Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»
O‘zbekistonda aholi uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlarini 2023 yilda oshirish rejalashtirilmagan. Bu haqda AOKAdagi matbuot anjumanida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov ma’lum qildi.
«Narxlar oshadimi yo‘qmi, aniq ayta olmayman. Katta ehtimol bilan oshmaydi, Aholi (jismoniy shaxslar — tahr.) uchun aniq oshmaydi. Lekin bu mazkur masalani muhokama qilmayapmiz degani emas. Turli variantlarni ko‘rib chiqyapmiz, jumladan, qandaydir ijtimoiy normalar muhokama qilinyapti», — dedi vazir o‘rinbosari.
Uning fikricha, gaz va elektr energiyasini ko‘p iste’mol qiladigan, sovuq qishda uyda futbolkada yuradigan boy odamlar bozor narxida to‘lashi kerak. «Bu adolatdan bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi Sultonov.
«Agar fuqaro ijtimoiy ro‘yxatlardan birida tursa, maoshi kam bo‘lsa, ikki xonali kvartirada yashasa, elektr energiyasi va gazdan tejamkorlik bilan foydalansa, bunday odamlarni rag‘batlantirish kerak. Bunday tariflar aksariyat mamlakatlarda amal qiladi. Biz bunga bir kun yetib boramiz», — dedi Dilshod Sultonov.
O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasiga tariflar oxirgi marta 2019 yil avgust oyida ko‘tarilgan edi. Energiya resurslariga narxlarni erkinlashtirish va energetika sohasini isloh qilish bir necha bor qoldirilgan.
Hukumat 2020 yilning fevral-mart oylarida elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni rejalashtirgandi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu chorani keyinga qoldirdi. 2020 yil oktabr oyida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Mustafoyev prezident Shavkat Mirziyoyev 2021—2022 yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik vazifasini qo‘yganini ma’lum qilgandi.
May oyida O‘zbekistonda jami 7,3 million abonent elektr energiyasi iste’mol qilishini, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilishini yozgan edik. Vaholanki, bu uy xo‘jaliklari aholi tomonidan iste’mol qilinadigan umumiy elektr energiyasining atigi 31 foizini (5,7 milliard kVt/soat) tashkil etadi.
O‘zbekistonda 4 million gaz abonentining 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Biroq, ular aholining umumiy iste’molining atigi 35 foizini (4,5 milliard kubometr) tashkil qiladi.
Hukumat 2022 yil 15 iyuldan energiya iste’molining ijtimoiy normasini joriy etishni va limitlarni joriy qilishni rejalashtirgan edi, biroq keyinchalik bu boradagi qarorni keyinga qoldirdi.
Iqtisodchi olim Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetika sohasidagi joriy narx siyosati kambag‘allarning yana ham kambag‘allashishiga, boylarning esa yanada boyib ketishiga olib kelmoqda. Milliardlab dollarlik subsidiyalar boylar uchun foydaliroq, deydi u.
Manba: https://www.gazeta.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati