OAV va jamoatchilik bilan ishlash
gazeta.uz: “Biz ob-havoning har qanday injiqligi va anomal sovuqqa tayyormiz” — O‘zbekiston energetika tizimi rahbarlarining va’dasi
  • 25.11.2023
  • 154

Prezident bilan uchrashuvdan so‘ng “O‘ztransgaz”, “Hududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa korxonalar rahbarlarining qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Ular energiya tizimi “har qanday ob-havo injiqligi va anomal sovuqqa tayyor”ligini ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni “O‘zbekneftgaz” korxonasiga tashrif buyurib, O‘zbekiston energetika tizimini qish mavsumiga tayyorlash bilan tanishdi.

Davlat rahbari joriy yilda energetika tizimini takomillashtirish uchun barcha manbalar hisobidan 14,5 trillion so‘m (11,8 milliard dollar) yo‘naltirilganini aytdi. “Qanday xomashyo, buyum, texnika kerak bo‘lsa, olib berildi. Endi soha rahbarlari mas’uliyatni to‘liq zimmasiga olib, aniq reja qilishi va energiya yetkazib berishni kafolatli ta’minlashi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bilan uchrashuvdan so‘ng “O‘ztransgaz”, “Hududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

 

anomal sovuq, energetika

 

“Hududgazta’minot” kompaniyasi raisi Bahodir Eshmurodov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida o‘tgan yilgi anomal sovuqlar tizimdagi kamchiliklarni ko‘rsatganini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, bu holatdan xulosa chiqarilib, prezident topshirig‘i doirasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rildi. Jumladan, 1151 kilometr uzunlikdagi yangi gaz quvurlari qurilib, 752 kilometr gaz quvurlari ta’mirlandi va kattaroqlariga almashtirildi, 6 ming kilometrdan ortiq gaz quvurlari tartibga keltirildi.

“Bundan tashqari, gaz taqsimlash shoxobchalarida ta’mirlash ishlari olib borildi. Ob-havoni har qanday injiq kelishiga tizim kechayu kunduz shay holatga keltirildi. Bu kuz-qish mavsumida iste’molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan bir maromda ta’minlash imkonini beradi”, — dedi u.

“Hududgazta’minot” rahbari iste’molchilardan gaz ta’minoti bilan bog‘liq barcha savollar bo‘yicha korxonaning tuman bo‘limlari, navbatchilik shoxobchalari hamda 1104 yoki 71−281−18−11 telefon raqamlariga murojaat qilishni so‘radi.

anomal sovuq, energetika

 

Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi raisi Ulug‘bek Mustafoyevning aytishicha, 2023-yilda energiya tizimlariga 14,5 trillion so‘m ajratilgan. Shu vaqt ichida 26 ming ishchi tomonidan 30 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 10 ming transformator ta’mirlandi, shuningdek, 2500 ta yangi transformator punktlari o‘rnatildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 24 soatlik ish rejimi tashkil qilingan, 1200 ta tezkor guruh tuzilgan.

“O‘tgan yillarda qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rayotganimizda bizda bunday zaxiralar bo‘lmagan. 1200 ga yaqin transformator, 400 kmga yaqin kabel va boshqa elektr mahsulotlari zaxirasi yaratilgan. Hurmatli xalqimiz bemalol 24 soat davomida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha bizga murojaat qilishlari mumkin. Tezkor guruhlarimiz voqea joyiga borib, amaliy yordam ko‘rsatishiga kafolat beramiz”, — dedi u call-markaz raqamlari — 1154 va 71−207−23−76 raqamlarini qayd etib.

anomal sovuq, energetika

 

“Issiqlik elektr stansiyalari” rahbari Bahodir Jo‘rayevning aytishicha, O‘zbekistonda elektr energiyasining 85 foizi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. O‘tgan yilgi muammolardan kelib chiqib, xulosalar chiqarilib, 15-noyabrgacha 52 ta elektr stansiyasi to‘liq ta’mirlandi, dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tarmoqdagi quvvat cheklovlarini 300 MVtga kamaytirish imkonini berdi.

“Bugungi kunda 10,6 ming MVt ishlab chiqarish quvvatiga egamiz. Bizning imkoniyatlarimiz kuniga 240 million kVt/soat ishlab chiqarish imkonini beradi. Bugungi kunda 342 ming tonna mazut zaxirasini shakllantirdik”, — dedi u.

Bahodir Jo‘rayev prezident topshirig‘iga ko‘ra olimlarni jalb qilgan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish ishlari olib borilayotganini ta’kidladi. “Prezidentimiz tomonidan dekabr, yanvar, fevral va mart oylarida kafolatlangan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha talab qo‘yildi”, — deydi “Issiqlik elektr stansiyasi” rahbari.

anomal sovuq, energetika

 

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati raisi Asqar Isoqovning aytishicha, yerosti gaz omborlari “100 foizdan ortiq” to‘ldirilgan.

“O‘tgan yili shu vaqtda anomal sovuqni kuzatganmiz, gaz taqchilligi va tizimda muammolar yuzaga kelgan edi. Bu yil har qanday anomal sovuq kirib keladigan bo‘lsa ham, biz bu holatga to‘liq tayyormiz. Omborlarimizda zaxiralarimiz mavjud. Biz aholini [gaz bilan] uzluksiz ta’minlanishini ta’minlashga qodirmiz”, — dedi u.

anomal sovuq, energetika

“O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisi Dadajon Isoqulovning aytishicha, korxona 11 ming 860 kilometr elektr tarmoqlari, 84 ta yirik podstansiyaga ega bo‘lib, davlatlar o‘rtasida elektr energiyasini tranzit qilish va hududlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

“O‘tgan yili yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan xulosa chiqarib, joriy yilning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rganmiz. Biz podstansiyalarimiz quvvatini taxminan 5575 MVt ga oshirdik… Barcha ta’mirlash ishlari yakunlangan. Kuz-qish mavsumida har qanday favqulodda va boshqa vaziyatlarga, har qanday ob-havo sharoitlariga tayyormiz. Respublikamizning hamma hududlarida modernizatsiya ishlarini bajarganmiz. Qish mavsumida energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlaymiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qishda kunlik iste’mol 260 milliondan 280 million kVt/soatgacha oshishi kutilmoqda.

anomal sovuq, energetika

“O‘zenergoinspeksiyasi” rahbari Ilhom Ne’matullayev prezident topshirig‘iga ko‘ra, iste’molchilarga elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishda qat’iy davlat nazorati o‘rnatilishiga ishontirdi. “Agar iste’molchilarning so‘rovlarida kechikishlar bo‘lsa, biz borib, vaziyatni nazoratga olamiz”, — dedi u.

Ne’matullayev tizimni raqamlashtirish tufayli energiya tarmoqlariga noqonuniy ulanishlarni aniqlash mumkinligini aytdi. Shuningdek, energiya tejash masalasiga katta e’tibor qaratilayotgani, shu bois iste’molchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilishini ta’kidladi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq deputatlarga Toshkent va O‘zbekistonda energetika inqiroziga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qishga tayyorgarlik qanday ketayotganini ma’lum qilgan edi. Uning qayd etishicha, shu maqsadda qozonxonalar ta’mirlanib, yangi podstansiya va elektr tarmoqlari qurilgan, mazut zaxiralari yaratilgan va boshqa ishlar amalga oshirilgan.

Manba: https://www.gazeta.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>