Yangiliklar
DISPETCHER ELEKTR TA’MINOTINI UZMASA NIMA BO‘LADI? yoxud tizimidagi yirik avariyalarning asosiy sabablari
  • 26.11.2019
  • 3347

     O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tasarrufida faoliyat yuritayotgan elektr energiyasi tizimiga quyidagi: 1) elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stansiyalar («Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va «O‘zbekgidroenergiya» AJ), 2) ularni uzatish uchun yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlari («O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ), 3) elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlari («Hududiy elektr tarmoqlari» AJ) va nihoyat 4) elektr energiyasi iste’molchilari kiradi.

     Bunday tizimning asosiy maqsadi iste’molchilarni sifatli va ishonchli elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashdir. Bunda asosiy mezonlardan biri elektr energiyasi narxini texnik va iqtisodiy talablardan kelib chiqqan holda maksimal kamaytirishdir.

     Mazkur tizimning boshqa ishlab chiqarish soha va yo‘nalishlarda farqi hamda o‘ziga xos xususiyati shundaki, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste’mol qilish — bir paytning o‘zida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yagona texnologik jarayon bo‘lib, har lahzada ular o‘rtasida tenglik (muvozanat) o‘rnatish nihoyatda muhim vazifa. Sohaning ushbu jihati butun dunyo elektr energiya tizimlariga xos xususiyatdir.

     Xo‘sh, bu nima degani?

     Avvalo o‘rta maktab fizika darsligini esga olaylik... Elektr energiyasi — bu zaryadlangan zarrachalarning tartibli harakati... Uning tezligi soniyasiga 300 000 kilometrni tashkil etadi. Demak, mahsulotning alohida turi sifatida tasniflanadigan elektr energiyasi ishlab chiqarilgan zahotiyoq, ya’ni soniyaning bir bo‘lagi ichida (millisekundlarda) iste’mol qilinishi lozim.

     Yuqoridagi fikrlardan shunday mantiqiy xulosa chiqadiki, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish o‘rtasida energiya balansi (!) muntazam ravishda ta’minlanishi lozim. Sohaning bunday o‘ziga xos sharti iste’molchilarga sifatli elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish va energiya tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash nuqtai nazaridan juda muhim ahamiyatga egadir. Bir so‘z bilan aytganda, muvozanat saqlash tizimning ishonchli faoliyatining kafolati hisoblanadi. Shunga ko‘ra tizim dispetcheridan juda qisqa vaqtda keskin chora ko‘rish talab etiladi.

     Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishi (yozda jazirama issiq mavsumidagi yoki qahraton qish mavsumidagi sovuq ob-havoda) kuzatilgan paytda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta’minlash juda qiyin vazifa bo‘lib qolmoqda. Bunda katta avariyalarni va butun mamlakatda hamma iste’molchilarni o‘chishini oldini olish uchun elektr energiyasi ta’minotida cheklovlar joriy etilishiga majburan olib keladi. Dispetcherlik markazi tomonidan energotizimda muvozanat saqlash jarayoni o‘z vaqtida ta’minlamasa, tizimdagi «zo‘riqish» turli yirik avariyalarga sabab bo‘lib, katta-katta hududlarda uzoq vaqt elektr energiya bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi.

     Elektr energiya ta’minoti tizimidagi nomutanosiblik hamda yuqori iste’mol tufayli sodir bo‘ladigan avariyalarning tipik sabablari quyidagicha bo‘lishi mumkin:

     - ishlab chiqaruvchi quvvatining pasayishi yoki energiya tizimida iste’molning ko‘payishi, ya’ni iste’molchi yuklamasining ortishi tufayli elektr toki chastotasining keskin pasayishi. Chastotani 46-47 Gs ga tushishi (normal chastota 50 Gs) kuchlanishning keskin pasayishi bilan birga sodir bo‘ladi, buning natijasida avariya (nonormal) holatida ishlayotgan jihoz va uskunalar nosoz holga keladi;

     - elektr energiya tizimining asosiy tugunlarida (avtotransformatorlarda) kuchlanish darajasining pasayishi tufayli generator va sinxron kompensatorlar faoliyatida reaktiv quvvat yuklamasining yetishmasligi (yoki haddan tashqari yuklanishi), generator va sinxron kompensatorlarning aktiv va reaktiv kuchlari noto‘g‘ri taqsimlanishi, elektr energiyasi iste’molchilarining tarmoqqa haddan tashqari ko‘p ulanishi, energouzellarda quvvat oqimlari ko‘payishi;

     - energiya iste’molining intensiv o‘sishi tufayli tizimlararo tranzit quvvati oshishi tufayli energiya tizimining ayrim qismlarini generatorlarida asinxron rejim paydo bo‘lishi;

     - tarmoqlararo tizim va tarmoq ichidagi tranzit elektr uzatish liniyalari va uskunalarida quvvat oqimlarining maksimal qiymatidan oshib ketishi va energotizimda paydo bo‘ladigan boshqa beqarorliklar tufayli yirik avariyalar sodir bo‘lishidir.

     Xo‘sh, energotizimda muvozanat saqlash shunchalik muhim ish ekan, ushbu talablarga rioya qilinmaganda sodir bo‘lgan yirik avariyalarga misollar bormi? Iste’molchilarga oqibatini tushuntirishda ular haqida misol keltirish eng maqbul yo‘l emasmi?

     To‘g‘ri fikr! Iste’molchilar dispetcherlik xizmati elektr ta’minotiga ayrim cheklovlarni kiritish orqali qanday talafot va ko‘ngilsizliklarning oldini olishga intilayotganini tushuntirishning eng yaxshi usuli shu. Misol tariqasida dunyo elektr energiya tizimlarida sodir bo‘lgan yirik avariya va ularning ham ma’naviy, ham moddiy, ham ekologik zararlari haqida bir nechta voqea-hodisalarni bayon qilamiz.

     2005-yil 25-may sanasi, Moskva...

     «Chagino» podstansiyasidagi avariya Rossiya tarixida 7 million aholi elektr ta’minotida uzilishga sabab bo‘lgan eng katta talafot deya qayd etilgan. Elektr tarmoqlari faoliyatidagi ushbu favqulotdagi holat Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahridan tashqari poytaxtning janubi-g‘arbiy hududlariga ta’sir ko‘rsatdi. Aniqrog‘i, Tula, Kaluga va Ryazan viloyatlarida ham elektr energiya ta’minoti tizimining izdan chiqishi kuzatilgan. Bir so‘z bilan aytganda, ertalabki yuqori iste’mol oqibatida yuzaga kelgan ushbu holat Moskva shahrining janubiy hududlari hamda Moskva viloyatida yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari avtomatik ravishda kaskadli o‘chish bilan yakunlangan. Rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva va Moskva viloyatidagi iste’molchilarning qariyb 26 foizi, Tula viloyati aholi va sanoat obyektlarining 87 foizi, Kaluga viloyatlaridagi iste’molchilarning 22 foizi elektr ta’minotisiz qolgan. Ryazan va Smolensk viloyatlarida ham elektr ta’minotida qisman uzilishlar kuzatilgan.

     Endi tasavur qiling: energotizimdagi avariya tufayli yirik megapolis deya atalmish Moskva shahrining 11 ming 706 ta binoga ega 5 ta ma’muriy tumani, shu bilan birga, 8 ming 814 ta turarjoy binolari (ko‘pqavatli uylar), 600 ga yaqin maktab va mingdan ortiq maktabgacha ta’lim muassasalari elektr ta’minotisiz qolgan. Bir soniya ichida birvarakayiga 33 mingta lift to‘xtab qolgan va uning ichida chorasiz qolgan 3 mingdan ziyod kishi qutqaruv xizmatiga murojaat qilgan. Elektr ta’minotisiz 28 ta tibbiy muassasalar (uchta tug‘ruqxona, bir nechta qon quyish markazi, shoshilinch jarrohlik va onkologiya shifoxonalari, bundan tashqari doimiy ravishda muzlatkichdan foydalanadigan o‘likxonalar (morglar) faoliyatida beqarorlik yuzaga kelgan. Shuningdek, ish faoliyati elektr energiyasining uzluksiz ta’minotiga bog‘liq bo‘lgan ichimlik suvi ta’minotida ham (30 ta nasos stansiyasi) uzilishlar kuzatilgan.

     «Chagino» podstansiyasidagi avariya tufayli Kaluga-Riga, Serpuxov-Timiryazevskaya, Lublin, Zamoskvoretskaya va Kalinin yo‘nalishlarida metro poezdlari to‘xtab qoldi (20 mingga yaqin yo‘lovchi 43 ta poezd tunnellarda sarosimada qolishgan). Favqulodda vaziyatlar vazirligining tezkor kuchlari bir necha soat davomida yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish bilan shug‘ullangan. Tez tibbiy xizmatlarga mavjud kunlik talabdan bir necha marotaba ko‘p murojaatlar qayd etilgan. Boshqa metro liniyalarida tirbandliklar yuzaga kelgan. Kursk, Paveletskiy, Kiev, Riga va Ryazan temiryo‘llarida 37 ta yo‘lovchi, 125 ta yuk va 700 ta shaharorti hududlarga qatnaydigan poezdlar to‘xtab qolgan.

     Mobil aloqa, bankomatlar ishida uzilishlar bo‘lgan, internetdan foydalanish, birjalarda savdo-sotiq, sanoat korxonalari faoliyatida tom ma’nodagi to‘xtash sodir bo‘ldi. Ekologiyaga ziyon keltirildi: tozalash inshootlaridan chiqqan oqava suvlarni Moskva daryosiga ruxsatsiz oqizishga majbur bo‘lindi. Moskva va uning atrofidagi ko‘plab korxonalar jiddiy muammolarga duch kelishdi. Petelino va Tula parrandachilik fermalarida bir milliondan ortiq parranda yo‘q qilindi, eritilgan nikel qotib qolganligi sababli Stupino metallurgiya zavodining eritish o‘choqlari ishdan chiqdi (keyinchalik pechlarni ta’mirlash qiymati 1 million dollarga baholandi).

     Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi strategik tadqiqotlar markazining ma’lumotlariga ko‘ra, favqulodda holat Moskvada 2 milliondan ortiq kishiga, Moskva, Tula va Kaluga viloyatlarida 5 millionga yaqin aholiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Moskva shahri hukumati yetkazilgan zararni 1 milliard 708 million 400 ming rublga, 25 maydan 30 maygacha davom etgan ish vaqtini (ish unumdorligi pasayishidan ko‘rilgan zararni) 3 milliard rublga baholadi. Moskva viloyati 504 million rubl miqdorida zarar ko‘rgan. Tula viloyati ma’muriyati 436 million 800 ming rubl zarar miqdorini hisoblagan. Rossiya temir yo‘llarining zararlari taxminan 650 million rublga baholandi.

     1977-yil 13-iyul, Nyu-York...

     «Xelloven», ya’ni «qo‘rquv kechasi» bayrami kuni tarmoqdagi yirik avariya oqibatida 9 milliondan ziyod aholi elektr ta’minotisiz qoldi. Fojia ro‘y berishiga ob-havoning favqulodda issiq kelishi va bayram kuni barcha sovutish hamda boshqa elektr jihozlaridan ommaviy tarzda keng foydalanishi sabab bo‘ldi. Jinoiy to‘dalar, sarosimali vaziyatdan foydalanib, shahardagi xonadonlarga bosqinchiliklar uyushtirishdi. Politsiya 3700 kishini hibsga olishga muvaffaq bo‘ldi, ammo bu zo‘ravon va qaroqchilarning kichik bir qismi edi. O‘sha kuni Nyu-Yorkda talonchi va vandallar tomonidan yetkazilgan zarar bir milliard dollarga baholandi. Shahar hokimiyati 9 million dollarni yo‘qotdi: 5 million soliq va yana 4 millioni qo‘shimcha ish uchun politsiya va o‘t o‘chiruvchilarga ustama to‘lashga majbur bo‘ldi. Elektron savdolar to‘xtatilgani tufayli Nyu-York birjalari 20 million dollardan ko‘proq zarar ko‘rdi. Bir kunda 2000 dan ortiq do‘konlar sarosimaga tushgan va undan foydalanib qolganlar tomonidan talon-taroj qilindi.

     1999-yil 6-iyul, Nyu-York...

     200 mingdan ziyod Manxetten aholisi 19 soat davomida elektr energiyasidan mahrum bo‘lishdi. Issiq havo tufayli elektr jihozlarining tizimga haddan ziyod ulanishi natijasida yuqori energiya iste’moli vujudga kelib, yirik avariyani keltirib chiqardi. Elektr ta’minotida jiddiy avariya sodir bo‘lganini bilgan huquq-tartibot kuchlari darhol xavfsizlik choralarini ko‘rishdi.

     2006-yil 5-noyabr, G‘arbiy Yevropa...

     Yevropa g‘arbida joylashgan qator mamlakatlarida millionlab odamlar elektr energiyasidan bebahra qolishdi. Energotizimdagi favqulodda holat yuz berishiga Germaniyada sovuq ob-havo tufayli iste’molning keskin o‘sishi sabab bo‘lgan. Energotizim to‘liq ishdan chiqishini oldini olish maqsadida elektr tarmoqlari avtomatik tarzda uzishlarni amalga oshirdi. Bu jarayon nafaqat Germaniya va Fransiyaga, balki Italiya, Belgiya va Ispaniyaga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Avariya tufayli nafaqat aholi va sanoat korxonalari, balki Yevropadagi tezyurar temiryo‘l tizimi ham ma’lum muddat ish faoliyatini to‘xtatishga, vagonlarda qolgan yo‘lovchilar xavfsizligi bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishdi.

     2009-yil 10-noyabr, Braziliya...

     Tizimdagi yirik avariya tufayli elektr ta’minotining uzilishi Braziliyada yashovchi 50 milliondan ortiq aholi turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Mamlakat iqtisodi hisobi oxiriga yetkazilmagan darajada zarar ko‘rdi. Aynan shu yirik avariya Urugvay energotizimida ham beqarorlik vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.

     2018-yil 25-mart, Yakutiya, Rossiya Federatsiyasi...

     Bahor oyining dastlabki oyidagi sovuq kunlarning birida Yakutsk shahridagi 2-sonli elektr stansiyasi faoliyatining bir qismi favqulodda to‘xtatildi. Natijada Yakutskning bir qismi va Yakutiyaning markaziy hududlarida istiqomat qiluvchi iste’molchilar avariya bartaraf etilgunga qadar elektr energiyasiz kun kechirishga majbur bo‘lishdi.

     2018-yil 3-iyul, Ozarbayjon...

     Yoz faslining dastlabki issiq kunlarida yuqori energiya iste’moli vujudga kelib, mamlakat elektr energiya tizimida yirik avariya yuz berdi. Buning natijasida Ozarbayjonning 39 ta shahri va viloyatlarida elektr ta’minoti uzoq muddatga uzildi.

     Bunday favqulodda o‘chirishlar paydo bo‘lishining asosiy sabablari energiya uskunalarining haddan tashqari yuklanishi hamda mavjud quvvat va elektr energiyasi ta’minotida muvozanatining buzilishidir. Bunday tizimli avariyalarning oldini olish uchun elektr energiya tizimini muntazam ravishda rivojlantirib borish, iste’mol madaniyatini shakllantirish orqali mamlakatda energiya samaradorligini oshirish, modernizatsiya (zamonaviy, yangi uskunalarni o‘rnatish), tizimni muqobil energiya turlari bilan boyitib borish va energotizim faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilotlarda yangi texnologiyalarni joriy etish orqali mehnat unumdorligini oshirish hamda texnologik sarflarni kamaytirishga erishish talab etiladi.

     Albatta, yuqorida sanab o‘tilgan masalalar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan va muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tegishli qarorlari bilan belgilab berilgan energetika tizimi uchun istiqbolli vazifalardir. Yana bir muhim masala shuki, mamlakatimizning elektr energiya tizimida avariyalarning oldini olish uchun Milliy dispetcherlik markazi tunu kun, to‘rt fasl, o‘n ikki oy davomida elektr rejimlarini, ya’ni elektr ishlab chiqarilishi va bir vaqtning o‘zida iste’mol qilinishini onlayn rejimida nazorat qilib borishi lozim. Bunday nazorat elektr energiyasini iste’mol qilish va ishlab chiqarish o‘rtasidagi mutanosiblikni doimiy ravishda ta’minlash va energiya uskunalarini haddan tashqari yuklanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, aniqrog‘i yuqorida misollar tariqasida keltirilgan yirik avariya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun kerak, zarur va shart.

      Hukumatimiz tomonidan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholi va yuridik iste’molchilarini elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish va kelgusida mavsumiy iste’mol hajmini oldindan aniqlash imkoniyatini yaratadi.

     Agar iste’molchilar elektr energiya tizimidagi barcha resurslardan oqilona foydalanmasa va bu orqali energotizimda muvozanat ta’minlanmasa, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tashkilotlarining dispetcherlari o‘z faoliyatidagi tartibga muvofiq cheklovlar o‘rnatadi. Agar bu muvozanat hududiy nazoratchilar tomonidan amalga oshirilmasa, ya’ni ma’lum jadvalga asosan cheklovlar o‘rnatish orqali muvozanat saqlay olinmasa yoki ular tomonidan markaziy dispetcherlik boshqaruvi ko‘rsatmalariga amal qilinmasa, energotizim xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan yuqori kuchlanishli elektr liniyalari tarmoqdan vaqtincha uzib qo‘yiladi. Aniqrog‘i, bunday amaliyot qo‘llanilishiga majbur bo‘linadi. Agar hududiy dispetcherlar ma’lum jadval tartibiga asosan, tegishli texnik-muhandislik qoidalariga binoan past kuchlanishli elektr tarmoqlarida energotizim balansini ta’minlasa (0,4 kV, 6-10 kV), markaziy dispetcherlik boshqaruvida favqulotda qaror qabul qilinishiga hojat bo‘lmaydi.

     Belgilangan cheklovlar hududiy elektr tarmoqlari tomonidan bajarilmagan taqdirda tizimdagi yirik avariyalarning oldini olish uchun (35 kV va 110 kV) «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tarkibidagi Milliy dispetcherlik markazi tomonidan katta hududlar elektr ta’minotidan uzib qo‘yiladi. Bu amaliyot hukumat tomonidan tasdiqlangan elektr energiya xavfsizligi qoidalariga binoan amalga oshiriladi. Natijada, yirik talafot keltirishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalar hamda jiddiy iqtisodiy zararlarning oldi olinadi.

     Demak, cheklov kiritilishi, energobalansni zudlik bilan tiklash va tarmoqga ulangan iste’molchilarni talabini qondirish uchun qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirish uchun  zarur bo‘ladi.

     Shuni alohida ta’kidlash joizki, elektr energiya tizimi uzoq muddatli kompleks rivojlanishi, barcha turdagi ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi zarur. Yozgi mavsumning yuqori daraja iste’moli hamda kuz-qish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun barcha zarur choralar ko‘rilishi talab etiladi. Kundalik dispetcherlik boshqaruvi iste’molchilarni sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash tizimida o‘ziga xos nazoratchi vazifasini o‘tamog‘i lozim. Yuqori iste’mol darajasi paydo bo‘lib, uskunalarda haddan ziyod yuklanish paydo bo‘lishi oqibatida tizimning ishdan chiqish xavfi vujudga kelsa, iste’molchilar kichik bir qismini ta’minotdan uzish orqali ko‘psonli iste’molchilarning ta’minoti ta’minlanishi — o‘sha nazoratchilar zimmasidagi muhim vazifa.

     Iste’molchilarning ma’lum to‘lov evaziga elektr energiyasidan foydalanish huquqidan tashqari energiyatejamkorlik va energiyasamaradorlik masalasida ma’lum majburiyatlari ham bor. Aynan shu narsa iste’molchilar tomonidan unutib qo‘yilmoqda. Tejamkorlik va samaradorlik iste’molchining ekotizimga ko‘rsatayotgan sa’y-harakatidan tashqari o‘zi uchun iqtisodiy manfaat ekanligini ham unutmaslik lozim. Ammo behuda sarflanadigan energiya koni zarar: kech tushgandan ertalabgacha hovlidagi bir nechta chiroq yoniq turadi, ko‘p qavatli binolarning kirish qismida ham nechta yoritkich bo‘lsa, barchasi yoqilgan turadi. Foydalanilmagan paytlarda ham televizor, radio, kompyuter, batareya quvvatlagich va boshqa elektr jihozlarini iste’molga ulangan holda qoldiramiz.

     Energiya tejamkor bo‘lmagan elektr jihozlaridan foydalanish hamda eskirgan texnologiyalardan foydalanish oqibatida iqtisodiyotimizga zarar keltiramiz. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish, aniqrog‘i uni o‘g‘irlash orqali iste’molni boshqarish va nazorat qilish tizimidan tashqari qancha-qancha elektr energiyasi sarf qilinadi. Natijada iste’mol asossiz ravishda oshadi, quvvat bloklari, magistral havo liniyalari, transformator podstansiyalari va elektr uzatish tarmoqlarining ortiqcha yuklanishi kuzatiladi. Bu, o‘z navbatida, tizimdagi avariyalarning paydo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoit yaratishi turgan gap.

     Bunday isrofgarchilik, ortiqcha harajat va mehnatni kamaytirishning yagona yo‘li shu — iste’mol madaniyati darajasini yuksaltirish, energiya tejamkorligi va samaradorligiga bog‘liq amaliyot va tushunchalarni kundalik hayotimizga olib kirish. Bu haqda ko‘p va xo‘p gapirish, jamoatchilik e’tiborini tortish, davlat tomonidan tegishli qaror va majburiyatlarni joriy etish bugungi kun talabidir.

     Bizdan atigi bir narsa — atrof-muhit tozaligini saqlash, o‘z farzandlarimiz va kelajak avlodlarimiz sog‘lig‘ini asrash, jamiyatimiz ravnaqi va jonajon yurtimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan elektr energiya sarfi, undan oqilona foydalanish va tejamkorlik madaniyatini yuksaltirish masalalariga ongli munosabatda bo‘lishimiz davr talabidir.

 

Eso Sadullayev, texnika fanlari nomzodi

t.me/uzmetaxborotxizmati

>