Bugun, 2023-yil 16-may kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Barqarorlikka sarmoya kiritish” nomli yillik yig‘ilish va biznes forumi doirasida energetika loyihasini amalga oshirish uchun davlat kafolatisiz korporativ kredit ajratilishi to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.
Bunda YTTB va Energetika vazirligi mutasaddiligidagi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ o‘rtasida kredit olish uchun mandat xati imzolandi.
Shuni alohida ta’kidlash joiyzki, hujjat bilan YTTB ishtirokida “Sarimoy podstansiyasini Muruntov podstansiyasi bilan bog‘lovchi 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish” investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Loyihani amalga oshirish Respublikamizning Shimoliy-G‘arbiy, Janubiy-G‘arbiy va Zarafshon energouzellar oralig‘ida quvvat o‘tkazish barqarorligini taʼminlash, 500 kV kuchlanishdagi, uzunligi 226 kilometrga teng bo‘lgan havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish O‘zbekiston energetika tizimining Shimoliy-G‘arbiy qismida qurilishi rejalashtirilgan quvvati 3 GVtdan ortiq yangi shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqariladigan quvvatni energetika tizimining Markaziy qismiga uzatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
YTTB ishtirokida jami 4 ta, Besopan elektr uzatish tarmog‘i, Muruntov podstansiyasi, Sarimay-Jonkeldi elektr uzatish tarmog‘i hamda Sarimoy podstansiyasini “Muruntov” podstansiyasi bilan bog‘lovchi 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish investitsiya loyihalari bajarilmoqda. “Besopan” elektr uzatish tarmog‘i, Muruntov podstansiyasi va Sarimay-Jonkeldi elektr uzatish tarmog‘i investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 225,7 million AQSH dollariga teng.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati