Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tgan videoselektor yig'ilishida qishga tayyorgarlikda yo`l qo`yilgan kamchiliklarni hal etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalalari tanqidiy tahlil qilindi.
Xususan, tabiiy gaz va ko`mir ta’minotida noqonuniy harakatlarga yo’l qo`yilayotgani ko`rsatib o`tildi. Misol uchun, Muborakda g`isht ishlab chiqarish zavodi yer ostidan o`tgan gaz quvuriga noqonuniy ulanib, 4,3 million kub metr gazni talon-toroj qilgan. Bu 8 mingta xonadonning bir oylik gaz ta’minotidir.
Shuningdek, joriy yilda 74 ta tumandagi yirik gaz tarmoqlariga zamonaviy o`lchagichlar o`rnatilgani natijasida 2 mingdan ziyod ulgurji iste’molchilar tomonidan 7 million kub metr tabiiy gaz noqonuniy o`zlashtirilgani aniqlangan.
Shavkat Mirziyoyev: Muammolarni mahallabay kesimda chuqur o'rganish va hal qilish kerak
#16dec #uzbekiston24
Shulardan kelib chiqib, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklifi bildirildi.
– Bu yil qishni qanday o`tkazamiz? Bugun hamma rahbarlar shu savolga javob berishi kerak. Haqiqatan ham, muammolar juda ko'p. Ularni faqat mahallabay kesimda chuqur o`rganish va hal qilishgina natija beradi, – deya ta’kidladi Prezidentimiz.
Issiqlik ta’minotidagi 153 ta qozonxonani va 2 ming 802 kilometr tarmoqlarni ta’mirlash chora-tadbirlari belgilandi.
Davlatimiz rahbari is gazi va chaqnashlar bilan bog`liq noxush holatlarga to`xtalib o`tdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yong`inga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyatini tanqidiy ko`rib chiqib, tubdan isloh qilish, yong`inga qarshi profilaktika ishlarini kuchaytirish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Bosh vazir o`rinbosariga mavjud imkoniyatlarni to`liq safarbar etib, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, qish mavsumini betalafot o`tkazish bo`yicha vazifalar qo`yildi.
Videoselektor yig`ilishida yana bir dolzarb masala – aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash vazifalari atroflicha muhokama qilindi.
Narx-navoning oshishi keskin tanqid qilindi. Buning oldini olish bo`yicha qator topshiriqlar berildi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi hududlar kesimida tahlil qilindi. O`tgan oylarda narx-navo nisbatan oshgan viloyat va tumanlar ko`rsatib o`tildi.
Mutasaddi idoralarga har bir hududda shtablar tashkil qilib, bozorlarda narx-navo spekulyatsiyasi holatlarining qat’iy oldini olish vazifasi qo`yildi. Ichki va tashqi bozorlarda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari aylanmasini, narx-navosini, mavjud ehtiyoj va talablarni kunlik tahlil qiladigan idoralararo ishchi guruh tuzilishi belgilandi.
Yangi yil bayrami arafasida talab oshishini inobatga olib, rastalarni mahsulotlar bilan to`ldirish, dehqon bozorlari va yirik savdo ob’ektlarida yarmarkalar tashkil etib, ularga tovarlarni arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berish muhimligi aytildi.
Jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin o`zgarishi prognoz qilinmoqda. Shu bois, ichki bozorga asosiy turdagi tovarlarni kafolatli yetkazib berish uchun maxsus jamg`arma tashkil qilinib, 50 million dollar ajratilgan.
Ushbu mablag`lar hisobidan birinchi navbatda o`simlik yog`i va boshqa zarur mahsulotlarni sotib olib, kamida 3 oylik zaxira yaratish bo`yicha ko`rsatma berildi. Xuddi shunday ishlar hokimliklar qoshida tashkil etilgan jamg`armalar orqali ham amalga oshirilib, har bir hudud o`z zaxirasini shakllantirishi kerakligi ta’kidlandi.
Bosh vazirga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo`yicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish, ichki bozorlarni tahlil qilib, ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlarini intervensiya qilish, bu borada tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash vazifasi qo`yildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining
Axborot xizmati
"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati