Yangiliklar
«TURKMENENERGO»DAN IMPORT AMALIYOTI TO‘XTATILGANI YO‘Q yoxud elektr energiyasi ta'minoti yil boshidagiga nisbatan 8-10 mln kVt•soat ko‘proq yetkazib berilmoqda
  • 22.01.2020
  • 841

     Joriy yilning 14-yanvar sanasidan boshlab ob-havoning keskin sovishi va mamlakatimizning ayrim hududlarida qalin qoplamali qor yog‘ishi munosabati bilan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj keskin oshdi. Bu, o‘z navbatida, energotizimda muvozanat, ya'ni tizim xavfsizligini saqlash maqsadida ma'lum darajada cheklovlar o‘rnatilishiga sabab bo‘lmoqda.

     Batafsil manba: uzbekistonmet.uz

     Ushbu holat iste'molchilar tomonidan jiddiy noroziliklarga sabab bo‘layotgani, bu haqda media-makonda negativ ma'lumotlar tarqalayotgani barchamizga ma'lum. Mazkur masala haqida Energetika vazirligining rasmiy bayonoti ham e'lon qilindi va elektr energiyasi hamda tabiiy gaz ta'minotini yaxshilash uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgani ma'lum qilindi.

     Batafsil manba: https://telegra.ph

     Elektr energiya ta'minotidagi cheklovlarga gaz ta'minotidagi tanqislik (rasmiy bayonot e'lon qilindi), bundan tashqari, issiqlik elektr stansiyalardagi ayrim favquloddagi holatlar (ta'mirlash ishlari) sabab bo‘layotgani haqida ma'lumotlar e'lon qilinmoqda.

     Batafsil manba: daryo.uz

     Yaqinda media-makonda yangi ma'lumotlar tarqaldi: «...O‘zbekiston Turmaniston bilan import shartnomasini bir oyga tuzgan ekan, turmanistonliklar elektr energiya importini to‘xtatishibdi...»

     Yuqoridagilarni hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi tizimida faoliyat yurituvchi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rasmiy bayonot e'lon qiladi va u quyidagicha:

    1. «Turkmenenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasidan import amaliyoti uzluksiz ravishda davom etmoqda! Dastlabki kelishuvga asosan elektr energiyasi importi 2019-yil 1-dekabrdan 2020-yil 1-aprel sanasigacha davom etadi, bundan tashqari, Turkmanistondan elektr energiyasi yetkazib berilishi 2020-yil yanvar oyining boshida 14,0 mln kVt•soat atrofida amalga oshirilgan bo‘lsa, ayni kunlarda import amaliyoti sutkasiga 19,1 mln kVt•soatni tashkil etmoqda (o‘rtacha 35-37 foizga ko‘p);

     2. Joriy rejimlarda respublika bo‘yicha elektr energiya iste'moli sutkasiga 216,3 mln. kVt•soatni tashkil etmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,2 mln. kVt•soat ko‘proq (o‘rtacha 9-10 foiz ko‘p);

     3. So‘nggi kunlarda ob-havoning sezilarli darajada sovib ketishi oqibatida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj keskin darajada ko‘paydi. Jumladan, yanvar oyining boshida respublikamiz bo‘yicha elektr energiyasi iste'moli sutkasiga 208,0 mln. kVt•soat atrofida kuzatilgan bo‘lsa, ob-havoning keskin sovishi natijasida ayni kunlardagi bu ko‘rsatkich o‘rtacha 216,0-220,0 mln kVt•soatni tashkil etmoqda (o‘rtacha 5-7 foiz ko‘p);

     4. 2019-yil 22-dekabr kuni respublika bo‘yicha elektr energiya iste'moli sutkasiga 210,4 mln. kVt•soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yil 20-yanvar kuni  217,1 mln. kVt•soat elektr energiyasi iste'mol qilindi (o‘rtacha 3 foiz ko‘p).

     Yuqorida misol tariqasida keltirilgan ma'lumotlar energetika sohasi vakillari elektr ta'minoti sifatini yaxshilash, cheklovlarni nisbatan kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etayotganidan dalolat beradi.

     MA'LUMOT O‘RNIDA: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli elektr energiyasini transportirovka qilish, elektr energiyasi importi va eksporti masalalari bilan shug‘ullanib, iste'molchilar bilan bevosita shartnomalar imzolamaydi, kichik kuchlanishli simyog‘och va elektr tarmoqlariga, shu bilan birga, elektr hisoblagich jihozlarini o‘rnatish kabi xizmatlarni amalga oshirmaydi.

     Iste'molchilar bilan bevosita shartnomalar tuzish hamda elektr energiyasini taqsimlash, yetkazib berish va sohaga oid boshqa turdagi xizmatlarni ko‘rsatish turdosh tashkilot — «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining vakolatlari doirasidagi vazifa-majburiyatlar hisoblanadi.

     Qo‘shimcha ma'lumot: «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ rasmiy http://www.het.uz/oz veb-saytida iste'molchilar uchun zarur ma'lumotlar bilan bir qatorda Jamiyatning hududiy bo‘limlari haqidagi batafsil ma'lumotlar mavjud: http://www.het.uz/oz.

     “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlari bo‘yicha qisqa 1154 raqami, shuningdek “Call Centre”ning 71/202-50-55, 71/202-50-01 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>