Yangiliklar
Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida o‘zaro manfaatli bitimlar imzolanishi kutilmoqda
  • 01.06.2021
  • 864

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburg shahriga yo‘l oldi.

 

  Ertaga, 2021-yil 2-iyun kuni Rossiya Federatsiyasining madaniy poytaxti — Sankt-Peterburg shahrida an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan xalqaro iqtisodiy forum o‘z ishini boshlaydi. Forumda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov ham ishtirok etadi. Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi 2–5 -iyun kunlari davomida o‘tkazilib, bu yilgi xalqaro tadbir biznes dasturi ham an'anaga ko‘ra dunyo hamjamiyati va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyoti, ijtimoiy muammolar yechimi va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlanadi.

 Ko‘pchilikka ma'lumki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Rossiya Federatsiyasining bir nechta nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Misol uchun, “Rosseti”, “Iks-Xolding”, Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Sankt-Peterburg malaka oshirish instituti, Janubiy Ural armatura zavodi va boshqa nufuzli kompaniya hamda institutlar shular jumlasidandir.

 E'tiboringizga SPXIF — Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi va uning tashkilotchilari, xalqaro tadbirdan ko‘zlangan maqsad, uning ahamiyati va qisqacha tarixi haqidagi foydali ma'lumotlarni taqdim etamiz.

 

 

 

 Maqsadi

  Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPXIF) global iqtisodiyotning dolzarb muammolarini muhokama qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yechimlarni topish uchun tashkil etilgan dunyodagi yetakchi platformalardan biridir. Forumning asosiy vazifasi Rossiya Federatsiyasi va xalqaro hamjamiyat o‘rtasida o‘zaro manfaatli muloqot orqali biznesni rivojlantirishning amaliy vositasi bo‘lib xizmat qilishdan iboratdir.

 Ahamiyati

  SPXIF 1997-yildan beri o‘tkazilib kelinmoqda. Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur xalqaro tadbir 2006-yildan boshlab Rossiya Federatsiyasi Prezidenti homiyligi hamda ishtirokida o‘tkazilmoqda.

  Bu yilgi tadbir Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablarini hisobga olgan holda, Tashkiliy qo‘mita tomonidan puxta ishlab chiqilgan dastur asosida, (COVID–19) — koronavirus infeksiyasining tarqalishining oldini olish bo‘yicha xavfsizlik choralariga qat'iy rioya qilingan holda tashkil etilgan. Forum doirasida samarali mehnat qilish, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish, bundan tashqari, boy madaniy va sport dasturlarida qatnashish uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

 Imkoniyatlari

  Roskongress fondi — ijtimoiy yo‘nalishga ega, moliyaviy maqsadlarini ko‘zlamagan  rivojlantirish institutidir. U Rossiya Federatsiyasi Prezidentining qaroriga binoan tashkil etilgan bo‘lib, biznes, sport, ijtimoiy va madaniy tadbirlarni o‘tkazishga ixtisoslashgan xalqaro ko‘rgazmalarning eng yirik tashkilotchisi hisoblanadi.

  Mazkur jamg‘arma 2007-yilda iqtisodiy salohiyatni rivojlantirish, milliy manfaatlarni ilgari surish va xalqaro maydonda Rossiyaning obro‘sini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. Fond, shuningdek, Rossiya va jahon iqtisodiy faoliyati kun tartibidagi masalalarni har tomonlama o‘rganadi, tahlil qiladi, shakllantiradi hamda biznes doirasidagi eng samarali xulosa va amaliyotlarni o‘z faoliyati doirasida qamrab oladi.

  Shu bilan birga, Roskongress fondi o‘z faoliyatining ma'muriy ta'minotni mustahkamlaydi, ishtirokchi tomonlar uchun biznes loyihalarni ilgari surish va investitsiyalarni jalb qilishni osonlashtiradi, ijtimoiy tadbirkorlik va xayriya loyihalarini rivojlantirishga yordam beradi.

  Ushbu jamg‘arma tadbirlari 208 ta mamlakat va hududlardan ishtirokchilarni birlashtiradi. Roskongress fondi tadbirlarida har yili 15 mingdan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari jamoatchilikka tadbir haqida turli tahliliy maqola va qaynoq yangiliklarni taqdim etadi. Biznes hamkorlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni xorijning 5 mingdan ortiq mutaxassislar tahlil etishadi. Bundan tashqari,  jamg‘arma tadbirlari doirasida 130 dan ortiq tashqi iqtisodiy sheriklar, dunyoning 70 ta mamlakatidagi yirik sanoat korxonalari, ishlab chiqaruvchilar, fermerlar va tadbirkorlik, moliya, savdo va biznes uyushmalari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatilgan.

 

 

 

Tarixi

  2018-yilda Roskongress jamg‘armasi tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar soni sezilarli darajada ortdi. Misol uchun, 2018-yilning 22–26-yanvar kunlari Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida «Rus uyi» («Russkiy dom») rasmiy Rossiya qarorgohi ochildi. «Rus uyi» 60 ta xorijiy davlatlardan mingdan ziyod mehmonlarni qabul qildi. Saytda 50 dan ortiq ishbilarmonlik tadbirlari va panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi, unda yirik tadbirkorlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

  O‘sha yilning 14–16-fevral kunlari esa Rossiya investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Bir necha yillardan beri mazkur Forum Rossiyaning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatini namoyish etish uchun an'anaviy maydonga aylangani e'tirof etildi. Bir so‘z bilan aytganda, 2018-yilda Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi o‘zining ko‘lam doirasi va natijalari bo‘yicha yangi bosqichga ko‘tarildi. Misol uchun, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe Forumning faxriy mehmonlari bo‘lishdi. Eng yirik biznes delegatsiya AQShdan — 550 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari ishtirok etishdi. Ishtirokchilar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Yaponiya hamda Fransiya delegatsiyalari egalladi. Asosiy biznes hamkorlar esa doimgidek ingliz, xitoy, nemis va shveytsariyalik tadbirkorlardir. Forumda 200 dan ortiq yirik xorijiy kompaniyalar rahbarlari, shu bilan birga 700 ta mahalliy kompaniyalar yetakchilari ishtirok etishdi. Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etgani alohida e'tirof etilgan.

 Bir so‘z bilan aytganda, 2018-yilgi SPXIFda umumiy qiymati 2,625 trillion rublga teng bo‘lgan (ma'lumotda tijorat siri bo‘lmagan bitimlar miqdor va shartnomalar imzolangan kunning rossiya rubli kursi bo‘yicha)  593 ta bitim imzolandi.

  Roskongress fondining 2018-yilda erishgan yana bir jihati shundaki, ushbu yilda jamg‘armaning axborot-tahliliy tizimi ishga tushirildi. Hozirda mazkur platforma Fondning hamkorlari ishtirokida faol rivojlanmoqda. Misol uchun, fond tadbirlarida 3685 ta ma'ruzachi va moderatorlar ishtirokida 862 ta sessiya faoliyat yuritdi, 231 ta tahliliy maqola, 153 ta mavzu uchun mo‘ljallangan interfaol bilimlar jamlanmasi to‘plandi.

  2018-yilda qo‘lga kiritilgan yana bir yutuq — bu Forum dasturi kun tartibiga ijtimoiy masalalarning kiritilishi. Ijtimoiy platformaning ahamiyati shundaki,  forum tadbirlari doirasida biznes, hukumat va fuqarolik jamiyati o‘rtasida barqaror muloqotni o‘rnatishga qaratilgan strategik tashabbus o‘z samarasini ko‘rsatdi. Qisqasi, ishbilarmon doira vakillari forum tadbirlarida ijtimoiy masalalarni ham muhokama etib, homiylik ishlarini olib borishiga erishildi.

 2017-yilning fevral oyida Sochidagi Olimpiya bog‘ining asosiy media markazida Rossiya investitsiya forumi (avvalgi Xalqaro investitsiya forumi) bo‘lib o‘tdi. Oldingi tadbirdan yarim yil o‘tganiga qaramay, ishtirokchilar soni 8 foizga oshdi va imzolangan shartnomalar miqdori 200 milliard rubldan oshdi.

  O‘sha yilning 29–30-mart kunlari Arxangelsk shahrida «Arktika — Muloqot hududi» Xalqaro Arktika forumi bo‘lib o‘tdi. Unda nufuzli mehmonlar hamda ishtirokchi kompaniyalar — 31 ta tashqi delegatsiyalar va 2400 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdilar. 

 

 

 

  Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, ertaga rasman o‘z ishini boshlaydigan xalqaro iqtisodiy forum nafaqat O‘zbekiston–Rossiya iqtisodiy aloqalarini mustahkamlaydi, balki O‘zbekiston taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan o‘zaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichiga chiqishiga turtki bo‘ladi. Xususan, Forum doirasida rejalashtirilgan uchrashuv va imzolanadigan bitimlar energetika sohasining taraqqiyoti, jumladan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari rivoji, tarmoqda raqamli texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirishga zamin yaratadi, deb umid qilamiz.

Ushbu ma'lumotnoma roscongress.org veb-sahifasi materiallaridan foydalanilgan holda tayyorlandi.

U.P.Urunov, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

https://uza.uz/oz/

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>