OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «O‘zbekistonda elektr energiyasi taqsimlanishini raqamlashtirishga 275 mln dollar ajratildi»
  • 20.09.2023
  • 108

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga energiya samaradorligi va elektr energiyasi xizmatlari ishonchliligini oshirish uchun energiya taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga yordam beruvchi 200 million dollar miqdoridagi qarzni ma'qulladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar qildi.

Taqsimlash tarmog‘ini raqamli transformatsiya qilish va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida respublika hududlaridagi 26 ta taqsimlovchi podstansiyalar raqamli podstansiyalarga, jumladan, dispetcher nazorati va ma'lumotlarni yig‘ish (SCADA) tizimiga modernizatsiya qilinadi.

Raqamli himoya relesi va iqlimga chidamli loyiha podstansiyalarning tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo hodisalari paytida ishlash ishonchliligi va chidamliligini oshiradi, shuningdek, mintaqaviy elektr ta'minotidagi uzilishlarning oldini oladi.

«O‘zbekistonning eskirib qolgan taqsimlash tarmog‘ini modernizatsiya qilish mamlakatning uzoq muddatli yashil va kam uglerodli strategiyasi uchun muhim ahamiyatga ega. Biz nafaqat energiya xizmatlari sifatini yaxshilash, balki issiqxona gazlari chiqindilarining ko‘payishiga olib keladigan elektr energiya yo‘qotishlarini kamaytirish orqali toza energiyaga o‘tishni osonlashtiradigan ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz», — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori yevgeniy Jukov.

O‘zbekistonda energiyaga bo‘lgan talab 2019-yildagi 67 teravatt-soatdan 2030-yilda 120,8 teravatt-soatgacha oshishi kutilmoqda. Hukumat 2030-yilga qadar mavjud 12,9 GVt quvvatga qo‘shimcha ravishda 17 gigavatt (GVt) miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyatini qurishni, jumladan, 8 GVt quvvatga ega qayta tiklanadigan energiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

«Ushbu loyiha O‘zbekistonga mamlakatning ortib borayotgan talabini qondirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha energiyani ishonchli yetkazib berish imkonini beradi. Shuningdek yetkazish va taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish, aqlli va moslashuvchan tizimlar quyosh va shamol kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarining o‘zgaruvchanligini yaxshiroq boshqarish imkonini berishini hisobga olsak, mamlakatga qayta tiklanadigan energiyani tarmoqqa ko‘proq integratsiya qilish imkonini beradi», — dedi OTBning Energetika bo‘yicha bosh mutaxassisi Sun Dak Kim.

OTB loyihasi, shuningdek, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ (HЕT) davlat taqsimlash kompaniyasining moliyaviy boshqaruv salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi. Bundan tashqari, HETda gender tamoyillarini joriy etishni institutsiyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, korxona va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlik doirasida talaba qizlarni o‘qitish orqali ayollar va qizlarning energetika sohasida ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida 250 ming dollar miqdoridagi texnik yordam granti taqdim etiladi.

Bundan tashqari, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) qisman OTB tomonidan boshqariladigan 70 mln yevro (taxminan 75 mln dollar) miqdorida qo‘shma moliyalashtirishni taqdim etadi.

 

Manba: https://anhor.uz/uz/news/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>