Yangiliklar
YOSH MUHANDISLARDAN IBORAT XODIMLAR GURUHI JAMIYATNING XIZMAT KO‘RSATISH OBYEKTLARIGA SAYOHAT UYUSHTIRISHDI
  • 27.01.2020
  • 1292

     Joriy yil 25-yanvar kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida faoliyat yurituvchi yosh muhandislar hamda tashkilotda ijtimoiy-iqtisodiy, axborot, transport, aloqa va xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi, ya'ni bevosita yuqori kuchlanishli podstansiyalar ish faoliyati bilan yaqindan tanish bo‘lmagan xodimlardan iborat guruh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Mirali Komilov boshchiligida Jamiyatda tasarrufidagi «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali  tarkibidagi «Qo‘yliq» podstansiyasiga tashrif buyurishdi.

     Ekskursiya sayohatini amalga oshirgan xodimlar «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori Rasulov Anvar G‘aniyevich, bosh muhandis Sultonov Akmal hamda «Qo‘yliq» podstansiyasi boshlig‘i Rajabov Javlon tomonidan kutib olindi.

     Dastlab sayohatchilarga maxsus boshkiyim tarqatilib, xavfsizlik nuqtai nazaridan yopiq obyektlar sirasiga kiruvchi podstansiyada qanday xavfsizlik choralariga rioya etish lozimligi xususida maxsus instruktaj o‘tildi. So‘ng barcha tashrif buyuruvchilar instruktajlar hamda tashriflar jurnaliga imzo orqali qayd etilgach ichkariga taklif etildi. 

     Sayohatchilarga birinchi navbatda filial tasarrufidagi maxsus texnikalar namoyish etilib, elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatishda qaysi avtomexanizmlar qanday amaliyotlarni bajarishda xizmat ko‘rsatishi tushuntirib berildi.

     Ko‘pchilikka ma'lumki, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati «Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» nomli investitsiya loyihasi doirasida nisbatan kam quvvatli, xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan, ma'nan eskirgan avtotransformatorlarni yangi, zamonaviy, eng ahamiyatli tomoni, quvvati yuqori bo‘lgan avtotransformatorlarga almashtirib, elektr energiya ta'minotining ishonchliligi va uzluksizligini ta'minlashgan qaratilgan bir qator ishlarni olib bormoqda.

     Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi «Qo‘yliq» podstansiyasiga tashrif buyurgan xodimlar Jahon banki ishtirokidagi investitsiya loyihasi doirasida yangilangan va quvvati oshirilgan elektr uskunalari, zamonaviy ish rejimiga ega jihozlar bilan tanishdilar.

     Mutaxassislar yosh muhandislar bilan elektr uskunalarining ishlash prinsipi, podstansiyaning oldingi va modernizatsiyadan keyingi holatlari haqida batafsil ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Buning barobarida sayohatga tashrif buyurgan xodimlarga elektr uskunalaridan foydalanishda qanday xavfsizlik qoidalarga rioya etishi lozimligi haqida gapirib berildi.

     Mutaxassislar texnika xavfsizligi vositalari bilan birma-bir tanishtirisharkan ulardan to‘g‘ri foydalanish elektromontyorlar hayot xavfsizligining garovi ekanligini, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida kichik xatoning o‘zi bo‘lmasligi, ta'bir joiz bo‘lsa, mutaxassislarning bunday yuqori kuchlanishli tarmoqlariga xizmat ko‘rsatishdagi xatosi birinchi va oxirgi bo‘lishi mumkinligi hayotiy misollar bilan gapirib berildi.

     Shuningdek, «Qo‘yliq» podstansiyasi xodimlari ekskursiya sayohatiga tashrif buyurganlarning savollariga javob berishdi. Savol-javoblar podstansiya binosining rele himoyasi va avtomatika xonasida ham qizg‘in davom etdi. Sayohatchilar u yerda podstansiya navbatchisining boshqaruv pulti bilan tanishib, uning mas'uliyatli vazifa-majburiyatlari haqida batafsil ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

     Asosan ofis xonalarida maxsus elektron dasturlar orqali ishlab, asosiy faoliyati yozma texnik-muhandislik xulosalarini tayyorlashdan iborat yosh muhandislar «Quyliq» podstansiyasi va undagi uskuna-jihozlari bilan bevosita tanishishga muyassar bo‘lganliklaridan mamnunligini bildirib, mutaxassislarga minnatdorlik bildirishdi.

      Shundan so‘ng sayohatga chiqqan xodimlar energetiklarning aloqa markazi — «Energo IT» filialiga tashrif buyurishdi. Bir necha ming ishchi-xodimlar faoliyat yuritayotgan yirik soha vakillariga sifatli va ishonchli hamda tezkor telefon aloqasi — tarmoq kommutatorligi xizmati, bundan tashqari, videokuzatuv, videoselektor, internet, veb-sahifa hamda ijro intizomiga taalluqli maxsus dasturlar texnik ta'minoti, elektron uskuna-jihozlar ta'miri va texnik servisi, shu bilan birga yana bir qancha amaliyotlarni bajaradigan mazkur filial ish uslubi yosh muhandislarda katta taassurot qoldirdi.

     Filial rahbari Sagdiyev Zikrilla Tohirovich XX asrning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilgan aloqa vositalari jihozlarining ish tartibidan to bugungi zamonaviy texnika hamda texnologiya yutuqlari asosida ishlaydigan uskuna-jihozlar ish uslubi haqida qiziqarli ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

     Sayohat so‘ngida xodimlar «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Milliy dispecherlik markazi ish faoliyati bilan tanishdilar. Markaz boshlig‘ining o‘rinbosari Boboyev Muzaffar Komiljonovich elektr energiya ta'minoti tizimida ishlab chiqarish hamda iste'mol o‘rtasida texnik muvozanat o‘rnatish naqadar muhim va mushkul vazifa ekanligini tushuntirib berdi. Markazning navbatchi muhandislari sohaning boshqa turdosh tashkilotlari bilan ishlashda qanday muhim jihatlarga alohida e'tibor berish lozimligi haqida gapirib berishdi.

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Azizbek Botirov Jamiyat ma'muriyatiga bunday foydali sayohat uyushtirib berganliklari uchun yosh muhandislar nomidan minnatdorlik bildirdi.

     Sayohat so‘nggida yoshlar yetakchisi yosh muhandislar o‘rtasida tanlov e'lon qilib, tanlov g‘oliblari Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasining ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan sayohatiga bepul chiptalarga (Xiva shahriga 3 kunlik sayohat) ega bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

     Tanlov shartlari oddiy bo‘lib, yosh muhandislar o‘z ish faoliyatlari yo‘nalishida Jamiyatning tajribali muhandislariga taqdimot o‘tkazishlari, taqdimot sohaning nazariy va amaliy jihatlari, yangi texnologiyalarning ahamiyati, sohada mavjud yutuq va kamchiliklar tahlili hamda yosh mutaxassislarning huquqiy savodxonligi masalalariga bag‘ishlangan maxsus slaydlar namoyishidan iborat bo‘lishi lozim. 

     Xulosa o‘rnida shuni alohida ta'kidlash lozimki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati «2020 yil — Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da yosh mutaxassislarga, energetika sohasi yosh muhandislarining ham kasbiy, ham ma'naviy-ma'rifiy kamolotiga alohida e'tibor berib kelmoqda. Bu, o‘z navbatida, soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishga xizmat qilib, yosh kadrlarga e'tiborni kuchaytirgan holda faoliyatning umumiy sifati hamda natijadorligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

 

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati

  Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>