O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi ko‘payib bormoqda. Ularning umumiy tarmoqqa integratsiya qilinishi esa mukammal tizim yaratishni talab qiladi. Agar bu jarayonda xatoga yo‘l qo‘yilsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ham iqtisodiy jihatdan, ham umumiy tarmoqqa texnik tomonlama ziyon yetkazishi mumkin.
Bu haqda Kun.uz bilan suhbatda energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov aytib o‘tdi. U suhbat davomida O‘zbekiston energetikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining oshib borayotgan o‘rni va rejalar, quyosh va shamol elektr stansiyalarini tarmoqqa ulashdagi qiyinchiliklar, bunday stansiyalarni qurish bo‘yicha tenderlarda sanoqli kompaniyalar qatnashayotgani va quyosh panellari bozorida raqobat bo‘lishi kerakligi haqida gapirib o‘tdi.
– So‘nggi paytlarda qayta tiklanuvchi yirik quvvatli elektr energiyasi stansiyalarini qurish jadallashdi. Ularning bir qanchasi yakunlandi ham. Hozirga kelib qayta tiklanuvchi energiyaning jami iste’moldagi ulushi qanchaga yetdi va keyingi yillar uchun maqsadli ko‘rsatkichlar qanaqa?
– Oxirgi bir yil ichida O‘zbekistonda muqobil energiya manbalarini sohaga integratsiya qilish yuzasidan juda ko‘p loyihalar bo‘yicha bitimlar imzolandi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda energetika sohasida katta hajmdagi fotoelektr stansiyalarining hajmi 200 megavattni tashkil qiladi. Bu yilning o‘zida umumiy quvvati 11000 megavattga yaqin quyosh elektr stansiyalari va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Yil oxiriga qadar 2000 megavattga yaqin muqobil energiya manbalari, ya’ni qo‘shimcha quvvatlar ishga tushadi va ularning tarmoqdagi ulushi 10 foizdan oshiqni tashkil qiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarimizning elektr ishlab chiqarishimizdagi ulushini 2030 yilga borib kamida 30-40 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 2030 yilga borib umumiy generatsiyamiz 40 gigavattga yetsa, buning ichidan qariyb 20 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalariga to‘g‘ri kelishi kerak.
– Bu jarayonda integratsiya deganda nima tushuniladi?
– Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining integratsiyasi deymiz, bu ularni asosiy tarmoqqa ulash va tarmoq bilan hamohang ishlashini ta’minlash degani. Quyosh yoki shamol elektr stansiyalarini tarmoqqa ulagan paytimiz ularni boshqarish qobiliyatiga ega bo‘lishimiz kerak. Ya’ni tarmoq ham ularni qabul qilib olishi kerak. Energetika tizimi shunaqa tizimki, buning mahsuloti – elektr toki, u ishlab chiqarildimi o‘sha vaqtdayoq iste’mol qilinishi kerak. Shu sababli uning boshqaruvi, bozori boshqa bozorlardan farq qiladi.
Biz quyosh va shamol elektr stansiyalarini integratsiya qilib, masofadan turib boshqarish tizimiga ega bo‘lishimiz kerak. Butun sistema avtomatlashtirilgan bo‘lishi lozim. Har bitta stansiyamizda kommunikatsiya, boshqaruv tizimi mavjud bo‘lishi kerak. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘zgaruvchan bo‘ladi, kun quyoshsiz bo‘lganda generatsiya tushib ketishi mumkin. Tizim esa to‘xtamasdan ishlab turishi kerak, ya’ni bu juda kompleks sistema bo‘ladi. Tarmoq aqlli bo‘lishi kerak.
– Yil davomida respublika bo‘ylab ijtimoiy muassasalarga, davlat idoralariga, korxonalarga va aholi xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatish kampaniyasiga guvoh bo‘ldik. Lekin bu panellar ishlatilmayotgani, ko‘zbo‘yamachilik uchun qo‘yib qo‘yilgani haqida gap-so‘zlar yuribdi. Bu haqda nima deya olasiz?
– An’anaviy tizimda yuqoridan pastga taqsimlash orqali iste’molchiga elektr energiyasi yetib borgan. Yangi tizimda esa iste’molchilar tomonidan ham ishlab chiqarish paydo bo‘ladi. Shu narsaga biz moslashishimiz kerak. Aholi, ijtimoiy soha obektlari, tadbirkorlarga o‘zining tomiga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha imtiyozlar berildi. Buxoroga borganimda bir korxona butun tom qismiga quyosh panellarini o‘rnatganiga guvoh bo‘ldim, kun davomida ularning iste’moli quyosh fotoelektr stansiyalaridan kelgani uchun korxonaning elektr energiyasiga oylik to‘lovlari 90 foizga kamaygan. Quyosh yoz kunlari ko‘p chiqadi, shu sababli samaradorlik oshgan. Kun davomida davlat elektr energiyasini ishlatmay, o‘zi ishlab chiqargan energiyadan foydalanadi. Shuningdek, o‘z iste’molidan ortiqchasini davlatga sotish tizimi ham bor.
– O‘zbekistonda oktyabr oyidan boshlab biznes uchun elektr energiyasi tariflari tannarxga yaqinlashtirildi, buni Energetika vazirligi quyosh panellariga rag‘bat uyg‘otadigan omil sifatida ko‘rgan edi. Ammo panellar aholi va tadbirkorlar orasida ommalashishi uchun shu rag‘bat yetarlimi? Quyosh panellari bozoridagi bugungi raqobat darajasiga vazirlik qanday baho beradi?
– Oktyabrdan biznes uchun tariflar oshdi, uzatish va taqsimlash kompaniyalarimiz bor, ular o‘zini o‘zi operatsion xarajatlarini qoplashi kerak. Iste’molchilarga energiya asl tannarxidan arzonroq, davlat subsidiyasi asosida berilayotgandi. Narxlar o‘zining asl narxiga yaqinlashtirilgandan keyin korxonalar ham energiya tejashga o‘tadi. Quyosh panellarini qo‘ysa, alternativ energetikadan olib tursa, tejash mumkin. Tariflar oshishi iste’molchilarni alternativ manba qidirishga majbur qiladi.
– Quyosh panellari bozoridagi raqobat vazirlikni qoniqtiradimi?
– O‘zbekiston bozorida oxirgi 2-3 yilda quyosh panellarini sotadigan va xizmat ko‘rsatadigan kompaniyalar ko‘paydi. Ba’zi kompaniyalar o‘quv markazlari qilib, bu sohada xodimlarini o‘qityapti. Bozor ochiq bo‘lishi kerak, raqobat bo‘lishi kerak. Shu sababli quyosh panellari o‘rnatishda korxonalarning o‘zining tarkibida shu ishni tushunadigan kadrlar bo‘lishi kerak.
– Oxirgi paytlarda quyosh yoki shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan kafolatli sotib olish bo‘yicha tariflar ochiqlanmayapti. Shu haqda izoh bera olasizmi?
– 11 gigavattga yaqin shamol va quyosh elektrstansiyalari loyihalari bo‘yicha bitimlar imzolandi. Hali ham ko‘p loyihalar jarayonda ketyapti. Narxlar boshqalarga qaraganda ancha past belgilanyapti. Buni nega investitsion loyiha deyapmiz? Bu hech qanaqa davlat kafolati ostida emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib kompaniyalarning o‘zi 25-30 foiz o‘z cho‘ntagidan sarflab, boshqa qismini o‘zi pul topib kelib moliyalashtiradi. Aslida tender bo‘lishi kerak, lekin vaqt qisqa bo‘lgani uchun investitsion loyihalar amalga oshirilyapti. Ammo narxlarni jahon bozori bilan taqqoslasangiz, ancha arzon. Bu loyihalar ertaga ishga tushganda tarmoqqa to‘g‘ri integratsiya qilish masalasi bor. Chunki ular bilan shartnomamiz “take or pay” deb ataladi: yo olishimiz yoki pulini to‘lashimiz kerak bo‘ladi. Shu sababli tarmoqqa integratsiya qilish masalasi juda puxta o‘ylanishi kerak.
– Suhbatimizdan oldin qayta tiklanuvchi energiya manbalarining asosiy tarmoqqa integratsiyasida ayrim qiyinchiliklar bo‘lishini aytgan edingiz.
– Qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘zgaruvchan manbalar hisoblanadi. Bunda eng asosiy masala ularning prognozi. Prognoz juda aniq bo‘lishi kerak. Har 15 minutlik bosqichda prognozlarni olish kerak. Chet davlatlarda integratsiya bo‘yicha katta talablar qo‘yilgan, bizga ham shu narsa kirib kelyapti. Boshqarishning turli yo‘llari bor – rezerv quvvatlarimiz bo‘lishi kerak. Jahon tajribasiga qarasak, o‘zgaruvchan manbalar tarmoqqa ulanishi uchun zaxira quvvatlari bo‘lishi kerak. Bular saqlovchi qurilmalar bo‘lishi mumkin. Deylik, bizda 10 gigavattli quvvat bo‘lsa, kamida 4-5 gigavattli saqlovchi qurilmamiz bo‘lishi kerak. Quyosh yoki shamol elektr stansiyalari tarmoqqa texnik muammolar olib kelishi mumkin, bular tarmoqdagi chastotani o‘zgartirib yuboradi. Iste’mol va ishlab chiqarishdagi barqarorlikni ushlab turmasak, chastota o‘zgarishi mumkin. Bizda 50 gers nominal qiymatdan o‘zgarsa, butun tizim ishdan chiqadi. Muqobil energiya manbalari o‘zgaruvchan bo‘lgani uchun birdaniga 2 gigavatt quvvat tushib ketish ehtimoli bor, o‘shanda buni kompensatsiya qilish uchun saqlovchi qurilmalar o‘rnatish kerak.
Tizim barqarorligini ushlab turish uchun avtomatik tizim tashkil qilishimiz kerak. Umuman olganda, bu texnik muammolarni oldindan puxta o‘ylash kerak, tizim bularni qabul qilishga tayyor bo‘lishi kerak.
Iqtisodiy tarafdan qarasak, quyosh fotoelektr tizimi ishlab turganda gaz-bug‘ turbinalarini o‘chirib turishimiz kerak, bular bilan ham shartnomamiz bor, ba’zi ishlab chiqaruvchilarni o‘chirib tursak, o‘sha onda unga jarima to‘lashimiz kerak. Bu muammoni bartaraf etish uchun uzatish va taqsimlash tarmoqlarining konsepsiyasini ishlab chiqib, keyin ularni ishga tushiramiz.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov,
Montajchi – Abduqodir To‘lqinov.
Manba: https://kun.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati