Yangiliklar
Prezident: «Mahalliylashtirishda faqat tovarlar emas, xizmatlar bo‘yicha ham katta imkoniyatlar bor. Masalan, oxirgi besh yilda 9 ta energetika, neft-gaz va metallurgiya loyihalari ishga tushdi»
  • 18.01.2024
  • 108

Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish boshlandi.

Davlatimiz rahbari yalpi ichki mahsulotni oshirish bo‘yicha katta marra olinganini, lekin bunga faqat ichki investitsiya va ichki bozor bilan erishib bo‘lmasligini qayd etdi:

“Yagona to‘g‘ri yo‘limiz – xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va eksportni ko‘paytirish”.

Prezident bevosita investitsiya, sanoat va eksportga mas'ul 11 ta vazirlik va idora, 10 ta uyushma, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, bundan tashqari, barcha vazirlik, tarmoq va hududlarda eksport va investitsiyaga mas'ul rahbar o‘rinbosari faoliyat yuritayotgan investitsiyalar va tashqi savdo tizimining faoliyati juda sustligini ko‘rsatib o‘tdi.

Hozirgi murakkab vaziyatda tizimda investitsiya va eksport bo‘yicha chuqur tahlil yo‘qligi tanqid qilindi.

Asosiy bozorlarimiz bo‘lgan mamlakatlardagi devalvatsiya, jahonda ro‘y berayotgan ziddiyatlar va logistika hisobiga ularga eksport kamaygan.

Bunday murakkab vaziyat bugun yoki kecha boshlanmagani, Investitsiya vazirligi va tarmoqlar rahbarlari eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish ustida o‘z vaqtida bosh qotirmagani ko‘rsatib o‘tildi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>