Yangiliklar
TOSHKENT VILOYATI QUYICHIRCHIQ TUMANIDA ENERGIYATEJAMKOR ELEKTR STANSIYASI QURILADI
  • 03.08.2020
  • 1626

   2020-yil 29-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida elektr energiyasi ta'minoti barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4791-sonli qarori qabul qilindi.

   Qarorga muvofiq, 2020-2023-yillarda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida “Yangi 500 kV kuchlanishli «Halqa» nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilandi.

   Loyiha doirasida quvvati 1400 MVA bo‘lgan 500/200/10 kV kuchlanishli, yillik elektr energiyasini taqsimlovchi zamonaviy energiya tejamkor nimstansiya qurilishi, umumiy uzunligi 410 km elektr uzatish tarmoqlari qurilishi ko‘zda tutilmoqda.

   Qarorga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi hamda loyiha doirasida xalqaro tender savdolari o‘tkazilishi belgilandi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

 

   Quyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.07.2020-y. PQ-4791-son «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida elektr energiyasi ta'minoti barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining to‘liq matnini e'tiboringizga havola etamiz:

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

29.07.2020-y.

N PQ-4791

 

TOSHKENT SHAHRI VA TOSHKENT VILOYATIDA ELEKTR ENERGIYASI TA'MINOTI BARQARORLIGINI

YANADA OSHIRISH  CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

 

   Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish, aholi uchun elektr ta'minoti barqarorligini yanada oshirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4563-son qaroriga muvofiq:

   1. Quyidagilar:

   a) 2020-2023-yillarda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida «Yangi 500 kV kuchlanishli «Halqa» nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish» investitsiya loyihasini (keyingi o‘rinlarda - loyiha) moliyalashtirish yuzasidan Jahon banki bilan dastlabki kelishuvga erishilganligi;

   b) loyihani amalga oshirish doirasida:

   - quvvati 1 400 MVA bo‘lgan 500/220/10 kV kuchlanishli, yillik elektr energiyasini taqsimlovchi zamonaviy energiya tejamkor nimstansiya qurilishi;

   - umumiy uzunligi 410 km, jumladan 322 km uzunlikdagi 220 kV va 88 km uzunlikdagi 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurilishi nazarda tutilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

   2. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

   - «Yangi 500 kV kuchlanishli «Halqa» nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish» investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» 1-ilovaga muvofiq;

   - «Yangi 500 kV kuchlanishli «Halqa» nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish» investitsiya loyihasi doirasida asbob-uskuna va materiallar xarid qilish, shuningdek qurilish-pudrat ishlarini amalga oshirish uchun xalqaro tender savdolari o‘tkaziladigan paket va lotlar jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

   3. Toshkent viloyati hokimligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda loyiha doirasida elektr energetika ob'ektlarini qurish uchun «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumani, «Paxtazor» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqi asosida yer maydoni ajratilishini ta'minlasin.

   4. Belgilansinki:

   - istisno tariqasida, mazkur qarorning 3-bandiga muvofiq yer maydonlari ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari undirilmaydi;

   - loyiha doirasida elektr energetika obyektlarini qurishda yer uchastkalari mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilarining ko‘rgan zararlari, boy berilgan foyda xarajatlari hamda ularni baholash xarajatlari «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

   5. Energetika vazirligi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ bilan birgalikda to‘rt oy muddatda loyihani moliyalashtirish manbalarini aniqlab, loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi va ular bo‘yicha belgilangan tartibda ekspertiza xulosalari olinishini ta'minlasin.

   Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida loyihaning iqtisodiy samaradorligini ta'minlash nuqtai nazaridan uning qiymatini maqbullashtirish choralarini ko‘rsin.

   6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ bilan birgalikda:

   - ikki oy muddatda loyihani amalga oshirish, jumladan uning moliyalashtirish manbalarini aniqlash yuzasidan xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralarni yakunlasin;

   - loyihani amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda malakali xorijiy konsultantlar va mustaqil ekspertlarning tanlov asosida jalb etilishini ta'minlasin.

   7. Quyidagilarga:

   - O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari S.O‘. Umurzakovga — loyihani amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari mablag‘larining jalb etilishi va o‘z vaqtida hamda samarali o‘zlashtirilishini, loyiha doirasida xalqaro tender savdolari sifatli o‘tkazilishini ta'minlash, shuningdek, har oyda loyihaning amalga oshirilishi holati yuzasidan mas'ul rahbarlarning hisobotini eshitish;

   - O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanovga — loyiha qiymatining maqbullashtirilishi, uning doirasida malakali xorijiy konsultantlar va ekspertlarning jalb qilinishi, qurilish-pudrat ishlari tizimli nazorat qilinishini ta'minlash, shuningdek, loyiha doirasida bajarilgan ishlarni doimiy tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish;

   - Toshkent viloyati hokimi R.Q. Xolmatovga — loyihani amalga oshirish uchun zarur yer maydonlarini o‘z vaqtida ajratish, ular egalarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini to‘liq ta'minlash;

   - «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ raisi D.A. Isakulovga — loyiha hujjatlari puxta ishlab chiqilishi, qurilish ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

   8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

         O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                        Sh. Mirziyoyev

 

Manba: https://lex.uz/

>