Kelib tushgan murojaatlar
Murojaatchi: «Ko‘cha yoritish tizimi elektr chiroqlari o‘chgan. Kechasi qorong‘ulikda o‘g‘irlik, tajovuzkorlik kabi jinoyatlar sodir bo‘lmoqda»
  • 28.11.2022
  • 243

Murojaat egasi: Mirzayev Mehriddin Mardonovich, Samarqand viloyati

Elektron pochta: mardonovich1971@gmail.com

Murojaat mazmuni: O‘zbekiston Respublikasi elektr tarmoqlari AJga.
Samarqand shahar “Besh Chinor” mahallasi hududida 21 ta ko‘p qavatli uylar mavjud, 23.11.2022-yildan bo‘yon uylarning podezdlari va ko‘cha yoritish tizimi elektr chiroqlari o‘chgan. Sababini so‘raganimizda, aytilishicha, ko‘p qavatli uylarda kvartiradan majburiy to‘lovlar amalga oshirilmagani uchun qarzdorlik mavjudligi uchun deb aytishmoqda. Ayrim fuqarolarning to‘lovni amalga oshirmagani uchun butun xalq azob chekmoqda (bu kommunal xo‘jalik muammosi). Chunki ko‘p qavatli uylarda qariyalar, nogironlar, kasalmandlar, yosh bolalilar bor. Kechasi qorong‘ulikda, o‘g‘irlik, tajovuzkorlik, jinoyatchilik yoki aholining jismoniy jarohat olishiga sabab bo‘lmoqda.

Sizlardan iltimos, yuqorida keltirilgan fikrlarni hisobga olib, ko‘p qavatli uylar podezdlari va ko‘cha yoritish tizimidagi elektr chiroqlarini yoqib berilishida amaliy yordam berishlaringizni so‘raymiz. Aks holda aholi noroziligini yuqori organlargacha bildirishi mumkinligini ma'lum qilmoqchiman, deb Samarqand shahar, “Besh Chinor” MFY raisi M. Mirzayev.

Murojaatga javob: Hurmatli fuqaro, Mehriddin Mardonovich! Sizning uzbekistonmet.uz veb-saytining «Murojaatlar» rukni orqali yuborgan so‘rovingiz tegishli tartibda qabul qilindi.

Murojaatingizga jab berish barobarida, eng avvalo, sizga shuni ma'lum qilishimiz lozimki, “O‘zbekiston Respublikasi elektr tarmoqlari AJ” deb nomlanadigan tashkilot mavjud emas.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalar orqali elektr energiyasini uzatish (transportirovka qilish), 220–500 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i va podstansiyalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, magistral elektr tarmoqlarida qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlarini bajarish, bundan tashqari, elektr energiyasi importi va eksporti masalalari bilan shug‘ullanadi.

Ma'lumot o‘rnida: Elektr energiyasi iste'molchilar bilan bevosita shartnomalar tuzish hamda ularga elektr energiyasini yetkazib berish, iste'molchilar bilan o‘zaro hisobdorlik yuritish, shuningdek, past kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish, simyog‘och va transformatorlar o‘rnatish, shu bilan birga, ko‘plab boshqa xizmatlarni ko‘rsatish “HUDUDIY ELeKTR TARMOQLARI” AJning vakolatiga kiradi.

⇒ «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat uchun:  het.uz – rasmiy veb-sayti;  Telegram – @hetmuloqot, @HET_admin. Facebook – Hududiy elektr tarmoqlari. Call centre: 1154

Murojaatingizga javob sifatida shuni ma'lum qilishimiz mumkinki, ko‘cha chiroqlari va ularni tutib turuvchi simyog‘ochlarga mahalliy hokimiyat organlarining Obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan servis xizmatlar ko‘rsatilishi belgilangan. 

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 10 yanvar sanasida imzolangan »Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida (4-band) shunday deyilgan: “...Shaharsozlik hamda sanitariya me'yorlari va qoidalariga muvofiq obodonlashtirish ob'ektlarini saqlash va ulardan foydalanish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarining asosiy vazifalari etib belgilansin. 

Ularning asosiy vazifalariga shu jumladan quyidagilar kiradi:

• ko‘chalar, skverlar, xiyobonlar, yodgorlik majmualari va umumiy foydalaniladigan boshqa ko‘kalamzor zonalarni ko‘kalamzorlashtirish, dov-daraxtlarni parvarish qilish bo‘yicha agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish;

• yo‘l-ko‘prik xo‘jaligini (ko‘chalar, yo‘laklar qatnov qismining yo‘l qoplamasi, bekat ko‘tarmalari, yer osti o‘tish joylari, ko‘priklar, transport chorrahalari va yo‘l o‘tkazgichlar, yon bordyurlar, suv chiqarib yuborish tarmoqlari va boshqa sun'iy inshootlar) saqlash, mukammal va joriy ta'mirlash;

• xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini saqlash, mukammal va joriy ta'mirlash;

• drenaj xo‘jaligini (vertikal va gorizontal quduqlar, ochiq va yopiq kollektorlar, sun'iy havzalar, yer osti va yomg‘ir suvlarini haydaydigan nasos stansiyalari) va favvoralarni saqlash, mukammal, joriy ta'mirlash va ulardan foydalanish bo‘yicha boshqa ishlar;

elektr energiyasini tejash maqsadida zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarni joriy etgan holda yo‘llar va ko‘chalarning tashqi yoritish tarmoqlarini saqlash, mukammal va joriy ta'mirlash hamda ulardan foydalanish bo‘yicha boshqa ishlar.

Shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari to‘g‘risida Namunaviy nizom hujjatida bu haqda batafsil tushuntirish berilgan.

Manba: https://lex.uz/docs/2117709.

Hurmatli fuqaro — Samarqand shahar “Besh Chinor” MFY raisi Mehriddin Mirzayev, Siz ushbu murojaatingiz mazmunini Samarqand shahar hokimiyatiga yo‘llashingiz maqsadga muvofiq.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>