Yangiliklar
Press-tur: OAV vakillari Pekin shahrida Xitoy energetika kompaniyalari faoliyati bilan tanishishmoqda
  • 02.02.2024
  • 90

Xitoy Xalq Respublikasi energetika tizimi, unda qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar hamda raqamlashtirish jarayoni bilan tanishish maqsadida yurtimizdagi qator ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlarning mazkur mamlakat energetika kompaniyalariga press-turi tashkil qilindi.

Bugun, 1-fevral kuni press-tur qatnashchilari “China Energy Engineering Corporation” kompaniyasining Pekin shahridagi bosh ofisida bo‘lishib, ushbu xalqaro kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Mazkur kompaniya 2011-yili tashkil etilgan bo‘lib, unda 120 ming nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritadi. Uning umumiy aktivlari 154 mlrd AQSh dollariga teng bo‘lib, elektr energetikasi bo‘yicha dunyoning barcha qit'asidagi 140 dan ortiq davlatlarda loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Aytish joizki, hozirgacha kompaniya tomonidan ushbu yo‘nalishda umumiy 1060 GVt quvvatga ega 300 dan ziyod loyihalar ishga tushirilgan.

Press-tur chog‘ida ishtirokchilar kompaniyaning elektr stansiyalarini loyihalashtirish, qurish hamda ularga servis xizmati ko‘rsatish singari yo‘nalishlardagi tajribalari bilan tanishdilar. Issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektrostansiya singari an'anaviy elektr stansiyalari bilan bir qatorda, quyosh fotoelektr stansiyasi, shamol fotoelektr stansiyasi va atom elektr stansiyasi singari «yashil» energetika manbalarini qurish hamda saqlab turish borasidagi imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma'lumotga ega bo‘ldilar. Shuningdek, kompaniyaning yurtimizga investitsiya kiritish borasidagi faoliyati to‘g‘risida ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Mazkur kompaniya yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida umumiy qiymati 2 mlrd 450 mln dollarga teng loyihalarini amalga oshirmoqda.

Xususan, Sirdaryo viloyatida barpo etilayotgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi qurilishida pudratchi sifatida ishtirok etayotgan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on tumanida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobiga qo‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan (tabiiy gazni tejash uchun) zamonaviy, energiya samarador sement zavodini barpo etdi.

Kompaniya Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta quyosh fotoelektr stansiyasini barpo qilmoqda.

2023-yil 27-dekabr kuni ushbu elektr stansiyalarning dastlabki quvvatlari umumiy tarmoqqa ulandi va hozirgi kunda O‘zbekiston energetika tarmog‘iga ekologik toza “yashil” energiya yetkazib beryapti.

Bundan tashqari, Navoiy viloyatida quvvati 600 MVt bo‘lgan gibrid elektr stansiyasini (quyosh, shamol va elektr energiyasini saqlash tizimi) qurish loyihasini amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, Toshkent, Farg‘ona, Andijon hamda Namangan viloyatlari hududida 8 ta elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish loyihasi ro‘yobga chiqarilyapti.

Telegram | Facebook  | Instagram  | YouTube

Манба: https://t.me/minenergy_uz/10418

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>