Yangiliklar
Kecha elektr energiyasiga cheklovlar 700 MVtgacha oshirildi
  • 28.02.2024
  • 63

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jaev ma'lum qildi.

Kecha, 27-fevral kuni iste'molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot beramiz.

27-fevral kuni elektr stansiyalar orqali 240,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 3 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 43,7 mln kubometr tabiiy gaz, 26,7 ming tonna ko‘mir hamda 10,8 ming tonna mazut yoqildi.

Turkmaniston Respublikasidan 22 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

Respublika iste'molchilariga 232,8 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 3 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.

Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganligi hamda aholi iste'molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi tufayli 27-fevral kuni ham mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 700 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida ma'lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.

Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 27-fevral kuni ham uning iste'moli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 154,7 mln kubometrni tashkil qildi.

Tabiiy gaz bosimining hali-hanuz past ekanligi bu boradagi me'yoriy sxemaning to‘liq tiklanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Buxoro viloyatida sodir bo‘lgan avariyadan so‘ng magistral gaz quvurlarida gaz bosimi keskin tushib ketganining oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste'molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta'minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida qator zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, aholi va ijtimoiy soha ob'ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me'yorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kecha mamlakatimizdagi 561 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar ob'ektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 771 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta'minlanmoqda. Xususan, 27-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 5 ming 104 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 9 ming 605 tonna avtobenzin, 1 ming 566 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 5 ming 64 tonna avtobenzin, 774 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste'molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz ta'minotida yuzaga kelgan 5 ta nosozlik bartaraf qilindi.

Xususan, kecha soat 8 dan 8 daqiqa o‘tganida Toshkent viloyatida 500 kV kuchlanishdagi “L-502” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan. Buning oqibatida Farg‘ona energouzelida 240 MVtli iste'molchilar elektr ta'minotidan uzilgan. Soat 14 dan 14 daqiqa o‘tganida nosozlik bartaraf etilib, iste'molchilarning ta'minoti qayta tiklangan.

Soat 11 dan 17 daqiqa o‘tganida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanini gaz bilan ta'minlovchi D-159 mmli yer usti yuqori bosimli gaz quvurida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf qilish maqsadida 9 ming 360 ta aholi xonadoni va 145 ta ulgurji iste'molchining gaz ta'minoti vaqtincha to‘xtatildi. Soat 17 dan 10 daqiqa o‘tganida nosozlik to‘liq bartaraf qilinib, iste'molchilar oldindan ogohlantirilgan tarzda bosqichma-bosqich gaz ta'minotiga qayta ulandi.

Ta'kidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta'minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida mehnat qilayotgan 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

27-fevral kuni elektr ta'minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste'molchilardan 933 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta'minoti bo‘yicha kelib tushgan 278 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

Hurmatli yurtdoshlar, uyni isitishda ochiq olovdan aslo foydalanmanglar. Elektr va boshqa turdagi isitkich pechlarni ishlatganda, xonani tez-tez shamollatishga e'tiborli bo‘ling. Yoqilg‘i mahsulotlari – o‘tin va ko‘mirning yonishi uchun kislorod zarur. Ular yongani sayin xonada kislorod kamayib borishini unutmang. Bu is gazi hosil bo‘lishiga olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, is gazi hidsiz, rangsiz, ta'msiz bo‘ladi. U hayot uchun xavfli gazdir.

Qish mavsumini batalafot o‘tkazish uchun uyingizga, isitilayotgan xonangizga alohida ahamiyatli bo‘ling.

Energoresurslardan ham tejamkorlik bilan foydalanish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni o‘chirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Hurmatli iste'molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta'minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta'minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta'minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta'minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/42376

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>