Yangiliklar
2019-YIL SARHISOBI: «2020-YILDA 40 TA ISH O‘RNI YARATILIB, 305 NAFAR XODIMLARINING MALAKASI OSHIRILADI»
  • 31.01.2020
  • 910

     Barchamizga ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi PQ-4249-sonli qaroriga asosan «O‘zbekenergo» AJ, «Energosotish» filiali va «O‘zelektrtarmoq» UK negizida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati o‘z faoliyatini boshlagan edi.

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tasarrufidagi turdosh korxonalar ichida o‘zining ilmiy salohiyati, yetuk kadrlari va malakali mutaxassislari bilan ajralib turadi. Jamiyatda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, mutaxassislarning kasb bilimlari va ko‘nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirishga qaratilgan bir qancha ishlar olib borilmoqda.

     O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi davlat va jamiyat qurilishini izchil takomillashtirishni ta'minlash, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish sur'atlarini jadallashtirish, ilg‘or innovatsion va ilm-fan yutuqlariga asoslangan texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan ishlarga yangicha sur'at berdi. Bu muhim maqsadlar yuqori malakali mutaxassislar, pedagog va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish va uning eng yaxshi yutuqlarini davlat va jamoat tuzilmalari, iqtisodiyot tarmoqlarida tatbiq etish asosida jiddiy qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish zaruratini taqozo etadi.

     Aynan shu va shu kabi vazifalar «O‘zbekiston MET» AJ Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi tomonidan amalga oshirilib kelmoqda. Jumladan:

    - 2019-yil davomida Jamiyatda faoliyat yuritayotgan 41 nafar xodimlarining malakalari o‘quv kurslarida hamda o‘quv seminarlarida oshirildi;

    - Shundan 2 nafar xodim Amerika Qo‘shma Shtatlarida, 3 nafar xodim Qozog‘iston Respublikasida malakasini oshirib keldi;

    - Shu bilan birga, Toshkent davlat texnika universitetida kontrakt asosida o‘qiyotgan 8 nafar talabalariga pul mablag‘i to‘lab berildi va 3 nafar xodimlarni oliy o‘quv yurtlarida sirtqi o‘qishi uchun sharoit yaratilib berildi;

    - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv akademiyasida 1 nafar xodim, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabida 2 nafar xodim o‘qitilmoqda.

     Shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetining 2 nafar, Singapur menejmenti institutining 1 nafar, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 1 nafar bitiruvchilari ishga qabul qilingan.

     Toshkent shahridagi Inxa universitetini 4 nafar bitiruvchilari orasidan 1 nafar talaba ishga joylashtirildi va 3 nafarini ishga joylashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

     Bundan tashqari, Jamiyat xodimlarini malakasini muntazam oshirib borish maqsadida 2019-yil 3-dekabrda Jamiyatning 204-sonli buyrug‘i chiqarilib, «Ustozlar guruhi» tashkil qilingan.

     Ushbu buyruqqa asosan 2020-yildan markazlashgan holda 165 nafar xodimlarni malakasi oshiriladi hamda 1590 nafar xodimlar o‘z korxonalarida o‘qitiladi.

     Shu bilan birga, 2020-yilda jamiyatning 140 nafar xodimlar malakasini oshirish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Sankt Peterburg malaka oshirish energetika instituti bilan muzokaralar olib borilmoqda.

     Shuni alohida ta'kidlash joizki, 2020-yilda Jamiyat tasarrufidagi boshqarma, bo‘lim, xizmat va filiallarda 40 ta yangi ish o‘rinlari yaratish mo‘ljallangan bo‘lib, bu asosan investitsion loyihalarni amalga oshirishga ixtisoslashtirilgan yangi bo‘limlar tashkil etish hisobiga amalga oshiriladi. Bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumotlar muntazam ravishda Statistika qo‘mitasi tomonidan muvofiqlashtiriluvchi Ochiq ma'lumotlar portali hamda Jamiyatning veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e'lon qilib borilmoqda.

 

Islom Xamidov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i

 

O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>