Davlat rahbarlari birgalikda “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasiga bordi.
Ushbu majmuada qadimiy shaharlarimiz qiyofasi, milliy an’analarimiz bilan birga do‘st xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan. Xususan, Afrosiyob yodgorligi devorlarida saqlanib qolgan Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan.
Bunday ma’no-mazmun, tarix va bugungi kun uyg‘unligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu yerda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar yetakchilarining tashrifi sharafiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan qabul marosimi o‘tkazildi.
Davlat rahbarlari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘ldi. Ular Samarqand sammiti yuksak saviyada o‘tayotgani, bugun ikki tomonlama uchrashuvlarda muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdilar.
Sahnadagi kuy-qo‘shiqlarda o‘zaro hurmat va do‘stlik, tinchlik, mehr-muhabbat kabi umumbashariy qadriyatlar tarannum etildi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasidagi asosiy tadbirlar ertaga, 16 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Manba: https://president.uz/oz/lists/view/5539
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati