Yoshlar siyosati
PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEV VA O‘ZBEKISTON YOSHLARI
  • 01.07.2021
  • 2105

  Yoshlar va talabalar forumida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yigit-qizlarimizning turli sohalardagi muvaffaqiyatlari bilan tanishdi va yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.

  Shavkat Mirziyoev:

  Ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qo‘shimcha 2 mingta kvota ajratiladi va ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, yosh oilalarning ipoteka kreditini qaytarishga to‘lagan mablag‘lari daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.

“Daftarlar”ga kirgan oilalarning yangi turmush qurayotgan farzandlariga o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy tiklashi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, “Temir daftar”da qayd etilgan oilalarning har bir farzandiga o‘quv qurollari va maktab formasi sotib olish uchun avgust oyida 500 ming so‘mdan moddiy yordam beriladi.

Shavkat Mirziyoev:

  Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish doimiy e'tiborimiz markazida bo‘ladi.

Farzandlarimizga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlarni ko‘paytirish va ularning mualliflarini rag‘batlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, mualliflar uchun birinchi o‘ringa – 100 million so‘m, ikkinchi o‘ringa – 75 million so‘m, uchinchi o‘ringa – 50 million so‘m mukofot beriladi.

 Shavkat Mirziyoev:

  Bo‘stonliq tumanida O‘zbekiston metallurgiya kombinatining “Yoshlik oromgohi” negizida yil davomida faoliyat yuritadigan Respublika iqtidorli yoshlar oromgohi tashkil etiladi.

Bu maskanda yoshlarimiz yil davomida aniq fanlar bilan birga, badiiy adabiyot, tasviriy san'at va musiqa bo‘yicha ham bilim va malakasini oshiradilar.

Har bir viloyat va tumanda “Chavandozlar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Joylarda sport to‘garaklarini tashkil qilayotgan murabbiylarga inventar sotib olish uchun subsidiya ajratiladi, bo‘sh turgan binolar imtiyozli asosda ijaraga beriladi.

Shuningdek, kamida 100 nafar yoshlarni sportga muntazam jalb qilgan murabbiylarga byudjetdan oylik to‘lash tartibi joriy etiladi.

Ilgari muhtoj bo‘lib, umidsizlikka tushib qolgan, "Yoshlar daftari" orqali o‘z ishini boshlagan Aziza Samig‘ova endi zamonaviy uyda yashaydi. Unga hurmatli Prezidentimiz 3 xonali uy sovg‘a qildi.

  Shavkat Mirziyoyev:

  Yurtimiz bo‘ylab 6 millionga yaqin g‘ayrati baland, intiluvchan o‘g‘il-qizlarimiz ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan festivallar, barcha yoshlarimiz uchun yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik ko‘rigi bo‘ldi.

Ushbu festivallar bundan buyon nafaqat viloyat markazlarida, balki har bir tuman va shaharda o‘tkazib boriladi, ularda ko‘tarilgan masalalar yechimi bo‘yicha har yili Hukumat alohida dasturlar qabul qiladi.

  Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakati saflarida siz, aziz yoshlarimizning qudratli to‘lqin bo‘lib maydonga chiqayotganingiz alohida tahsinga sazovordir.

  Shavkat Mirziyoyev:

  Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek singari ulug‘ allomalar, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi shoir va mutafakkirlar, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriydek ma'rifatparvar adib va olimlar o‘zlarining mashhur ilmiy kashfiyotlarini, o‘lmas badiiy asarlarini aynan sizlarning yoshingizda yaratganlarini hammamiz yaxshi bilamiz va bu bilan faxrlanamiz.

Bizning tomirlarimizda ana shunday ulug‘ bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari bo‘lish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Endigi muhim vazifamiz – mana shunday farzandlarimiz orasidan yangi avlod Beruniylarini, Ibn Sino va Ulug‘beklarini, Xorazmiy va Farg‘oniylarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat.

Bu yo‘nalishda “Beruniy izdoshlari”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Alisher Navoiy davomchilari” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

  Shavkat Mirziyoyev:

  So‘nggi yillarda yoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratmoqdamiz.

Xabaringiz bor, yaqinda taniqli siyosatchi, Parlamentlararo Ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong boshliq rasmiy delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Suhbat chog‘ida u kishi bir fikrni afsus bilan ta'kidladi. Ya'ni, sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo bo‘yicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekan.

Oliy martabali mehmon O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi.

Siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etamiz.

Xalq deputatlari kengashlari tavsiyasi asosida yosh, g‘ayratli, fidoiy o‘g‘il-qizlarimiz bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi.

Shu bilan birga mahalliy kengashlarda ham xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi.

  Shavkat Mirziyoyev:

  Iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantiramiz.

Shu bilan birga, ko‘plab iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qimoqda, ilm-fan bilan shug‘ullanmoqda, yirik va yetakchi kompaniyalarda ish olib bormoqda.

Biz ana shunday yuksak bilim va malakaga ega yoshlarimizni Vatanimizga kelib ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz.

Ularni rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida belgilash, uy-joy ajratish, munosib maosh to‘lash bo‘yicha yangi tizimni joriy etamiz.

  Shavkat Mirziyoyev:

  Yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qat'iy davom ettiramiz.

Buning uchun, viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydilar.

Joriy yildan boshlab bunday iqtidorli yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘taydi.

Shuningdek, xalqaro nufuzli reytinglarda min?talikka kirgan oliygohni tuggatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Shavkat Mirziyoyev:

Xabaringiz bor, keyingi paytlarda kelajagimiz egalari bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi – “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” hayotga tatbiq etilmoqda.

Olib borilgan amaliy ishlar natijasida o‘tgan 8 oy mobaynida “Yoshlar daftari”ga kirgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari bo‘lgan 2 mingdan ziyod talabalarning kontrakt puli to‘lab berildi.

Bundan buyon, har qanday investitsiya loyihasining bosh maqsadi avvalo yoshlar bandligi masalasini hal etishga qaratilishi kerak. Bu hamma joyda, o‘zgarmas qoidaga aylanishi zarur.

  Shavkat Mirziyoyev:

  Maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan buyon, maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida bo‘ladi.

Bu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat ta'lim tashkilotlari bilan birga yo‘lga qo‘yiladi.

  Shavkat Mirziyoyev:

Joriy yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston, Andijon, Samarqand, Sirdaryo va Navoiyda yoshlar texnoparklari foydalanishga topshiriladi.

Kelgusi yili Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona, Xorazm va Surxondaryoda ham shunday texnoparklar barpo etiladi.

Shuningdek, yoshlarning startap g‘oyalarini saralab olishning ochiq-oshkora tizimi yo‘lga qo‘yilib, eng yaxshi loyihalarni moliyalashtirishga kelgusi yilda byudjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratamiz.

Viloyat hokimlari yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap loyihalari tanlovini joriy etib, har bir tumandan kamida uchtadan g‘oliblarga mahalliy byudjetdan grantlar berib boradi.

Bitta grantning summasi o‘rtacha 50 million so‘mni tashkil etadi.

Shavkat Mirziyoyev:

  Yoshlarni biznesga o‘qitish, “Loyihalar fabrika”larida yangi g‘oyalar asosida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish bo‘yicha doimiy ishlaydigan hamda yoshlarga qulay va qiziqarli bo‘lgan yangi tizimni yaratish zarur.

Xorijdagi yoshlarimizga Vatanimizga qaytib ishlash, o‘z biznesini tashkil etish, ularni uy-joy sharoitlariga yordam berish yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Ushbu ishlarni moliyalashtirish maqsadida, byudjetdan qo‘shimcha 100 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Milliy bank, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo sanoat palatasi nufuzli xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish bo‘yicha yangi biznes maktab tashkil etsin.

Kelgusi yildan ushbu biznes maktabning barcha hududlarda filiallari ochiladi.

Shavkat Mirziyoyev:

  Iqtidorli, lekin oliygohda kontrakt asosida o‘qish imkoniyati bo‘lmagan yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yaratamiz.

Ma'lumki, bugungi kunda ota-onalar farzandini oliygohda o‘qitish uchun 22-28 foiz stavkada ta'lim kreditini 3 yil muddatga olmoqdalar.

Lekin bu hammaga, ayniqsa, uzoq va chekka joylarda yashaydigan oilalarga og‘irlik qilayotgani ham bor gap.

Shuni hisobga olib, yangi o‘quv yilidan barcha uchun ta'lim krediti imtiyozli shartlarda 7 yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasida, ya'ni joriy yilda 14 foiz stavkada ajratiladi.

Bunga qo‘shimcha ravishda, ta'lim kreditlarini qoplash uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar daromad solig‘idan ham ozod qilinadi.

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga oliygohdagi o‘qishning birinchi yili uchun, kontraktni byudjetdan to‘lab berish tartibi joriy etiladi.


"Yangi umid" – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining navbatdagi loyihasi. Loyiha qahramonlari "Ayollar daftari" ularga yangi umid bag‘ishlagani haqida hikoya qiladi.

"Yangi umid" loyihasining ikkinchi soni. Loyiha qahramoni- Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi yolg‘iz ona Shoira Jo‘raboyeva  "Ayollar daftari"da ko‘zda tutilgan ijtimoiy himoya uning hayotiga qanday yengilliklar olib kirgani haqida so‘zlaydi.


Manba: https://t.me/Press_Secretary_Uz


✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>