Bugun, 2023-yil 27-aprel sanasida daryo.uz axborot nashrida «“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” yil boshidan beri 846 mlrd so‘m zarar ko‘rdi» sarlavhali xabar e'lon qilingan edi. Sayt muxlislari, qolaversa OAV hamda keng jamoatchilikda bu borada noto‘g‘ri fikr shakllanmasligi uchun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati daryo.uz tahririyati bilan bog‘lanib, mazkur xabarga taalluqli izoh qo‘shimcha qilinishini so‘radi va sayt mas'ullari Axborot xizmati izohini mazkur xabar mazmuniga qo‘shimcha izoh sifatida ilova qilishdi. Buning uchun sayt ijodkorlariga minnatdorlik bildiramiz. To‘liq izoh matni quyidagicha:
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati shuni ma'lum qiladiki, Aksiyadorlik jamiyati 2023-yil 1-chorak yakunlariga ko‘ra 846 milliard so‘m zarar ko‘rgani ko‘rsatilgan. Bunga sabab, Aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy faoliyati bo‘yicha asosiy daromadi — elektr energiyasini yagona xaridi va sotishidan shakllanadi. Ya'ni, hisobot bo‘yicha asosiy zararni mahsulot (tovar, ish va xizmat) larni sotishning yalpi zarari 707,4 miliard so‘mni tashkil etgan.
Bunda ushbu tariflar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo ta'rif komissiyasi tomonidan belgilanib, 2023-yil 1-choragida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan jami 18,6 mlrd. kVt•soat elektr energiyasi o‘rtacha QQS bilan 426,2 so‘mdan xarid qilinib, Hududiy elektr tarmoq korxonalariga 18,8 mlrd.kVt•soat hajmda o‘rtacha 405,4 so‘mdan sotilgan, ya'ni har bir kVt•soatdan 20,8 so‘mdan zarar ko‘rilgan.
Ma'lumot o‘rnida: Aksiyadorlik jamiyatining 2023-yil uchun tasdiqlangan Biznes rejasida ham chorakdagi faoliyat zarar bilan yakunlanishi nazarda tutilgan.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati Aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan bog‘liq ma'lumotlarni o‘zining rasmiy uzbekistonmet.uz veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e'lon qilib borayotganini ma'lum qiladi.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati