Yangiliklar
2020-YIL SARHISOBI: Elektr energetika tarmog‘i tunu kun xalqimiz xizmatida (№1)
  • 31.12.2020
  • 678

   O‘tib borayotgan 2020-yil nafaqat o‘zbek xalqi, balki jahon ahli uchun sinovli bo‘ldi. Koronavirus balosi bilan kurashish barchaga oson kechmadi. Yaratganga beadad shukrki, O‘zbekiston hukumati va xalqimiz bu ofat bilan kurasha oldi. Barcha sohalarda uning ta’siri sezilsa-da, Prezidentimiz yetakchiligida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli mamlakatimiz iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlashga erishildi.

   To‘g‘ri, yo‘qotishlar bo‘ldi. Odamlarimiz yaqinlaridan ayrildi... Ammo hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilgan ruhiy va ma’naviy madad, birdamlik va xayrixohlik, qolaversa, qo‘li gul shifokorlarimiz jonkuyarligidan bugungi kunda pandemiyani yengishga erishdik, desak o‘rinli bo‘ladi.

   Har galgidek, bizga yil yakunini sarhisob qilish va kelgusi yil rejalarini belgilash odatiy tusga kirgan. Xo‘sh, tugashiga sanoqli kunlar qolgan 2020 yilda Energetika vazirligi tizimidagi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati faoliyatida nima o‘zgarishlar bo‘ldi? Sohada qanday loyihalar amalga oshirildi? Mavsumga taraddud qanday kechdi?

   Albatta, bunday savollarning tug‘ilishi tabiiy. Keling, tizimdagi ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

   «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmoqlari hamda podstansiyalar orqali hududiy taqsimlovchi elektr korxonalariga uzatadi. Shuningdek, Jamiyat elektr energiyasi importi va eksporti, tarmoqda qurilish-montaj, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari, shu bilan birga yirik investitsion loyihalarni ham amalga oshiradi.

   Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 27-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tashkil etilgan mazkur aksiyadorlik jamiyati tarkibida 14 ta hududiy magistral elektr tarmoqlari filiallari, 2 ta «Energo-IT» va «Magistral elektr tarmoq qurilish» filiallari, 1 ta «O‘zenergoinjiniring» AJ loyihalash instituti, 2 ta «Energomaxsusavto» MCHJ va «Gridcon» MCHJ korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. bugungi kunda ushbu korxonalarda 5 ming nafarga yaqin mutaxassis hamda ishchi-xodim mehnat qiladi.

   Jamiyat tasarrufida 220-500 kuchlanishli 78 ta podstansiya va 10 180,0 km uzunlikdagi havo elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasini uzatish xizmati amalga oshirib kelinmoqda.

   Magistral elektr tarmoqlari ob’ektlarini 2020/2021-yil kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, tadbirlar to‘liq va sifatli tugatildi.

   Respublikaning iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va biznes sub’ektlari hamda aholining elektr energiyasiga ortib borayotgan talabini to‘liq qoplash, ya’ni ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini taqsimlovchi korxonalarga uzatishning ishonchliligini oshirish maqsadida, Jamiyat tassarufidagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya hamda rekonstruksiya qilish ishlarini jadal olib bormoqda. Xususan, joriy yilning 10 oyida podstansiyalarda jami 1500 MVA yangi quvvatlar yaratildi. Jumladan, modernizatsiya dasturi asosida 9 ta podstansiyada jami qo‘shimcha 1100 MVA quvvat ishga tushirilishi, yangi qurilishlar dasturiga asosan Toshkent viloyati aholisi va tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha quvvati 400 MVA yangi 220 kVli «Sirg‘ali» PS foydalanishga topshirilganini alohida ta’kidlash zarur.

   O‘tgan 1990-2016-yillar ichida yuqori kuchlanishli podstansiyalarning o‘tkazuvchanlik quvvati deyarli oshirilmagan, elektr tarmoqlar va podstansiyadagi uskuna-jihozlar faqat joriy va mavsumiy ta’mirlangan xolos. Oxirgi 3-4 yilda esa yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida ulkan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borildi. Birgina joriy yilda 1500 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi va o‘z-o‘zidan ma’lumki, bundan qurilish-montaj ishlari iste’molchilarimizning yildan-yilga, kundan-kunga elektr energiyasiga nisbatan oshib borayotgan ehtiyojini qoplash uchun xizmat qilmoqda.

   Mamlakatimizning shimoli-g‘arbiy hamda janubiy hududlarini elektr ta’minoti ishonchliligini mustahkamlash maqsadida «Taxiatosh IES»dan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi yashash punktigacha 220 kVli elektr uzatish tarmog‘i hamda O‘zbekiston –Afg‘oniston hukumatlararo kelishuvlariga binoan boshlangan investitsion loyiha – 500 kV «Surxon–Puli-Xumri» (Xo‘ja-Alvon) elektr uzatish tarmog‘ining qurilish ishlari o‘z nihoyasiga yetkazildi.

   Bundan tashqari, «Magistral elektr tarmoqlarning podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» loyihasi, «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi»dan 220 kV li havo liniyasini «Besopan» punktigacha 500 kVli gabaritda qurish» loyihasi, «500/220 kV li «Muruntau» podstansiyasini qurish va uchta 167 MVAlik transformatorlarini o‘rnatish» loyihasi, «O‘zbekiston Respublikasida 500 kVli G‘uzor – Regar (L-507) elektr uzatish liniyasini tiklash» loyihasi, «Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi»dan 220 kVli havo liniyasi hamda 220 kV li «Zafarobod» podstansiyasini qurish» loyihasi, «500 –220 kVli «Kolsevaya» podstansiya va elektr uzatish liniyalari qurilishi» loyihasi, «3 ta 167 MVA transformatorli 500/220 kVli «Oltinsoy» podstansiyasi qurilishi» loyihasi, 220 kVli «Amir Temur» podstansiyasi qurilishi va «G‘uzor» podstansiyasidan 220 kV kuchlanishli havo liniyasi qurish hamda boshqa bir nechta investitsion loyihalar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

   Magistral elektr tarmoqlarining bino va inshootlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalalari ham doimiy ishlarimizdan. Toshkent viloyatida «Adolat» podstansiyasi, Sirdaryo viloyatida «Feruz» va «Go‘zal» podstansiyalari, Jizzax viloyatida «Saribozor» podstansiyasi, Xorazm viloyatida «Xazorasp» podstansiyasi, Surxondaryo viloyatida 500 kVli «Surxon» va «Sherobod» podstansiyalari bino va inshootlari mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan bo‘lsa, Toshkent shahri va Andijon viloyati filialining yangi ma’muriy binosi zamonaviy uslubda qurilib, foydalanishga topshirildi.

   Muqobil energiya manbalari bo‘yicha investitsion loyihalar haqida to‘xtalib o‘tsak. Xususan, Karmanada 100 MVt quvvatli quyosh, Zarafshonda quvvati 500 MVtdan kam bo‘lmagan shamol, Nurobodda 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr, G‘ijduvon va Peshkuda quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol, Qorauzakda quvvati 100 MVtdan bo‘lgan shamol, Sherobodda quvvati 200 MVtdan kam bo‘lmagan fotoelektr hamda Kattaqo‘rg‘on va G‘allaorol tumanlarida quvvati 200 MVtdan kam bo‘lmagan quyosh elektr stansiyalari qurish loyihalashtirilgan. Quyosh va shamol evaziga elektr energiyasi ishlab chiqaradigan muqobil energiya manbalarining dastlabki yirik loyihasi 2021-yilning oxiri, 2022-yilning boshida o‘z mevasini bera boshlaydi.

   Ahamiyatli jihati, jamiyatning asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichi – mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan elektr energiyasini taqsimlovchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yetkazib berish 102 foizga bajarilganidandir.

   Bugungi kunda xodimlar malakasini oshirish davrimizning dolzarb masalasiga aylanmoqda. 2020-yil uchun jamiyatning tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi» asosida Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg malaka oshirish energetika instituti bilan olib borilgan muzokaralar natijasiga ko‘ra, pandemiya sharoitida 15 nafar podstansiya operativ xodimlarini, so‘ngra 20 nafar o‘rta bo‘g‘in rahbarlarini onlayn o‘qitishga erishdik. Davlatimiz rahbarining 2020-yiil 5-oktyabrdagi «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning 20 nafar mutaxassis-xodimi milliy dispetcherlik tizimini nazorat qilish va ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha (SCADA) va energiyani boshqarish tizimi (YeMS) joriy etilishi bo‘yicha o‘qitildi.

   Bundan tashqari, jamiyatda mavjud Ustoz-murabbiylar guruhi, ya’ni «O‘zbekiston MET» AJda mehnat faoliyati olib borayotgan, ilmiy darajaga ega mutaxassis-kadrlarning bilim-tajribasi hamda pedagogik mahoratidan foydalanib, pandemiya karantini e’lon qilingan pallada haftaning shanba kunlarida online rejimidagi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Shu bilan birga, jamiyat tasarrufidagi “Nurafshon” sanatoriyasida 2020-yil dekabr oyidan 2021-yil mart oyigacha malaka oshirish kurslari tashkil etilib, bu ishchi-xodimlarning sog‘lig‘ini tiklash barobarida ularning bilim-tajribasini oshirishga yordam bermoqda.

   Bugungi kunda «O‘zbekiston MET» AJda raqamlashtirish bo‘yicha bir nechta loyihalar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning moliyaviy-iqtisodiy faoliyat tizimi samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruvni optimallashtirish maqsadida ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi – ERP dasturini, shu bilan birga, dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish dasturiy-apparat kompleksi – SCADA dasturini joriy qilish bizning dolzarb vazifamizdir. O‘tayotgan yilda bu borada amalga oshirgan ishlarimiz kirib kelayotgan 2021-yilda o‘zining amaliy natijasini beradi, degan umiddamiz.

   Aziz vatandoshlar! Har qanday og‘ir vaziyatda xalq birdamligi muhim ekanini pandemiya sharoiti bizga yana bir bor ko‘rsatib berdi. Ilohim, pandemiya tufayli o‘tkazgan og‘ir sinovlar o‘tgan yilda qolsin. Yangi 2021-yil O‘zbekison davlati, hukumati va xalqi uchun eng omadli yil bo‘lib kirib kelsin.

 

Dadajon ISAQULOV, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi.

O‘zA

https://uza.uz/oz/

 

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>