Yangiliklar
PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOEV HUZURIDAGI VIDEOANJUMANDA INVESTITSIYA LOYIHALARI ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI
  • 03.07.2020
  • 612

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 2-iyul kuni mamlakatimiz investitsion va tashqi savdo faoliyati prognoz ko‘rsatkichlarining joriy yil I yarmidagi ijrosini muhokama qilishga, shuningdek,  Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan ustuvor qo‘shma loyihalarning borishini hamda savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan videoanjuman tarzida yig‘ilish o‘tkazdi.

 

 

 

   Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar, shu jumladan investitsiyalarni jalb etish va eksport bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni hamda xorijiy sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarga doir takliflar tinglandi.

   Global miqyosdagi epidemiologik vaziyat va undan kelib chiqayotgan cheklovlar O‘zbekistonning investitsion va tashqi savdo faoliyatiga bevosita ta'sir ko‘rsatib, tadbirkorlar uchun moliyalashtirish, qurilish, ishlab chiqarishda zarur xomashyo va uskunalarni yetkazib berish masalalarida ma'lum to‘siqlar yaratayotgani ta'kidlandi.

   Shu munosabat bilan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rildi.

 

 

   Bu bilan birga, tijorat banklarini yetarli resurslar bilan ta'minlash maqsadida xalqaro moliyaviy institutlarning 1,2 milliard dollar miqdoridagi mablag‘lari jalb etildi.

   Hisobot davrida umumiy qiymati 1,8 milliard dollarlik 28 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 3,8 mingta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.

   Hududlarni rivojlantirish dasturlari doirasida umumiy qiymati 9,5 trillion so‘mlik 2049 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi, bu 27 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.

   Ayni paytda, bugungi kunda qator tarmoqlarda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq xatarlar ta'siri ostida investitsiyalarni o‘zlashtirishning prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish kechikayotgani ta'kidlandi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari 2020-yil yakuniga ko‘ra ko‘zlangan natijalarga so‘zsiz erishish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining ko‘rsatkichlari va ro‘yxatlarini qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berdi. Yil yakuniga kelib mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 9,9 milliard dollarni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar – 6,8 milliard, xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘lari – 3,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Iqtisodiy taraqqiyotning muhim drayverlaridan biri sifatida eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralariga alohida e'tibor qaratildi.

   Joriy yilning 6 oyi yakunlariga ko‘ra mamlakatimiz korxonalari tomonidan 6,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingani ta'kidlandi. Ayni paytda eksport faoliyatiga 950 ta yangi korxona jalb etildi, xorijga yangi 85 ta nomdagi mahsulot yetkazib berish o‘zlashtirildi, shuningdek, qo‘shimcha 4 ta davlat bozoriga chiqildi. 

   Jahondagi iqtisodiy vaziyatning beqarorligi hamda global bozordagi talab va taklifning pasayishini e'tiborga olib, joriy yilning ikkinchi yarmida eksport salohiyatini oshirish maqsadida Respublika komissiyasiga pandemiya oqibatidagi tashqi omillar mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan salbiy ta'sirni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

   Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston eksporti yil yakuniga borib 17,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

   Keyingi yillarda Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari muttasil oshib bormoqda, oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xarita”lari doirasida turli tarmoqlarda yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

   Yig‘ilishda amaldagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda investitsion hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida e'tibor qaratildi.

   Mamlakatimizda yaponiyalik sheriklar bilan hamkorlikda, xususan  Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan Navoiy issiqlik elektr stansiyasida energetik bloklar barpo etish bo‘yicha va ko‘plab boshqa loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

   Qishloq xo‘jaligi, AKT, sog‘liqni saqlash, kimyo, yengil, elektrotexnika, farmatsevtika va zargarlik sanoati, ta'lim va innovatsiyalar kabi sohalar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

 

 

 

   2019-yilda Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirilgan oliy darajali tashrif yakunida salmoqli ikki tomonlama hujjatlar to‘plami, shu jumladan savdo-iqtisodiy va investitsion bitimlar imzolangan edi. Energetika, infratuzilma, kimyo va neft-kimyo, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

   Bugungi kunda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq aniq loyihalar ishlab chiqilmoqda. BAA sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni 141 tani tashkil etyapti.

 

 

   Amirliklar kompaniyalari bilan kelishuvlar o‘z natijasini berayotgani ta'kidlandi.

   Xususan, “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatida 500 MVt quvvatiga ega shamol elektr stansiyasi qurilishiga investitsiya kiritmoqda, sarmoyalarning umumiy hajmi esa 500 million dollardan oshadi.

 

 

   Abu-Dabi taraqqiyot fondi ishtirokida e'lon qilingan kapitali 1 milliard dollar bo‘lgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi ta'sis etildi. Kompaniya ilk loyihalarni moliyalashtirishni boshladi.

   Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, aniq vazifa va chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

   Batafsil: https://president.uz/uz/

 

 

 

© «O‘zbekiston–24» telekanali

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>