Yangiliklar
"Oʻzbekiston MET" AJ "Dekarbonizatsiya uchun raqamlashtirish – elektr uzatish tarmogʻini takomillashtirish" loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirganligi uchun taqdirlandi
  • 26.04.2024
  • 45

Joriy yil 19-aprel kuni Toshkentda Osiyo taraqqiyot bankining respublikamizdagi barcha vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasidagi loyihalari portfelini koʻrib chiqishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda 2023-yil va 2024-yil 1-choragi yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

"Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ loyihalarni amalga oshirish boʻyicha eng samarali ijro agentligi sifatida topildi va "Dekarbonizatsiyani raqamlashtirish – magistral elektr tarmoqlarini takomillashtirish" loyihasi hayotga muvaffaqiyatli tatbiq qilina boshlanganligi eʼtirof etildi.

OTB tomonidan "Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJning samarali va muvofiqlashtirilgan holda tashkil qilingan faoliyati unga oldindan xarid qilish (advance procurement) tartibini qoʻllash imkonini bergani taʼkidlandi. Bu esa, oʻz navbatida, loyiha kredit shartnomasi kuchga kirgunga qadar 355 kilometr uzunlikdagi magistral elektr tarmoqlarini modernizatsiyalash boʻyicha xalqaro tender savdolarini yakunlash hamda gʻolib kompaniyalar bilan shartnoma imzolash imkonini berdi.

Tegishli sertifikat OTBning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonim tomonidan topshirildi.

Shuningdek, tadbir yakunida OTB vakillari tomonidan "Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ xodimlariga yuqori kasbiy mahorati va samarali mehnati uchun minnatdorlik bildirildi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/11207

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>