Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiyatlarga rioya etilishi holati monitoring tartibida o‘rganilib, yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklar tahlil qilindi.
Monitoringda 93 ta vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2023-yil 3-choragidagi faoliyati mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son farmonida belgilangan ijtimoiy ahamiyatga molik 35 ta toifadagi maʼlumotlarni eʼlon qilish darajasi o‘rganildi.
Maʼlumot uchun: monitoringda 21 ta vazirlik, 7 ta qo‘mita, 11 ta agentlik, 7 ta markaziy muassasa, 13 ta hokimlik va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 23 ta davlat ulushi mavjud tashkilot va 10 ta bank tomonidan maʼlumotlarni belgilangan axborot resurslarida eʼlon qilinishi tahlil qilindi.
Monitoring qilingan 93 ta vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan umumiy 52 % samaradorlik ko‘rsatkichi (eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan 1103 ta maʼlumotlardan 577 tasi eʼlon qilingan) qayd etildi.
Ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni eʼlon qilish darajasi 8 ta davlat organi faoliyatida 100%, 11 tasida 80 %dan yuqori, 23 tasida 50 %dan yuqori va 51 tasida 50 %dan past samaradorlik ko‘rsatkichlarida ijro etilgan.
Shuningdek, idoralar kesimida ijro samaradorligi vazirliklar faoliyatida 66 %ni, qo‘mitalarda 56 %ni, agentliklarda 54 %ni, hokimliklarda 56 %ni, davlat ulushi mavjud tashkilotlarda 43 %ni, banklarda 32 %ni va markaziy muassasalarda 31 %ni tashkil etgan.
Tahlillarga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilish darajasi bo‘yicha eng qoniqarsiz ko‘rsatkich markaziy muassasalar, davlat ulushi mavjud tashkilotlar va banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Monitoring jarayonida aniqlanishicha, davlat organlari tomonidan aksariyat hollarda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning xarajatlariga oid maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Jumladan, davlat organlari faoliyatidagi davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar 47 %, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari 44 %, xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi maʼlumotlar 59 %, xarajatlar smetasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar 42% ko‘rsatkichlarda eʼlon qilingan.
O‘rganish yakuniga ko‘ra, Agentlik tomonidan 23 ta davlat organlari va tashkilotlariga ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ygan masʼul xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
Manba: https://aca.uz/oz/article/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati