OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Odamlar “energetik menejment”ga o‘rgansa, "svet" o‘chmaydi»
  • 03.10.2023
  • 222

Energetika mutaxassisining fikricha, O‘zbekistonda “energetik menejment”ni o‘rganish vaqti keldi.

Elektr energiyasi bozori hozirgi paytda butun dunyoda eng ko‘p kapital talab etuvchi bozorlardan biridir. Ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda, xususan, O‘zbekistonda ham katta hajmda energiya talab qiluvchi ishlab chiqarishlarning ko‘payishi ortidan unga bo‘lgan talab keskin ko‘tarilib ketmoqda.

Mamlakatimizda energiya narxlari Hukumatning sa'y-harakatlari, aniqrog‘i, ajratilayotgan subsidiyalar evaziga ushlab turilgani bilan uning tannarxi muttasil o‘smoqda.

Energetika mutaxassisining fikricha, narxlar oshishi oila byudjetga ta'sir qilmasligining yagona yo‘li – biz hamma uni nazorat qilishga, shu orqali tejashga o‘rganishi lozim. Elektr energiya xarajatlarini kamaytirishdan eng avvalo yakuniy iste'molchining o‘zi, qolaversa, davlat ham manfaatdordir.

Hozir dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bu borada alohida tizim shakllangan. Masalan, yevropada “energetik menejment” degan tushuncha bo‘lib, uy xo‘jaliklari energiya resurslarini sarflashda turli zamonaviy vositalar va usullardan foydalanishadi. Turli-tuman tariflar, energiya tejash dasturlari, “qimmat energiya soatlari”da uni kamroq ishlatish, uydagi energiya sarfini real vaqt rejimida ko‘rib turish singari instrumentlar tobora ommalashib bormoqda.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi yaqinda o‘tkazgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, respondentlarning 50 foizdan ortig‘i o‘z xonadonida bir oyda qancha elektr energiyasi sarflanishi haqida bilmaydi.

Rivojlangan mamlakatlarda esa energiya resurslari sarfini uy xo‘jaliklari darajasida qat'iy nazorat qilish, “energetik menejment”ni oila byudjetining asosiy shartiga aylantirish, bu jarayonga “aqlli monitoring” usullarini faol joriy qilish orqali mamlakat miqyosida 30-40 foizgacha tejamkorlikka erishish mumkinligi allaqachon isbotlangan.

“Energetik menejment”ni o‘rganish vaqti keldi. Bekorga oqib yotgan suvni berkitish, kechasiyu kunduzi shunchaki yoniq turadigan chiroqlarni o‘chirib yurishga o‘rganish, o‘z “Uy xo‘jaligimiz har kuni, har oy qancha elektr va gaz sarflayapti, nega bu safar birdan ko‘payib ketdi?!” kabi savollarni doimiy o‘zimizga berib turishga o‘rganishimiz ana shunday “aqlli monitoring” namunasidir.

Manba: https://uznews.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>