Bugun, 2019-yil 4-dekabr kuni soat 10:53 da "Serdar" (Turkmaniston) va "Qorako'l" (O'zbekiston) podstantsiyalarini bog'lovchi 500 kVli havo elektr uzatish tarmog'ida vaqtincha favqulotda o'chish holati sodir bo'ldi. Ushbu magistral elektr tarmog'i orqali qo'shni Turkmaniston energetika tizimidan soatiga o'rtacha 650 MVt elektr energiyasi importi amalga oshirilmoqda edi.
Havo tarmog'i o'chishi sababli avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlashi oqibatida Navoiy, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida yuklamasi 375 MVtga teng iste'molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uzildi. Shuningdek, 40 MVt ABMK Buxoro viloyati hududiga qarashli nasoslar va 20 MVt Navoiy viloyati hududiga qarashli nasoslar tarmoqdan uzilgan.
Tarmoqdan uzilgan iste'molchilar va nasos stansiyalarini zudlik bilan ulash va elektr stansiyalaridagi zaxira quvvatlarini ishga kiritish bo'yicha joylarga soat 10:57 da tegishli topshiriqlar berilgan va import amaliyoti vaqtincha to'xtatilganidan qat'iy nazar o'zbekistonlik iste'molchilarga elektr ta'minoti etkazib berilmoqda.
"Turkmenenergo" davlat elektr energetika korporasiyasi hududiy bo'limlari tomonidan nosozlik sababini aniqlash va bartaraf etish maqsadida bir nechta brigadalar tashkil qilinib, magistral liniyalarining zarar etgan joylarini aniqlash va bartaraf etish uchun yuborilgan. Ma'lum qilamizki, nosozliklar tez orada bartaraf etilib, elektr energiya importi amalga oshirilayotgan liniya qayta ulanadi.
Rasmiy bayonotlarimiz ijtimoiy tarmoq sahifalarida asossiz taxminlar orqali turlicha talqin etilmasligi uchun shuni alohida ta'kidlaymizki, "Serdar" va "Qorako'l" podstantsiyalarini bog'lovchi 500 kVli elektr uzatish tarmog'i "Turkmenenergo" davlat elektr energetika korporasiyasi balansida bo'lib, import amaliyotida vaqtincha uzilishlar bo'lishi (tuzatish-ta'mirlash ishlarining olib borilishi) O'zbekiston Respublikasi elektr energetika umumtizimiga jiddiy ta'sir ko'rsatmaydi.
"O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ Axborot xizmati