OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: Elektr uzilishiga qachon barham beriladi?
  • 15.09.2023
  • 86

So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan tub o‘zgarishlar amalga oshirilyapti. Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida kuzatilayotgan bu kabi shiddatli rivojlanish sur’atlari, eng avvalo, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning ham o‘sishiga olib kelmoqda. Kundan-kunga aholi soni oshib borayotgan mamlakatimizda odamlarning turmush sharoiti, yashash tarzi ham o‘zgarib, mushkulini oson qiladigan maishiy texnika mahsulotlariga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda.

Har bir yaxshi imkoniyat ortida katta qiyinchiliklar turishini elektr energiyasi sohasida uchrab turgan uzilishlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Sababi, yoz yoki qish faslida saylovchilardan kelib tushadigan murojaatlarning katta qismi uyda yoki ishda tez-tez “chiroq o‘chib qolishi” bilan bog‘liq mavzuda bo‘ladi.

 

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bugungi kunda uzilishlarning asosiy sababi — tarmoqlarning haddan tashqari eskirganligi bilan bog‘liq. Ishonish qiyin, biroq yurtimizdagi mavjud elektr uskunalarining 40 foizdan ortig‘i eskirgan. Misol uchun, elektr uzatish tarmoqlarining 46 foizi, podstansiyalarning 51 foizi, transformator punktlarining esa 100 tadan 36 tasi o‘z hayotini yashab bo‘lgan. Aynan shuning uchun qattiq sovuq yoki qattiq issiq bo‘lsa, darrov qayerlardadir tok o‘chib qoladi. Bu esa odamlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.

 

Tarmoqlarning eskirgani tufayli ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste’molchiga yetkazib berishda ham yo‘qotishlar ko‘p bo‘lmoqda. Agar rivojlangan davlatlarda bu miqdor 7-8 foizni tashkil qilsa, bizda 20-25 foizgacha yetadi. Bu nima degani? Aytaylik, joriy yilda 70 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Tarmoqning eskirgani tufayli uning 14-17,5 milliard kilovatt-soat hajmdagisi iste’molchiga ham yetib bormayapti.

Yo‘qotilayotgan mazkur 14 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi esa bir oyda o‘rtacha 200 kilovatt/soat tok yoqadigan 5 million 833 mingtadan ortiq iste’molchining 1 yillik iste’moliga tengdir.

Bundan tashqari, oxirgi yillarda juda ko‘p qurilishlar qilindi, yangi turarjoylar qurildi. Xalqimiz hayoti farovonlashib, ko‘pchilik 3-4 xonali eski uyini buzib, kimdir ikki, yana kimdir uch qavatli, kamida 10-15 ta xonali uy-joy qurib oldi. Biroq o‘sha hududlarning aksariyatida transformatorlar, elektr simlari eskiligicha qoldi. Bundan 30-40 yil oldin bitta transformator hududdagi uylarda yoqiladigan o‘rtacha 3-4 mingta lampochka, har bitta xonadon uchun bitta televizor, bitta changyutkich va bitta xolodilnik hisobga olinib o‘rnatilgan edi. Energiya resurslari va mavjud quvvatlarga tushadigan yuklamalar hisobga olinmasdan amalga oshirilgan qurilishlar tufayli bugun o‘sha transformator 10-15 mingta lampochka, aksariyat xonadonlarda 3-4 ta televizor, 2-3 ta xolodilnik, 2-3 ta kondisioner, kompyuter, mikroto‘lqinli pech, noutbuk, 10 tagacha mobil telefonlar, changyutkich, kir yuvadigan mashina, idish-tovoq yuvadigan mashina va boshqa zamonaviy elektr jihozlarini yoqish uchun elektr energiyasi yetkazib berishga majbur bo‘lyapti.

Elektr energiyasidagi uzilishlarga to‘liq barham berish tizimli va uzoq vaqtni talab qiladi. Xususan, 2030 yilga qadar katta kuchlanishni ko‘tara oladigan 9 ming 885 kilometr elektr simlari va umumiy quvvati 37 ming 290 megavatt-amper bo‘lgan 53 ta podstansiya qurilishi belgilangan. Bu ishlab chiqarilgan elektr energiyasining atigi 5-6 foiz yo‘qotish bilan iste’molchiga yetib borishini ta’minlaydi. Natijada bugun yo‘qotilayotgan elektr energiyasining 11-14 milliard kilovatt-soati saqlab qolinadi. Bu esa bir oyda o‘rtacha 200 kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qiladigan 4 million 583 mingdan ziyod iste’molchining bir yillik elektr sarfiga tengdir.


Shuningdek, jami uzunligi 6 ming 195 kilometrdan iborat 500 kilovoltli va 3 ming 690 kilometrli 220 kVt quvvatga mo‘ljallangan elektr uzatish kabellari hamda umumiy quvvati 26 ming 640 megavatt-amper bo‘lgan 22 ta 500 kVt va umumiy quvvati 10 ming 650 megavatt-amper bo‘lgan 31 ta 220 kVt podstansiyalar, umumiy quvvati 2 ming 918 megavatt bo‘lgan energiya saqlovchi (batareya) qurilmalari quriladi. Buning natijasida esa tarmoqlardagi uzilishlarga to‘liq barham beriladi.

Shu bilan birga, 2023 — 2030-yillarda respublika hududlarida 0,4-110 kVt kuchlanishli taqsimlash elektr tarmoqlarini yangilash hamda modernizasiya qilish dasturi bo‘yicha 109 ming 858 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 52 ta 35-110 kVt quvvatga ega podstansiyalarni va 34 ming 908 ta transformator punktini yangilash rejalashtirilgan. Bu ishlar yakuniga yetgach, respublikadagi 7,4 million iste’molchining 3,5 milliontadan ortig‘ida elektr ta’minoti yaxshilanadi. Boshqacha aytganda, kelgusi 40 yil mobaynida ularning elektr ta’minotida hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Xulosa qilib aytganda, uzilishlarga barham berishning yagona yo‘li — butun eskirgan tizimni yangilash va modernizasiya qilish. Buning uchun esa sohaga qo‘shimcha mablag‘ kiritish zarur, aholini energiya resurslaridan oqilona foydalanishga o‘rgatish kerak. Elektr va gaz tariflarining o‘sishi, o‘z navbatida, bir tomondan, tizimni modernizasiya qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni jalb etishga yordam bersa, ikkinchi tomondan, aholini elektr energiyasini tejashga o‘rgatib boradi. Chunki energiyadan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmas ekan, energiya manbalarini ishlab chiqarish qanchalik ko‘paytirilmasin, ortib borayotgan talabni qondirish mushkul vazifa bo‘lib qolaveradi.

Manba: https://aniq.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>