Yangiliklar
14 YANVAR — VATAN HIMOYACHILARI KUNI!
  • 14.01.2020
  • 8785

  Bugun, 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni! «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati ushbu bayram munosabati bilan barcha vatandoshlarimizni tabriklaydi!

  Ona-Vatan tinchligi, yurt osoyishtaligi — hayotimiz fayzi, farovonligimiz belgi-nishonasi, yurtimiz ravnaqi kafolatining ramzi hisoblanadi. Tinch va osuda o‘tgan har bir kunimizga shukronalar keltirishimiz kerak.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoevning Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida farmoni orqali mamlakatimizning mudofaa qudrati va harbiy-texnik salohiyatini yuksaltirish, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta'minlash, professional milliy armiyani shakllantirish, harbiy xizmat nufuzini oshirishdagi katta xizmatlari, jamoat tartibini saqlash, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi samarali mehnati, xizmat burchini bajarishda mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, yuqori malaka va mahoratga ega kadrlarni tayyorlash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh harbiy xizmatchilarni orden va medallar bilan mukofotladi.

  Tarixga nazar: 1991-yil 6-sentyabr kuni Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etilgan edi. 1992-yil 14-yanvardagi qarorga muvofiq mamlakatimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazilgan. Ana shu tarixiy kun — 14-yanvar mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. 1993-yil 29-dekabrda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni deb rasman e'lon qilindi.

  Bilasizmi: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 125-moddasida «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi. Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanadi» deyilgan. Konstitutsiyaning 126-moddasida esa «O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta'minlash uchun yetarli darajada qurolli kuchlariga ega» deya e'tirof etilgan.

  Unutmang, aziz vatandosh, tinchlik-osoyishtalikning qadri, bu aziz ne'matni asrab-avaylashga barcha birdek mas'ul.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling!  t.me/uzmetaxborotxizmati

>