“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov mazkur stansiyasining qurilishi va ahamiyati haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– Mamlakatimizning energetika sohasi, xususan elektr energetika tarmog‘ida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda o‘nlab yirik investitsiya hamda modernizatsiya loyihalarining natijasi iqtisodiyot tarmoqlari rivojida aks etayotganini ko‘rishimiz mumkin. Nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni yuqori kuchlanishli podstansiya va tarmoqlar orqali taqsimlovchi elektr tarmoqlariga yetkazib berish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Aynan shu kabi vazifalar magistral elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati zimmasidadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi va 2022 yil 30 dekabrdagi qarorlariga asosan davlat-xususiy sherikligi tamoyili asosida Sirdaryo viloyati Shirin shahrida quvvati 1500 megavatt bo‘lgan “Acwa Power Sirdarya” MCHJ – investitsiya kompaniyasi tomonidan yangi issiqlik stansiyasi qurilish ishlarining birinchi bosqichi yakunlandi.
Joriy yilning iyul oyida 220/500 kilovolt kuchlanishli “Acwa Sirdaryo“ podstansiyasiga kuchlanish berilib, 500 kilovolt kuchlanishli 2 ta elektr uzatish tarmoqlari O‘zbekiston elektr energetika umumtizimiga ulangan. Buning uchun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 14,25 km. uzunlikdagi 500 kilovolt kuchlanishdagi L-521, L-550 tarmoqlarigacha (kirish-chiqish) va 1,17 km. uzunlikdagi 220 kV kuchlanishdagi (kirish-chiqish) elektr uzatish havo tarmoqlarini qurish ishlari yakunlandi.
Ayni paytda birinchi energobloki ishga tushirilgan mazkur issiqlik elektr stansiyasi 500 megavatt quvvatda elektr energiya ishlab chiqarmoqda. Yil oxiriga qadar ikkinchi energoblok ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvati 1000 megavattga ko‘tariladi. Elektr energiyasini uzatish uchun maydoni 30 gektar bo‘lgan 500/220/33 kilovolt kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmasi, ya’ni yangi yuqori kuchlanishli podstansiyasining birinchi bosqichi bugun foydalanishga topshirildi.
220 kilovolt kuchlanishli ochiq taqsimlovchi qurilma yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. “ACWA Sirdaryo” podstansiyasiga zamonaviy elektr qurilma va jihozlari, himoya panellari o‘rnatilgan bo‘lib, qurilmalar elektron dasturlar bilan boyitilgan. Bir so‘z bilan aytganda, podstansiyaning ish faoliyati raqamlashtirilgan.
Mazkur 500 kilovolt kuchlanishli ochiq taqsimlovchi qurilmasi orqali 5 ta yuqori kuchlanishli elektr tamoqlari chiqib, ularning birinchisi Toshkent va Farg‘ona vodiysini bog‘laydi. Ikkinchisi esa Samarqand va Buxoro viloyatini bog‘laydi. Yana 2 ta yuqori kuchlanishli liniyalari Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi bilan o‘zaro bog‘langan. Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining beshinchisi endi qurilayotgan 500 kilovolt kuchlanishli “Halqa” podstansiyasi bilan bog‘lanadi.
Ushbu elektr tamoqlarining ishga tushirilishi boshqa yuqori kuchlanishli liniyalarning yuklamasini kamaytirishga hamda elektr energetika umumtizimining barqaror ishlashiga xizmat qiluvchi muhim omildir. 220 kilovolt kuchlanishli ochiq taqsimlovchi qurilmasiga 8 ta liniya ulangan bo‘lib, hozirda elektr uzatish havo tarmoqlarining qurilish ishlari bajarilmoqda, 220 kilovolt kuchlanishli elektr tarmoqlari 2024 yilda ishga tushiriladi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.
Yangi podstansiya Kuchlanish ACWA POWER
Manba: https://uza.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati