Yangiliklar
Tabiiy gaz hajmi meʼyoriy sxemaga yaqinlashyapti
  • 23.02.2024
  • 71

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev maʼlum qildi.

Kecha, 22-fevral kuni isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida maʼlumot beramiz.

22-fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 244,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 4 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 42,3 mln kubometr tabiiy gaz, 21 ming tonna ko‘mir hamda 11,4 ming tonna mazut yoqildi.

Turkmaniston Respublikasidan 22,6 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

Respublika isteʼmolchilariga 240,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 6 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.

Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining avariya oqibatida keskin tushib ketganligi hamda aholi isteʼmolchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning bir necha marotaba oshishi tufayli 22-fevral kuni ham respublikamiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 550 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida maʼlum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.

Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 22-fevral kuni ham uning isteʼmoli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 154,6 mln kubometrni tashkil qildi.

Tabiiy gaz hajmi meʼyoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq gaz bosimining pastligi meʼyoriy sxemaning to‘liq tiklanishini kechiktiryapti.

Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika isteʼmolchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan taʼminlash hamda quvurlardagi bosimni bir meʼyorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kecha mamlakatimizdagi 481 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 239 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.

Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 22-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 332 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun qo‘yilgan 8 ming 415 tonna avtobenzinning 3 ming 439 tonnasi, 2 ming 100 tonna dizel yonilg‘isining esa 1 ming 281 tonnasi sotildi.

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida isteʼmolning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 2 ta nosozlik bartaraf qilindi.

Taʼkidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida mehnat qilayotgan 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

22-fevral kuni elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 492 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminoti bo‘yicha kelib tushgan 232 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

Shu o‘rinda isteʼmolchilardan tabiiy gaz hamda elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishlarini so‘raymiz. Zero, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni o‘chirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz, qolaversa, isrofgarchilikning oldini olishimiz mumkin.

Shu bilan birga, isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qatʼiy rioya etishlarini so‘raymiz.

Hurmatli isteʼmolchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz taʼminoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/42267

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>