Yangiliklar
«O‘zMET» AJ: 23 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi
  • 06.04.2024
  • 47

Bugungi kunda Energetika vazirligi tizimida qator tashkilotlar va korxonalar faoliyat ko‘rsatadi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati ham vazirlik tizimidagi tashkilot hisoblanadi. U elektr energiyasi transportirovkasi, davlatlararo tranzitni amalga oshirish, elektr energiyasini eksport va import qilish, elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajarish, elektr energiyasini hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotish kabi vazifalarni amalga oshiradi. 

Jamiyat o‘zining 17 ta filialiga ega bo‘lib, 100 foiz ulushi bilan tashkil etilgan yana bitta mas’uliyati cheklangan jamiyati ham mavjud. Tashkilotning yagona aksiyadori Iqtisodiyot va moliya vazirligidir.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov ushbu tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi: 

– Qayd etilganidek, tashkilotimiz asosan elektr energiyasi transportirovkasi, davlatlararo tranzitni amalga oshirish kabi ishlarni bajarishga mas’ul hisoblanadi. Deylik, o‘tgan yilda magistral elektr tarmoqlari orqali 71,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi uzatilgan. Reja esa 101,3 foizga bajarilgan. 

Bugungi ehtiyojdan kelib chiqib, tizimda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari ham rejali amalga oshirilmoqda. Masalan, Modernizatsiya dasturi doirasida 7 ta podstansiyada 1452,3 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Shuningdek, magistral elektr tarmoqlari elektr qurilmalarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida 309 ta kuch transformatori, 1 ming 716 ta 110-220-500 kV kuchlanishli o‘chirgich, 25 ta kompressor qurilmasi, 5 ming 900 kilometrdan ziyodroq uzunlikdagi 110-220-500 kV kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlarida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari bajarildi.

Xarajatlarni qisqartirish, iqtisod qilish va optimallashtirish bugungi kun talablaridan. Bunday ishlar natijasida 348,6 milliard so‘m miqdorida mablag‘ iqtisod qilindi.

O‘z navbatida, Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi doirasida mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, ishlab chiqarishda yangi texnologiyalarni joriy etish muhim hisoblanadi. Shu maqsadda joriy yilda 24,4 milliard so‘m miqdoridagi 93 ta shartnoma cooperation.uz maxsus elektron portali orqali rasmiylashtirildi. Ulardan 5,6 milliard so‘m miqdordagi 91 ta shartnomaning xaridi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan amalga oshirildi. 

Joriy yilgi rejalarimizga kelsak, barcha sohalar bo‘yicha ishlarni o‘z vaqtda amalga oshirishga e’tibor qaratamiz. Unga ko‘ra, magistral elektr tarmoqlari orqali 74 milliard kilovatt soat elektr energiyasini uzatish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, 9150 ming kilovatt soat miqdorida elektr energiyasi iste’molini iqtisod qilish rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 1 915,7 million dollarga teng bo‘lgan 23 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ham joriy yilning muhim vazifalaridandir. 

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodulayeva 
yozib oldi. 

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>