Kelib tushgan murojaatlar
Murojaatchi: «Bizning yer maydonimizga qurilish-montaj ishlarida zarar yetkazilgan. Ushbu zarar qoplanib berilishida amaliy yordam berishingizni soʻrayman!»
  • 24.01.2023
  • 374

Murojaat egasi: Berdiyev Erali Abdugʻani oʻgʻli, «Pavloniya eko sifat» fermer xoʻjaligi, Samarqand viloyati.

Elektron pochta: eberdiyev70@gmail.com

Murojaat mazmuni: «...Bizning yer maydonimizga «Samarqand magistral elektr tarmoqlari» filiali tomonidan qurilish-montaj ishlarida zarar yetkazilgan. Ushbu zarar bir yildirki qoplanib berilmayotganligi sababli, ushbu zarar summasi — 374898000 soʻmni qoplanib berilishida, amaliy yordam berishingizni soʻrayman!»

Murojaatga javob: Hurmatli fuqaro Erali Abdugʻani oʻgʻli, Sizning uzbekistonmet.uz veb-saytining «Murojaatlar» rukni orqali yuborgan so‘rovingiz tegishli boshqarma va bo‘lim mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi va murojaatingizga javob sifatida quyidagilarni ma’lum qilamiz:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-sentabrdagi 783-sonli qarori va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2021-yil 19-may kuni tasdiqlangan 85-sonli bayonga asosan Samarqand viloyatida 500 kV kuchlanishli «So‘g‘diyona» hamda 220 kV kuchlanishli «Cho‘pon-Ota» podstansiyalari oralig‘ida uzunligi 38,728 km bo‘lgan 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i qurilish ishlari olib borilgan. «Pavloniya Eko Sifat» fermer xo‘jaligiga tegishli 580- va 588-konturlaridan jami 1,7175 gektarga 8 dona temir-beton tayanch o‘rnatish uchun yer maydonlari ajratilib, «O‘zdavyerloyiha» DILIning «Samarqandvilyerloyiha» bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2011-yil 25-maydagi 146-sonli qaroriga va boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan yetkazilgan zarar miqdori 388 898 000 (uch yuz sakson sakkiz million sakkiz yuz to‘qson sakkiz ming) so‘m etib belgilangan va pudratchi hamda fermer xo‘jaligi o‘rtasida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

2022-yil 13-iyuldagi 723-sonli to‘lov topshiriqnomasi bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ «Samarqand MET» filiali tomonidan 14 000 000 (o‘n to‘rt million) so‘m pul mablag‘i ishlarni boshlash maqsadida fermer xo‘jaligining hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2019-yil 16-noyabrdagi 911-sonli qaroriga asosan yetkazilgan zarar miqdori tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ekspertizadan o‘tkazilishini va ijobiy xulosalar olinganidan so‘ng pul mablag‘lari o‘tkazib berilishini ma’lum qilamiz.

Axborot xizmatidan qo‘shimcha ma’lumot: uzbekistonmet.uz veb-saytining «Murojaatlar» rukni orqali fuqaro Berdiyev Erali Abdugʻani oʻgʻli («Pavloniya eko sifat» fermer xoʻjaligi, Samarqand viloyati) tomonidan yuborilgan murojaat A–9-raqamli qaydnoma orqali qayd etilib, rahbariyat ko‘rsatmasiga binoan mas’ul boshqarma va bo‘lim mutaxassislariga ijro uchun yo‘naltirilgan va murojaatchi Berdiyev Erali Abdugʻani oʻgʻliga («Pavloniya eko sifat» fermer xoʻjaligi, Samarqand viloyati) elektron pochtasi orqali rasmiy xat ko‘rinishidagi javob yuboriladi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>