Yangiliklar
Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda
  • 21.02.2024
  • 82

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati Hasan Toshxo‘jayev maʼlum qildi.

Kecha, 20-fevral kuni isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida maʼlumot beramiz.

 20-fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 246,6 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 105 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 41,7 mln kubometr tabiiy gaz, 24,8 ming tonna ko‘mir hamda 12,6 ming tonna mazut yoqildi.

 Turkmaniston Respublikasidan 20,1 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

 Respublika isteʼmolchilariga 239,1 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 105 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.

 Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining avariya oqibatida keskin tushib ketganligi hamda aholi isteʼmolchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning bir necha marotaba oshishi tufayli 20-fevral kuni ham respublikamiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 550 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.

 Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida maʼlum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.

 Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 20-fevral kuni ham uning isteʼmoli avvalgi kundagidan birmuncha ortib, 154,5 mln kubometrni tashkil qildi.

 17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol tufayli 110 kV kuchlanishga ega “L-Gazli-1” va “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi natijasida favqulodda to‘xtagan 10 ta gaz haydash agregati kecha bir maromda ishlamoqda. Biroq ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida magistral gaz quvurlaridagi bosim meʼyoriy sxemadagidan pastligicha qolmoqda.

Hozirgi vaqtda “L-Gazli-2” tarmog‘ida elektr taʼminoti to‘liq tiklandi. “L-Gazli-1” elektr uzatish tarmog‘ining bir qismida taʼmirlash ishlari davom etmoqda.

Taʼkidlash joizki, 17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol oqibatida mazkur tarmoqlar jiddiy shikastlangan bo‘lib, ularni taʼmirlash-tiklash ishlari murakkab ob-havo sharoitlarda og‘ir kechyapti.

 Tabiiy gaz hajmi meʼyoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq sovuq ob-havo tufayli gaz bosimining pasaygani meʼyoriy sxemaning to‘liq tiklanishini kechiktirmoqda.

 Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika isteʼmolchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda.

 Xususan, gaz bosimining kamayishini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida mamlakatimizdagi barcha metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bugun ham davom etadi.

 Kun davomida vaziyat ijobiy tarafga o‘zgarib, qaysidir hududda metan zapravkalar faoliyati oldindan belgilangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilsa, bu haqida Energetika vazirligining rasmiy axborot resurslari orqali alohida xabar beriladi.

 Kecha mamlakatimizdagi 384 ta metan zapravka orqali ijtimoiy sohalar – tibbiyot muassasalari, jamoat transportlari hamda shu kabi boshqa obyektlarga tegishli avtomobillarga 2 million 53 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi. Bunda asosiy urg‘u barcha hududlarda jamoat transportlarining uzluksiz qatnovini taʼminlash va aholi uchun yo‘lkira narxlarining asossiz oshib ketishini oldini olishga qaratildi.

 Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 20-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 756 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun qo‘yilgan 8 ming 630 tonna avtobenzinning 4 ming 481 tonnasi, 2 ming 100 tonna dizel yonilg‘isining esa 1 ming 366 tonnasi sotildi.

 Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

 Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida isteʼmolning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

 Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab qattiq shamol va kuchli qor yog‘ishi tufayli elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 8 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.

 Taʼkidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida mehnat qilayotgan 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

 20-fevral kuni elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 478 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

 Tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminoti bo‘yicha kelib tushgan 403 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

 Shu o‘rinda isteʼmolchilardan tabiiy gaz va elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishlarini, zaruratsiz ishlayotgan ortiqcha quvvatlarni o‘chirib yurishlarini iltimos qilamiz. Zero, elektr energiyasi rejadagiga nisbatan ikki baravar ko‘p ishlab chiqarilgan taqdirda ham, agar tejamkorlik bo‘lmasa, cheklovlar kiritishga majbur bo‘linaveradi.

 Qolaversa, isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qatʼiy rioya etishlarini so‘raymiz.

 Hurmatli isteʼmolchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz taʼminoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/42201

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>