Yangiliklar
JO‘QORG‘I KENGES DEPUTATI XO‘JAYLI TUMANI FUQAROLARI BILAN ILK UCHRASHUVINI O‘TKAZDI
  • 18.01.2020
  • 920

  2020-yil 17-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Isaqulov Dadajon Aynaqulovich Xo‘jayli tumanidagi «Kulob» saylov okrugi qamrovida istiqomat qiladigan fuqarolar bilan ilk uchrashuvini o‘tkazdi.

  Xo‘jayli tumanidagi uchrashuvgacha Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolarini saylov bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tgan edi.

Majlisda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Erniyazov so'zga chiqib, yig'ilganlarni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining deputati etib saylangani bilan tabrikladi

Majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi M.Erniyazov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining deputati etib saylangani bilan tabrikladi.

  Jo‘qorg‘i Kenges deputatning saylovchilari bilan uchrashuvi Xo‘jali tumani hokimiyatining katta majlislar zalida o‘tkazilib, unda Xo‘jayli tumani hokimining xotin-qizlar ishi bo‘yicha muovini Suluxan Dursunbetova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Aysanem Begimova va boshqa ijro hokimiyati mutasaddi xodimlari ishtirok etishdi.  

  Xo‘jayli tumani xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari uchrashuvni ochiq deb e'lon qilgach, birinchi so‘z ekopartiya yetakchisiga berildi. Aysanem Po‘latovna partiya dasturi va joylarda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning ahamiyati haqida so‘zlar ekan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ekologik muhitni sog‘lomlashtirish borasida qanday dolzarb vazifalar borligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Deputatga so'rov-arznoma, taklif-mulohazalar yozma shaklda taqdim etildi

  So‘z navbati deputatga berilgach,  Dadajon Aynaqulovich o‘z vakolatlari doirasida Xo‘jayli tumani ahlining og‘irini yengil, mushkulini oson qilish uchun qanday ishlarni qay tartibda amalga oshirishga bel bog‘lagani bilan o‘rtoqlashdi. Deputat, eng avvalo, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etib, keyin yirik loyihali ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqligini alohida ta'kidladi. Shuningdek, deputat o‘z faoliyati davomida Xo‘jayli tumani hokimiyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi bilan hamkorlikda ish yuritishini ma'lum qildi.

  So‘ng so‘z navbati fuqarolarga berildi. Ovul oqsoqollari deputat mavjud muammolarni hal etishda nimalarga ahamiyat berishi lozimligi haqida o‘z fikrlarini bayon etishdi. So‘zga chiqqan pedagoglar, uy bekalari, mahalla faollari saylovlardan keyin fuqarolar bilan uchrashuv tashkil etib, ularning muammosini tinglashga, o‘z vakolatlari doirasida ish yuritishga tayyor deputatni saylaganliklaridan mamnun ekanliklarini alohida e'tirof etishdi.

Deputat, birinchi navbatda, ijro organlari bilan mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish lozimligini bildirdi

  Xo‘jayli tumani fuqarolari deputat bilan uchrashuv mazmunli va tartibli o‘tish uchun ovullarda mavjud muammolar hamda jamoaviy murojaatlarni yozma shaklda taqdim etishdilar. Jo‘qorg‘i Kenges deputati yozma murojaatnomalar mazmuni bilan tanishib, bildirilgan shikoyat, arznoma, taklif va mulohazalarga tez orada javob berishi, o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarning xohish-istagini yuqori organlarga taqdim etishi, shu bilan birga, o‘z bilim-tajribasiga suyanib mavjud muammolarga yechim topishini ma'lum qildi.

Fuqarolar uchrashuv tashkil etilganidan mamnun ekanliklarini aytib o'tishdi

  Shuningdek, uchrashuvda mahalliy televidenie muxbirlari, turli OAV vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etishdi.

Deputat bilan uchrashuvni tashkil etishda yordam bergan Xo'jayli tumani hokimligiga minnatdorlik izhor etildi

  Ma'lumot o‘rnida: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Isaqulov Dadajon Aynaqulovich ayni paytda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. U 38-sonli «Kulob» saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati etib saylangan.

«O‘zbekiston METAJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>