OAV va jamoatchilik bilan ishlash
ОАV: "80 yildan buyon “svet” bormagan “Vochax” qishlog‘i. Aholi qachon televizor ko‘ra oladi? (video)"
  • 31.03.2023
  • 205

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “Vochax” qishlog‘iga 80 yildan beri “svet” yetib bormagan. Tug‘ilganidan buyon elektr “nur”ini ko‘rmagan qishloq bolalari esa haligacha moychiroqlardan foydalanib, dars qiladi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturi orqali ma’lum qilindi.

“16 yoshga kirib haligacha uyimizda televizor yonganinini ko‘rmaganman. Nima yangiliklar bo‘lyapti bilmayman”, degan o‘sha qishloqda yashovchi qiz.

Manba:https://t.me/qalampirlive/71790

Qayd etilishicha, Sariosiyo tumanining tog‘li hududidagi “Vochax” qishlog‘i tuman markazidan 65-70 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu yerda taxminan 22 xo‘jalik (15-16 ta uylar) doimiy yashab kelmoqda. Mazkur qishloq tog‘ning eng yuqori qismida joylashgan bo‘lib, maxsus avtomashina va mexanizmlar yurishi imkonsiz. Shu sababli qishloq aholisi tuman markaziga chiqish uchun “uzunquloq” jonivorlar yordamiga tayanadi. Ya’ni qishloqning eng qulay “transport vositasi” haligacha eshaklardir. Viloyatdagi To‘palang suv ombori orqali ham “Vochax” qishlog‘iga yetib borish mumkin. Biroq qayiqda suv kechib o‘tish va tog‘ oralab bosib o‘tiladigan masofaga 3 soat vaqt talab etiladi.

Qishloqning ayollari hali hamon allaqachon muzeydan joy olishi kerak bo‘lgan temir dazmoldan ichiga cho‘g‘ solib foydalanib keladi.

“Vochax”da 2004 yilda maktab barpo etilgan. 2021 yilda esa bu yerga 11 dona kompyuter jamlanmasi keltirilgan. Ammo elektr energiyasi yo‘qligi sababli ushbu kompyuterlar biror marotaba ham yoqib ishlatilmagan va o‘quvchilarga amaliy mashg‘ulotlar o‘tilmagan.

“XXI asrda yashayapmiz. Biroq yashash sharoitimiz XVIII asr odamlarinikidek”, deydi qishloq ayollaridan biri.

Qishloq aholisining bir necha murojaatlari befarqligicha qolib ketilayotgan edi. Bugun, 30 mart kuni, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo filiali tumandagi “Shabnam” mahallasi “Vochax” qishlog‘ini elektrlashtirish ishlari mas’ul mutaxassislar tomonidan o‘rganilganini ma’lum qildi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, qishloqni elektrlashtirish uchun 5,5-6 km yuqori kuchlanishli (6 kV) havo elektr uzatish tarmog‘i qurilishi hamda 1 komplekt transformator punkti o‘rnatilishi kerak bo‘ladi.

“Murojaatda keltirilgan masalani ijobiy hal qilish uchun ushbu hududda yashovchi xonadonlarga o‘rnatilgan quyosh batareyalari (panellar)ni yangilash yoki avtonom dizel-generatorlar bilan ta’minlash maqsadga muvofiq degan xulosaga kelingan. O‘rganishlar bo‘yicha yakuniy xulosalarni qo‘shimcha ma’lum qilamiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Aytilishicha, ushbu qishloqdan 5-6 kilometr naridagi qishloqqa elektr toki yetib borgan. “Vochax” qishlog‘iga ham elektr tortib kelish qiyin ish emas. Ammo shu paytgacha qishloq aholisining murojaatlari o‘rganilmasdan, berilgan qop-qop va’dalar va’daligicha qolgan. Yuqorida keltirilgan rasmiy munosabatda ham ma’sullar “u kerak, buni o‘rnatish kerak”, degan bayonotlar bilan cheklanmoqda.

Manba: https://qalampir.uz/uz/news/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>