Yangiliklar
Sheroboddagi quyosh fotoelektr stansiyasi davlat kafolatisiz yuz foiz xorijiy investitsiya evaziga qurilmoqda
  • 02.02.2024
  • 83

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Sherobod tumanida barpo etilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasida kuchli shamol tufayli quyosh panellariga zarar yetganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat 28-yanvar kuni yuz bergan boʻlib, fotoelektr stansiyasi hududida sodir boʻlgan kuchli shamol tufayli hali toʻliq oʻrnatilmagan quyosh panellarining 91 donasi yerga tushib ketgan.

Hozirgi vaqtda ularning texnik holati oʻrganilmoqda va yaroqli panellarni oʻrnatish ishlari ketmoqda.

Shuni taʼkidlash lozimki, loyiha doirasida 1 milliontaga yaqin quyosh panellarining oʻrnatilishi koʻzda tutilgan. Qurilish jarayoniga ikki mingdan ortiq mahalliy aholi jalb qilingan.

Qurilish jarayonida quyosh panellarining yaroqsiz holatga kelishi mumkinligi eʼtiborga olingan boʻlib, qoʻshimcha quyosh panellari zaxira sifatida olib kelingan.

Aytish kerakki, mazkur loyiha Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan 100 foiz xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda va unga Oʻzbekiston tomonidan hech qanday mablagʻ ajratilmagan.

Mahalliy jamoatchilik faollaridan ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri va tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmasliklarini iltimos qilamiz.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/10404

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>