OAV va jamoatchilik bilan ishlash
qalampir.uz — Qishda “svet” va gaz o‘chadimi?
  • 13.09.2023
  • 132

O‘zbekistonda energetikadagi muammolarning oldini olish maqsadida 1-oktyabrdan boshlab yuridik shaxslar uchun elektr va gaz narxini erkinlashtirish rejalashtirilayotgani aytildi. Shundan so‘ng, “svet” va gaz masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Chiqadiyamda. Axir qish kelyapti. O‘tgan yilgi “anomal sovuq”ni eslagan har bir odam qish g‘amini yeyishi tayin.

Soha xodimlari ham qishga tayyorgarlik masalasida qimirlab qolgan. 11-sentyabr kuni OAV uchun matbuot anjumani o‘tkazgan Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham sohadagi muammolarni yashirmadi. Vazirga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar va yetkazib berish sifatining yomonlashishiga transformatorlarning yuqori darajada eskirgani hamda uzoq yillardan buyon ta’mirlanmayotgani sabab bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda Respublikada 238,6 ming kilometr kuchlanishli tarmoqlarning 37,6 foizi 40 yildan ortiq vaqt davomida ishlatib kelinmoqda. Ularning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqilsa, har qanday uskuna 15 yilda, hech bo‘lmaganda 25 yilda kapital ta’mirlanishi lozim. Biroq tarmoqlarning 29,4 foizi 25 yildan, 33 foizi 10 yildan buyon ta’mirlanmagan.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, tariflar liberallashtirilmasa sohaga investitsiya jalb qilish yanada qiyinlashadi va buning oqibatida tarmoqlar yangilanmaydi ham. “Buning jabrini o‘zimiz tortamiz”, deydi vazir.

“Elektr energiyasini tahlil qiladigan bo‘lsak, 2016-2022 yillar davomida ishlab chiqarish hajmi 1,2 barobarga oshib, yillik ishlab chiqarish 72 mlrd kv-soatga yetgan. Bu yil ayni shu ko‘rsatkichni 80 mlrd kv ga yetkazish niyatimiz bor. Bugungacha aholi uchun yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi 1,5 baravarga oshib – 11 mlrd kv-soatdan, 16 mlrdga yetdi. Yildan-yilga aholi soni va yalpi ichki mahsulot qiymati oshib bormoqda. Jumladan, sanoat 4,4 barobarga oshgan”, deydi Energetika vaziri.

Unga ko‘ra, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha 2016-2019-yillarda ijobiy ishlar qilingan. Bu yillarda elektr energiyasi tarifi oshib borgan va tarmoqlar modernizatsiya qilingan va davlatdan subsidiya olinmagan. 2020-2023-yillarda esa tarif oshirilmagan, shu bois korxonalar og‘ir moliyaviy ahvolga kelib qolgan.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, O‘zbekistonga import qilinadigan uskunalar narxi kundan-kunga oshib bormoqda. 1 kW•soat elektr energiyasining tannarxi esa 800 so‘mga aylanadi. 

“Importdan keladigan texnologiyalar narxi oshib borayotgan bo‘lsa ham, elektr energiyasi tariflari o‘zgarayotgani yo‘q. Buning natijasida elektr tokini ishlab chiqarish tannarxi 800 so‘mdan (1 kW•soat uchun) yuqori bo‘lmoqda. Lekin aholiga 295 so‘m, yuridik shaxslarga 450 so‘mdan sotilmoqda. Yetmagan qismi esa davlat byudjeti hisobidan subsidiyalanmoqda”, deydi vazir.

Yuqorida aytganimizdek, 1-oktyabrdan yuridik shaxslar uchun elektr va gaz narxini erkinlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha hukumatning “yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasida e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, kelasi oydan boshlab elektr energiyasi 1 kVt soat uchun byudjet tashkilotlariga 450 so‘mdan 1 000 so‘mga, qolgan biznes vakillari va yuridik shaxslar uchun 450 so‘mdan 900 so‘mga oshirilishi mumkin. Aholi uchun narxlar esa o‘zgarishsiz, 1 kVt soat uchun 295 so‘mligicha qoldiriladi.

“Albatta, tarmoqlarni modernizatsiya qilish kerak. Chunki biz tarmoqlarni modernizatsiya qilmasak, yuqori yuklama bilan ishlab turgan elektr stansiyalar ertaga ko‘tarolmaydi. O‘tgan qish va yoz buni Toshkent misolida ko‘rdik. Buning uchun nimalar qilinmoqda? Birinchi o‘rinda Toshkent shahri bo‘yicha Prezidentimiz qarori qabul qilindi. Biz birinchi marta yer osti kabellarini yotqizmoqdamiz. Bunga yil oxirigacha 300 mln dollar mablag‘ sarflanadi”, deydi Energetika vaziri.

Vazir tarmoqlar eskirgani, sohaga investitsiya kiritish lozimligi, “svet” va gaz narxini erkinlashtirish kerakligini bot-bot takrorlaganidan so‘ng, unga "Aholi uchun ham elektr energiyasi va gaz narxi oshiriladimi?" deya savol berdik.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha aholi uchun elektr energiyasi tariflarini oshirish hamda tabaqalashtirilgan tariflarni joriy qilish bo‘yicha takliflar kiritish 2024 yilning may oyiga rejalashtirilmoqda. Narx oshirishning asosiy sharti — iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlay olish. Agar aholini uzluksiz ta’minlash amalga oshirilsa va loyiha tasdiqlansa, yangi tarif bo‘yicha narx 450-500 so‘m atrofida bo‘ladi.

“Hukumatga kiritishni rejalashtiryapmiz. Lekin bu aynan shu kundan narx oshadi, degani emas, hozircha barchasi loyiha xolos. Bizda ASKU tizimi joriy qilingan. Elektron hisoblagichlarning hammasi o‘sha yerda hisobotlarni chiqarib beradi. Konditsioner, dazmol, mikroto‘lqinli pech, kir yuvish mashinalarning hammasini me’yor bo‘yicha hisoblaganimizda jami bo‘lib 183 kVt/soat elektr energiya sarflandi. Hatto ortiqcha qilib ishlatgan taqdirimizda ham 300 kVt/soat energiya ketdi. Basseynini "otopleniye", sauna qilgan 5000 kVt/soat ishlatyapti. Nimaga unga siz bilan biz davlat byudjetiga to‘lagan soliqlarimiz hisobidan 295 so‘m pul berishimiz kerak?

 

Tabaqalashtirilgan tarif deganda belgilangan “ijtimoiy norma”dan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan, aytaylik uyida basseyni, saunasi, ko‘plab maishiy texnikalari bor xonadonlar, ya’ni nisbiy olganda boy va o‘ziga to‘q xonadonlar uchun narx oshadi, degani. Hozir 85 foiz aholi bir oyda 300 kVt/soat elektr iste’mol qilyapti. Lekin qolgan 15 foiz aholi ishlatayotgan elektr energiyasi hajmi mana shu 85 foiz aholinikidan ko‘proq”, deydi energetika vaziri.

 

Shundan so‘ng, Mirzamahmudov O‘zbekiston o‘z konlaridagi zaxiraning 85 foizidan foydalanib bo‘lgani sababli chet mamlakatlardan elektr energiyasi va tabiiy gazni import qilishga majbur bo‘layotganini aytib o‘tdi. 

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hududidagi 85 foiz konlar uzoq yillardan buyon ishlatib kelinishi hisobiga o‘z resursini sarflab bo‘lgan. Konlardagi qolgan gazni qazib chiqarish uchun katta hajmdagi mablag‘ talab qilinadi.

“Buning o‘rinini qoplash uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz import qilishga majbur bo‘lyapmiz. Oldinlari O‘zbekiston umuman tabiiy gaz yoki elektr energiyasini sotib olmagan. Albatta mahsulotlar bozor narxida import qilinadi va narxdagi tafovut byudjetdan ajratilgan subsidiya orqali qoplanadi”, deydi Mirzamahmudov.

Uning ta’kidlashicha, 2017-yilda tabiiy gaz iste’molchilari soni 3 mln 298 ming 737 ta bo‘lgan. 2023-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, 4 mln 164 ming 656 ta iste’molchi bor. 

Manba: https://qalampir.uz/uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>