Yangiliklar
Xizmat safari hisoboti: mintaqaviy elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va “yashil energiya”ga o‘tish istiqbollari
  • 10.03.2023
  • 318

Joriy yil 2-3 mart kunlari Londonda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo energiya savdosi va investitsiya forumi — 2023” energetikaning oʻzaro bogʻliq muammolarini, ya’ni energetika xavfsizliki, dekarbonizatsiya va iqtisodiy o‘sish mavzularini muhokama qilish uchun Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston siyosatchilari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xususiy sektor vakillarini bir joyga toʻpladi. Markaziy Osiyo hukumatlari, Buyuk Britaniya hukumati va Jahon banki hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda mintaqaviy elektr energiyasi savdosining yanada samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, uglerod neytral bo‘lgan iqtisodiyotga o‘tishda mintaqaviy hamkorlik masalalarida ko‘maklashish va mavjud vaziyatni yaxshilash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlarni aniqlash hamda hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan tadbirlarga e’tibor qaratildi.

   I Markaziy Osiyoda mintaqaviy savdo va energetika investitsiyalari forumi.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyo mintaqasida energetika sanoatini rivojlantirish, dekarbonizatsiya va barqaror iqtisodiy o‘sish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, Jahon banki tomonidan mintaqaning elektr energiyasi bozori va yagona energiya tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha va uni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar belgilandi.

Jahon bankining infratuzilma bo‘yicha vitse-prezidenti Guang Chjechen forumning Londonda o‘tkazilishi yevropalik hamkorlar e’tiborini Markaziy Osiyo mintaqasiga sarmoya kiritishga jalb etishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Iqlim o‘zgarishining davom etayotgan jarayoni, shuningdek, mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan muammolarni inobatga olgan holda, bank tomonidan ishlab chiqilgan loyiha o‘z vaqtida amalga oshirildi.

Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori T.Proskuryakova oʻtgan qish Markaziy Osiyoda soʻnggi oʻn yillikdagi eng sovuq mavsumlardan biri boʻlganini taʼkidlab, mintaqa davlatlarining energetik xavfsizligini yanada mustahkamlash zarurligini yana bir bor namoyon etdi. Ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish manbalariga asoslangan mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish barqaror energiya ta’minoti va dekarbonizatsiyaga yordam berishi hamda butun mintaqada yashil iqtisodiyotning o‘sishini rag‘batlantirib, yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam berishi ta’kidlab o‘tildi.

Delegatsiyalar rahbarlari joriy yilning yanvar oyida mintaqa duch kelgan energetika inqirozi oqibatlarini yumshatish boʻyicha loyihaning muhimligini, shuningdek, mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirish va mustahkamlash platformasini yaratish hamda energiya resurslaridan samaraliroq foydalanish hamda kelajakda shunga oʻxshash hodisalarni yengish uchun mamlakatlarning kuchli tomonlarini oʻrganish zarurligini taʼkidladilar.

Mintaqa mamlakatlari vakillari mintaqaning energetika sohasiga sarmoya kiritish imkoniyatlari va ehtiyojlari haqida ma’lumot berdi, xususan, Tojikiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari rahbarlari gidroenergetikani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni taqdim etdilar, Qozog‘iston qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish orqali gaz ishlab chiqarish istiqbollari haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston delegatsiyasi energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan turib, mintaqaning barqaror dinamik rivojlanishini ta’minlab bo‘lmasligini ta’kidladi. Mintaqaviy hamkorlik mintaqa elektr tizimining barqarorligini ta’minlashi va davlatlarga iqlim o‘zgarishiga yaxshiroq moslashishga yordam berishi ta’kidlandi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini, ayniqsa qayta tiklanadigan energiya manbalarini hisobga olgan holda, mintaqaviy hamkorlik va mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi har bir ishtirokchi tomonidan inobatga olindi. Shu nuqtai nazardan, loyiha elektr energiyasi savdosida o‘zaro manfaatli savdo maydonchasini yaratadi.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo 2030-yilgacha energetika sohasiga, jumladan quyosh, shamol va gidroenergetikaga, shuningdek, milliy va mintaqaviy elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qariyb 20 milliard dollar sarmoyaga muhtoj bo‘ladi, bu esa tarmoqlarning o‘zaro bog‘lanishi va mintaqaviy savdo imkoniyatlarini yaxshilaydi.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya va elektr energiyasi savdosi yuzasidan taklif etilayotgan loyiha investitsion, texnik yordam va salohiyatni oshirish, tadbirlar kombinatsiyasi hamda energiyaning oʻzaro bogʻlanishini kengaytirish orqali shu hududdagi mintaqaviy elektr energiyasi takomillashtirishga qaratilganligi aytib oʻtildi. Loyihani amalga oshirish muddati 5 yil, dastlabki moliyalashtirish hajmi 60 million dollar, jumladan, 15 million dollar grant mablagʻlari Bank Direktorlar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etish 2023-yil dekabrga rejalashtirilgan.

 

   II Ikki tomonlama muzokaralar

Jahon banki vitse-prezidenti Guang Chjechen O‘zbekistonni energetika inqirozini hal qilishda mintaqaviy yetakchi sifatida ko‘rishini ta’kidladi. Ular qishki energetika inqirozini bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha favqulodda harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun Bank tomonidan zarur yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Bundan tashqari, Bank qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari keskin oshib borishi munosabati bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ zimmasiga moliyaviy yuk ortib borayotganidan xavotir bildirdi va ushbu muammoni yumshatish uchun tarif siyosatini yanada erkinlashtirish zarurligini qayd etdi.

G.Chjen O‘zbekistonda amalga oshiriladigan “yashil” moliyalashtirish bo‘yicha Jahon bankining birinchi global dasturi ishga tushirilgani haqida ma’lumot berdi. Dastur energetika sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun hajmi 50 million yevro bo‘lgan Trast fondini tashkil etishni nazarda tutadi. Bank vitse-prezidenti dasturni amalga oshirish bo‘yicha hukumat koordinatorini tayinlash bo‘yicha so‘rov bildirdi.

Mintaqadagi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, bank Amerika kompaniyasi sarmoyalarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda issiqlik nasoslarini ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Potensial hamkorlik mavzusida Amerika tomoni bilan muzokaralar olib borishga kelishib olindi.

Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) DXSh bo‘yicha global direktori Linda Munyengeterva ta’kidladiki, XMK Oʻzbekistonda 2 milliard dollarlik davlat-xususiy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirayotgani va Oʻzbekistonning amalga oshirilayotgan islohotlarga qiliniyotgan e’tiborni yuqori baholaydi va energetika va infratuzilma loyihalar portfelini yanada kengaytirish niyatida.

Bundan tashqari, quyidagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishilganligi ta’kidlab oʻtildi:

1. Toshkent shahrida DXSh asosida past kuchlanishli tarmoqlar loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish;

2. Shamol stansiyalarini qurish uchun potentsial maydonlarda shamol salohiyatini o‘rganish.

 

Farrux Yunusxo‘jayev, «O‘zbekiston MET» AJ Investitsiyalar bosh boshqarmasi boshlig‘i, delegatsiya a’zosi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>