Yangiliklar
XORAZMDA INVESTITSION LOYIHANING II BOSQICH ISHLARI AMALGA OSHIRILMOQDA
  • 21.11.2019
  • 818

     Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan Osiyo Taraqqiyot Banki ishtirokida 220 kVli «Taxiatosh» issiqlik elektr stansiyasidan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi yashash punktigacha elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-iyundagi PQ-2541-sonli qaroriga asosan amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning qurilish-montaj ishlarida 300 nafardan ziyod mutaxassis-xodimlar ishlayotgani, qurilish obyektida jami 498 dona ustun o‘rnatish ishlari tugallanib, 145 km uzunlikdagi 220 kV havo liniyasini qurish ishlari yakunlangani, unda 6 ta pudratchi tashkilotla va 96 ta maxsus texnika ishlayotgani haqida avvalroq xabar bergan edik.

     Loyiha haqida ma’lumot berilganda shuni alohida ta’kidlash lozimki, Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan podstansiya va elektr uzatish liniyasiga zamonaviy uskuna va zarur jihozlar sotib olish rejalashtirilgan bo‘lib, qurilish ishlari boshlangandan buyon xorijiy investor — OTB tomonidan 9,9 mln. AQSh dollari miqdorida mablag‘lar ajratilgan. «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan esa 2,94 mln. AQSh dollari miqdorida sarmoya sarflangan.

     Bugungi kunda obyektda jami 498 dona magistral elektr tarmoq ustunlari o‘rnatish amaliyoti tugallanib, 145,0 km uzunlikdagi 220 kV li havo liniyasi qurilish ishlari yakunlandi.

     Ayni kunlarda loyihaning II bosqichi qizg‘in pallada davom etmoqda. Aniq raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 116 dona temir ustunlar, 75 dona temir-beton tayanch ustunlar, jami 191 dona ustunlar o‘rnatildi. Hozirda 43 dona temir ustunlar yig‘ilgan holatda o‘rnatish jarayoniga shay turibdi.

      Bugungi kunda mazkur loyiha doirasida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari asosiy va pudratchi tashkilotlar tomonidan qanday bajarilganini sarhisob qilsak, raqamlar quyidagi jadvalni aks ettiradi:

 

  №  

Pudratchi tashkilotlar nomi

Bajarilgan ish hajmi

1.

«Elektrtarmoqqurilish» AJ

43 dona temir ustunlar o‘rnatildi va 23 dona temir ustunlar yig‘ildi

2.

«Elektrqishloqqurilish» AJ

35 dona temir ustunlar o‘rnatildi va 8 dona temir ustunlar yig‘ildi

3.

«O‘zqishloqelektrqurilish» AJ

13 dona temir ustunlar o‘rnatildi va 12 dona temir ustunlar yig‘ildi

4.

«Magistraltarmoqqurilish» filiali

11 dona temir ustunlar o‘rnatildi

5.

«Elektroapparat» AJ

12 dona temir va 75 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi

 

     Ishlarni jadallashtirish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan viloyat magistral elektr tarmoqlari filiallaridan jami 100 nafar ishchi-xodimlar ushbu loyihaning qurilish-montaj ishlariga jalb qilingan.

     Mazkur loyiha Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida istiqomat qiluvchi aholi, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, kichik va o‘rta biznes hamda sanoat korxonalarini sifatli elektr energiyasi bilan muntazam ravishda ta’minlashni kafolatlash uchun xizmat qiladi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>