2022-yil 4-fevral kuni “Uzbekistan GTL” zavodida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi Raisi Mehriddin Abdullayev ishtirokida o‘zining elektr energiyasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun birinchi bug‘ turbinasi generatori ishga tushirildi.
Umumiy quvvati 90 MVtgacha bo‘lgan elektr energiyasini ishlab chiqarish qurilmasining ishga tushirilishi bilan yaqin kunlarda GTL zavodi nafaqat o‘zining ishlashi uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasini ishlab chiqarishni, balki respublika milliy elektr tarmog‘iga qo‘shimcha 45 MVtgacha bo‘lgan hajmda elektr energiyasini yetkazib berishni ham boshlaydi.
Qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlar Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi, shuningdek, boshqa ishlab chiqarish va ijtimoiy ob'ektlar, jumladan, turar-joy binolari va tadbirkorlik sub'ektlarini elektr energiyasi bilan ta'minlash imkonini yaratadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ ishchi guruh tashrifi doirasida Boshqaruv Raisi asosiy neft-gaz korxonalarini, jumladan, gaz konlarida o‘rnatilgan kompressor stansiyalarini GTL zavodi ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi negizida yagona avtonom tarmoqqa ulash imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi.
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining energetika tizimining barqarorligini oshirish va asosiy ishlab chiqarish ob'ektlarini, birinchi navbatda, neft va gaz qazib olish ob'ektlarini avtonom elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash bo‘yicha topshiriqlarini bajarish doirasida amalga oshiriladi.
Qayd etish joizki, GTL zavodida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini avtonom ishlab chiqarish ekologik jihatdan xavfsiz bo‘lib, texnologik jarayon davomida hosil bo‘ladigan ortiqcha bug‘ hisobiga amalga oshiriladi. Umuman olganda, GTL zavodida quvvati 90 MVtgacha bo‘lgan elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkita bug‘ turbinali generator o‘rnatilgan.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati