“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Xitoy Xalq Respublikasining “Energy China Overseas Investment Division China Gezhouba Group Overseas Investment Co.,Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida har birining quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
“O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu ikki yirik loyiha qo‘shimcha 2,3 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, yiliga 588 million metr kub tabiiy gaz sarfini qisqartirish mumkin. Natijada yoqilg‘i resurslarini tejash hamda atmosferaga zararli chiqindilar chiqishini kamaytirishga erishiladi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazilgan ushbu marosimda tomonlar hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.
Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA
Manba: https://uza.uz/oz/posts/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati