlar sharnoma asosida xorijiy hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinib o‘rnatildi.

     Ushbu loyihani umumiy qiymati 292,15 mln., shundan Jahon Banki mablag‘lari 150,0 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi eski uskuna va jihozlarni zamonaviy, xalqaro standartlarga mos uskuna va jihozlar bilan yangilash loyihasi 2017–2022-yillar davomi amalga oshiriladi. Bugungi kunda umumiy qiymati 38.62 mln. AQSH dollariga teng shartnomalar imzolangan. Bugungi kunda shartnomalarda ko‘rsatilgan muddatda avtotransformatorlar, o‘rta va kichik kuchlanishli elektr qurilmalari, rele ximoyasi va avtomatikasi, aloqa jihozlari va akkumulyator batareyasi va boshqa turdagi elektr jihozlari olib kelinmoda.

     4. «Surxon-Puli-Xumri» (Xo‘ja-Alvon) loyihasi

     O‘zbek xalqida bir dono maqol bor: «Qo‘shning tinch — sen tinch». Bu jumlani xalqaro diplomatiya tushunchasi bilan ifoda etsak, qo‘shni davlatlardagi tinchlik-farovonlikdan biz ham manfaatdormiz. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida: «Afg‘oniston xavfsizligi — bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir», deya ta'kidlab o‘tgan edi.

     Afg‘oniston bilan qo‘shnichilik aloqalarini yaxshilash, uning chegaradosh hududlariga elektr energiyasini eksport qilish, bu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga chet el valyutasi oqimini oshirish, Respublikamizning xalqaro maydondagi mavqyeyini oshirish maqsadida kuchlanishi 500 kV li «Surxon-Puli-Xumri» (Xo‘ja-Alvon) elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasini O‘zbekiston hududida amalga oshirmoqdamiz. Liniyaning umumiy uzunligi 245,6 km bo‘lib, uning 45,0 kilometri Surxondaryo viloyati hududidan, 200,6 km esa Afg‘oniston hududidan o‘tadi.

     5. ««Navoiy issiqlik elektr stansiyasi»dan 220 kV li havo liniyasini «Besopan» punktigacha 500 kV li gabaritda qurish» loyihasi

     Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PQ-3465-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 108,188 mln. AQSH dollari, shundan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning mablag‘lari 0,916 mln. AQSH dollari, yevropa tiklanish va taraqiyot bankidan kutilayotgan kredit mablag‘i esa 80,286 mln. AQSH dollarini, O‘zbekiston Respublikasining davlat boji va soliq imtiyoz ulushlari 26,986 mln. AQSH doll. tashkil etadi.

     Loyiha «Navoiy IES»dan 220 kV li havo liniyasini 177 km uzunlikda «Besopan» o‘chirib yoqish punktigacha 500 kV li gabaritda qurish amaliyotini o‘z ichiga olgan. Loyihadan ko‘zlanayotgan asosiy maqsad Navoiy viloyatida yangi tashkil etilgan tog‘-kon metallurgiya ishlab-chiqarish obyektlari uchun elektr energiyasini yetkazib berish va energiya tizimining shimoliy-g‘arbiy qismidagi elektr tarmoqlarini rivojlantirishdan iborat. Uning amalga oshirilish muddati 2019–2022-yillar oralig‘ida. Bugungi kunda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralarga tasdiqlash uchun kiritildi. Vazirlar Mahkamasining loyiha qaroriga vakolatli organlardan xulosa olindi va Adliya vazirligiga kiritildi.

     6. «500/220 kV li «Muruntau» podstansiyasini qurish va uchta 167 MVA lik transformatorlarini o‘rnatish» (Navoyi viloyati) loyihasi

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PQ-3465-sonli qarori loyihaning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi. Loyihadan maqsad — yangi tashkil etilayotgan kon-metallurgiya ishlab chiqarish obyektlarini tashqi elektr ta'minoti bilan ta'minlash va energetika tizimining shimoli-g‘arbiy qismida elektr tarmoqlarini rivojlantirish va Navoiy viloyati iste'molchilarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash. Loyiha 2023-2025-yillarda amalga oshiriladi. Uning qiymati 112,047 mln. doll., Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) mablag‘i 82,5 mln.doll. soha mablag‘i 6,534 mln.doll. hisobida. O‘zbekiston Respublikasining hissasi 23,013 mln. dollarni tashkil qiladi. Bugungi kunda loyihaning texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, tegishli vakolatli tashkilotlardan ekspertiza xulosa olish uchun kiritildi.

     7. «O‘zbekiston Respublikasida 500 kVli G‘uzor-Regar (L-507) elektr uzatish liniyasini tiklash» loyihasi

 Mazkur loyiha Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi bayonnomasining 5.2-bandi asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha maqsadi O‘zbekiston va Tojikiston energiya tizimlarining paralell ishlashi paytida elektr energiya ishonchliligini ta'minlashdan iborat. Loyihaning umumiy qiymati 25 mln. AQSH dollari, shu jumladan Osiyo Taraqqiyot Bankining kredit mablag‘lari 25 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida 500 kVli G‘uzor-Regar (L-507) elektr uzatish liniyasining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi 63 km uzunlikdagi qismini qayta quriladi. Bugungi kunda loyiha doirasida Osiyo Taraqqiyot Banki talablari asosida yerlarni ajratish, aholini ko‘chirish rejasi hamda ekologik baholash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, loyiha instituti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqish uchun texnik ko‘rsatgichlar tayyorlanmoqda.

     8. «Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi»dan 220 kV li havo liniyasini hamda 220 kV li «Zafarobod» podstansiyasini qurish» loyihasi

     Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2019-yil 23-aprel kuni tasdiqlangan 06/1-1177-sonli «Elektr energetikasida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturi»ga muvofiq hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi №20-sonli bayonnomasiga asosan amalga oshirilmoqda. Loyihadan maqsad magistral elektr uzatish liniyalarini yanada rivojlantirish, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari aholisini va yirik istemolchilarni tashqi elektr energiyasi bilan ta'minlash. Loyiha doirasda Osiyo Taraqqiyot Bankining 52,0 mln. doll. kredit mablag‘lari jalb qilinadi. Loyihaning 2020–2022-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda loyiha doirasida Osiyo Taraqqiyot Banki talablari asosida yerlarni ajratish, aholini ko‘chirish rejasi hamda ekologik baholash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, loyihalashtiruvchi tashkilot tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga «Zafarobod» podstansiyasining tender hujjatlarining texnik qismi tayyorlandi.

     9. «500-220 kVli «Kolsevaya» podstansiya va elektr uzatish liniyalari qurilishi» loyihasi

     Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yilning iyun oyida Toshkent viloyatiga tashrifi davomida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 23-sonli Majlis Bayoni hamda 2020-yilning 9-yanvardagi PQ-4563-sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi Toshkent shahri va Toshkent viloyati iste'molchilari hamda sanoat korxonalarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta'minlash. Loyihani 2020-2023-yillar amalga oshirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda loyihaning texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Shuningdek «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda Jahon banki tomonidan loyihani moliyalashtirish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

     2020-yilda amalga oshiriladigan amaliyotlar

     Investitsiya loyihalari bo‘yicha 2020-yilda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 121,3 million AQSH dollari hisobida, shundan 2020-yil I chorakda 17,8 million AQSH dollari hisobida  mablag‘lar o‘zlashtiriladi.

     Magistral elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta'minlash maqsadida 2020-yilda 2 ta investitsiya loyihasi doirasida energetika obyektlari ishga tushiriladi. Jumladan, ««Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi»dan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi yashash punktigacha 220 kVli elektr uzatish liniyasini qurish» loyihasining 2 bosqichi bo‘yicha elektr uzatish tarmog‘ining 190 km yakunlanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati iste'molchilarining elektr ta'minoti ishonchliligi oshiriladi. Natijada ushbu elektr uzatish liniyasidan-yiliga 1161,6 million kilovatt•soat yoki 130-150 megavatt qo‘shimcha quvvat Xorazm energouzeliga uzatiladi va iste'molchilarning energiya ta'minoti barqarorlashadi.

     «Toshkent metallurgiya zavodining tashqi elektr ta'minoti obyektlarining qurilishi» loyihasi ishga tushirilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini elektr energiyasi bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yiladi.

     Boshqarma tarkibi

     «O‘zbekiston MET» AJning Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi yuqorida sanab o‘tilgan loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun mehnat qilib kelmoqda. Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi tarkibida 4 ta investitsion loyihalarni amalga oshirish guruhlari tashkil topgan.

     Xotima

     Amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida tizim korxonalarida 2020-yilda jami 40 ta, shundan joriy-yil I chorakda 5 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi elektr tarmoqlarini 2030-yilga qadar strategik rivojlantirish bo‘yicha 24 ta loyiha, elektr energiyasining texnologik sarfi va o‘z ehtiyojiga ishlatilishini kamaytirish maqsadida 40 ta podstansiyada modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan.

     Shuningdek, Jahon moliya institutlari kreditlari va o‘z mablag‘lari hisobidan 9 ta 220-500 kilovoltli podstansiyalar va 2700 kilometr havo uzatish elektr tarmoqlarini qurish loyihalarini tayyorlash ishlari bajarilishi tizimli tashkil qilinadi.

 

 Baxriddin Karimov, «O‘zbekiston MET» AJ Investitsiyalarni jalb qilish va

investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i;

 Zafarjon Kamolov, O‘zbekiston MET» AJ Investitsiyalarni jalb qilish va

investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo`ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>