Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekistonning elektr uzatish tarmogʻini takomillashtirish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarining koʻproq mamlakat energetika balansiga integratsiyalashuvini taʼminlash uchun 125 million AQSH dollari miqdorida zayom ajratishni maʼqulladi.
“Dekarbonizatsiya sari raqamlashtirish – Elektr uzatish tarmoqlarini takomillashtirish” loyihasi doirasida yetti viloyatda – yaʼni Buxoro, Fargʻona, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida umumiy uzunligi qariyb 359 kilometr boʻlgan 12 ta elektr uzatish liniyalari rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari loyiha joriy va loyihalashtirilgan energiya ehtiyojlarini qondirish uchun quvvatlarni oshirish maqsadida Fayzobod, Obihayot, Zafar va Zarafshonda 220 kilovolt quvvatli toʻrtta podstansiyaning rekonstruksiya va modernizatsiya qilinishini moliyalashtiradi.
– Ushbu loyiha Oʻzbekistonning ishonchli va arzon elektr energiyasiga boʻlgan ortib borayotgan talabini qondirishga yordam beradi va shu bilan birga mamlakatning yashil va past uglerodli iqtisodiyotga oʻtishini qoʻllab-quvvatlaydi, — dedi OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov. – Milliy tarmoqni modernizatsiya qilish davlat va xususiy sektorning qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini toʻldiradi va barcha uchun energiyadan yaxshiroq foydalanishni taʼminlashga yordam beradi.
Loyiha doirasida eski texnologiyalarni zamonaviy, hamda dispetcher boshqaruvi va maʼlumotlarni toʻplash (SCADA) tizimiga ulash imkoni boʻlgan yuqori voltli liniyalar va podstansiyalarga almashtirish orqali elektr uzatish tarmogʻi raqamlashtiriladi. Bu dispetcherlik markaziga masofadan turib boshqarish va real vaqtda va tarixiy maʼlumotlarni olish imkonini beradi. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi elektr taʼminotini yaxshiroq boshqarish va tarmoqda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatini oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.
– Uzilishli qayta tiklanadigan energiya taʼminotini samarali boshqarishga qodir boʻlmagan qoʻlda boshqariladigan tizimdan voz kechish qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish orqali energetik oʻtish uchun juda muhimdir, – dedi OTBning Energetika boʻyicha mutaxassisi Nana Gurgenidze. – Bundan tashqari, tarmoqni raqamlashtirish va iqlimga oʻzgarishiga chidamli texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilmagan uzilishlarni kamaytirishga va tarmoq samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Shuningdek, loyiha “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasining korporativ boshqaruv va loyihalarni boshqarish sohasidagi salohiyatini mustahkamlaydi. Loyiha gender masalalari hisobga olingan strategik rejalar va siyosatlarni ishlab chiqishga, shuningdek, himoya choralari va moliyaviy boshqaruv boʻyicha salohiyatni oshirishga yordam beradi.
Oʻzbekiston OTBga 1995-yilda aʼzo boʻlgan. Oʻshandan beri bank mamlakatga 10,8 milliard AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik koʻmak ajratgan.
OTB oʻta qashshoqlikka barham berish boʻyicha saʼy-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi.
OTB 1966-yilda tashkil etilgan boʻlib, unga 68 mamlakat aʼzo boʻlgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.
Manba: https://www.adb.org/uz/news/adb-help-modernize-uzbekistan-power-transmission-grid
https://minenergy.uz/uz/news/view/3037
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati