OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Elektr va tabiiy gaz o‘g‘rilariga qanday choralar ko‘riladi? (+video)»
  • 09.01.2024
  • 163

Tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talabning oshishi tizimda ochiqlik va shaffoflik talabini ham qo‘ymoqda. Ayniqsa, bunda ta’minotchining mazkur manbalarni yetkazib berishiyu, iste’molchi undan qay darajada oqilona foydalanishi doimiy nazoratda. Shu sababli, iste’molchi tomonidan qandaydir noqonuniy holatlar sodir etilsa, bugun bu haqda ma’lumotlar ochiq va oshkora aytilmoqda.

Shu o‘rinda, Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarali  foydalanish borasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratdik.

Ayniqsa, ushbu davrda mazkur “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan 9 ming 446 ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari oshkor qilindi. Buning natijasida davlat va xalq manfaatiga 1 trillion 500 million so‘m miqdorida zarar keltirilgan. Shuningdek, назорат tadbirlarida elektr tarmoq xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalarida noqonuniy qurilgan 9 ming 57 ta obyekt aniqlandi.

Xo‘sh, mazkur holatlarni sodir etgan iste’molchilarga qanday choralar qo‘llaniladi? Ularni elektr tarmog‘idan uzish yoki zararni qoplash qay tarzda amalga oshiriladi? Nazorat tadbirlarida aniqlangan elektr tarmoq xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalarida noqonuniy qurilgan 9 ming 57 ta obyekt qay tartibda ko‘chiriladi?  

O‘zA muxbiri mazkur savollarga javob olish maqsadida “O‘zenergoinspeksiya” mutaxassislaridan intervyu oldi.

Dilshod KARIMOV – "O‘zenergoinspeksiya" neft-gaz obyektlarida texnologiya talablariga rioya etilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i: 

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Energetika vazirligi huzurida Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan “O‘zenergoinspeksiya”ning asosiy ustuvor vazifalari belgilangan. Unga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali foydalanish sohasida davlat nazorati kuchaytirildi. Endilikda inspeksiya tomonidan energiya resurslarini ishlab chiqarishdan boshlab to yakuniy iste’molchilar tomonidan samarali foydalanish jarayonlarida, ya’ni qayta ishlash, tashish, tarqatish, ularni sifat va miqdor jihatidan saqlanishi va ta’minlash sohasida barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amaldagi normativ, me’yoriy, huquqiy hujjatlarning bajarilishi nazorat qilinadi. Shuningdek,  energiya resurslaridan nooqilona va noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlaydi va bartaraf etadi. 

Avvallari energiya resurslaridan foydalanish sohasida nazorat tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning ruxsati bilan amalga oshirilar edi. Bugungi kunda Prezidentimizning tegishli qarori bilan bu kabi nazorat joyiga chiqqan holda o‘tkazilishi tekshiruv hisoblanmasligi belgilab qo‘yildi. 

Shuningdek, inspeksiya xodimlariga ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolati berildi. Qarorga asosan inspeksiyaga 357 ta shtat birligi berilgan edi. Lekin sohadagi ishlarni yanada samarali tashkil qilish maqsadida qo‘shimcha 120 shtat ajratildi. Hozirgi kunda viloyatlarda ham inspeksiyaning hududiy boshqarmalari faoliyat yuritib kelmoqda. 

2023-yilda inspeksiya tomonidan 4 mingdan ziyod iste’molchi tabiiy gazdan foydalanishda qoidabuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ygani aniqlandi. Ularga nisbatan tegishli chora ko‘rish uchun hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi. Mazkur holatlar tufayli 767 million metr kub tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgan va yetkazilgan zarar 748 milliard so‘mni tashkil qiladi. Prokuratura organlarida ham energetika sohasini nazorat qiladigan alohida boshqarma ochilgan. Inspeksiya ular bilan hamkorlikda doimiy ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazmoqda. Albatta, nazorat tadbiralari o‘z samarasini bermoqda. 

Hozirgi kunda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan iste’molchilar Jinoyat kodeksining 169-moddasiga asosan kvalifikatsiya qilinib, ularni qamoqqa olish chorasi qonun bilan belgilangan. Shuningdek, sifatsiz neft mahsulotlari sotadigan sub’ektlar ham jarimaga tortilmoqda.

Jamshid INATOV – "O‘zenergoinspeksiya" elektr va issiqlik energiyasi sohasida nazorat tadbirlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:

Elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olish, elektr hisoblagichlarni “aylanib o‘tish”, hisoblagichlar ishiga ta’sir ko‘rsatuvchi vositalardan foydalanish, iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qalbakilashtirish – energetiklarimiz bunday noqonuniy holatlarga juda ko‘p duch keladilar. Afsuski, energiya resurslarini o‘g‘irlash hamon jiddiy muammoligicha qolmoqda.

Yuqorida qayd etilganidek, 2023-yilda “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr hamda gaz ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 9 ming 446 ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Xususan,  767 million metr kub tabiiy gaz va 335 million kilovatt soat elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Buning natijasida davlat manfaatlariga jami 1 trillion 500 million so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, 1 ming 456 ta ma’muriy qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar “e-mamuriy ish” axborot tizimi orqali sud organlariga yuborildi.

Shu bilan birga, uy xo‘jaliklarida elektr energiyasini o‘g‘irlash ham ko‘p uchrab turadi. Bu bir qarashda tayyor foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, “o‘g‘ri” uchun u oxir-oqibat juda qimmatga tushadi. Yashirincha tarmoqqa ulanib olgan shaxs 100 ming so‘m, 200 ming so‘m tejab qolar, ammo bu holat fosh bo‘lgach, juda katta miqdorda jarima to‘lashiga yoki jinoiy javobgarlikka tortilishiga to‘g‘ri keladi. Unga ko‘ra, ma’muriy jazo – bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha jarima, qariyb 5 million so‘m, jinoiy jazo – bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha jarima, qariyb 165 million so‘m qilib belgilangan. Shuningdek, 3 yilgacha ozodlikni cheklash, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ham ko‘zda tutilgan. Noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, energetika va nazorat tashkilotlari hozir ancha takomillashgan texnologiyalardan foydalanmoqda. ASKUE va ASKUG tizimlarining ishga tushirilishi, zamonaviy va murakkab vositalarning joriy etilishi noqonuniy holatlarni o‘z vaqtida aniqlash imkoniyatini oshirib yubordi. Boshqacha aytganda, elektr yoki gazdan o‘g‘rincha foydalanish endi avvalgidek oson emas.

Otabek MURATOV – "O‘zenergoinspeksiya" ruxsat beruvchi tartibotlar va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i:

2023-yil davomida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan iste’molchilarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha jami 10 ming 369 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi. Ungako‘ra, 7 ming 364 ta iste’molchining elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulandi. 

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga tegishli 3 ming 47 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari kelishilib, shundan 659 ta ob’ektning elektr qurilmasi ishga tayyorligi bo‘yicha xulosalar berildi.

Joriy yilning shu davriga qadar Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr tarmoq xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalarida noqonuniy qurilgan 9 ming 57 ta ob’ekt aniqlandi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu muhofaza maydonlari hududida qurilgan ob’ektlar, eng avvalo, insonlar uchun xavfli bo‘lib, bunday qurilishlar tegishli maxsus ruxsatnomalar orqali amalga oshiriladi.

Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufidagi elektr uzatish tarmoqlari hududida 8 ming 357 ta, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufidagi elektr uzatish tarmoqlari hududida esa 700 ta obyekt aniqlanib, belgilangan talablar bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, aniqlangan 7 ming 636 ta obyekt bo‘yicha mahalliy hokimliklar va sudlarga hujjatlar taqdim etilgan bo‘lib, ushbu noqonuniy qurilishlarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish yuzasidan ish olib borilmoqda. Ayni vaqtgacha 91 ta obyekt xavfsiz hududlarga ko‘chirildi.

Shodibek UMRZOQOV – "O‘zenergoinspeksiya" elektr energiyasi sohasida qurilmalar ekspluatatsiyasini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari: 

– 2023-yil davomida energoqurilmalar ta’miri, modernizatsiyasi yo‘nalishidagi ishlar ham tizimli tashkil etildi. Inspeksiyaning nizomi asosida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatlari energetika obyektlarida elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash jarayonida elektr qurilmalarining texnik holati hamda ularni ishlatishda xavfsizlik ta’minlanishi bo‘yicha doimiy nazorat amalga oshirib kelinmoqda. 

2023-yil yakuniga ko‘ra, inspeksiya nazorati ostidagi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatlari tasarrufidagi korxonalar tomonidan respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani kelgusi kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlarida belgilangan rejali ta’mirlarning  bajarilishi va ta’mirdan ekspluatatsiyaga qabul qilish komissiya nazoratida bo‘ldi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “2022-2026-yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari asosida hududlardagi past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangidan qurish bo‘yicha tuzilgan dasturlarga asosan 665 ta 6-10/0,4 kV TPlar hamda 2 549,9 km. uzunlikdagi 0,4-10 kVli elektr uzatish tarmoqlarida modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va yangidan qurish ishlari bajarilgan. 

Albatta, bunda elektr qurilmalaridan sifatli va samarali foydalanishda komissiyaning ekspluatatsiyaga qabul qilish bo‘yicha xulosasi juda muhimdir.

 

 

Nasiba Ziyodullayeva, Abror Sodiqov (video), O‘zA muxbiri

Manba: https://uza.uz/oz/posts/elektr-va-tabiiy-gaz-ogrilariga-qanday-choralar-koriladi-video_555366

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>