Murojaat egasi: Hasanboyev Azizbek Baxtiyorjon o‘g‘li, Farg‘ona viloyati
Elektron pochta: qaqatillo613@gmail.com
Murojaat mazmuni: Biz Farg‘ona viloyati, Yozyovon tumani, Qorasoqol mahalla fuqarolari yig‘ini, Navro‘z ko‘chasi, 10-uy manzilida ota-onam, men va turmush o‘rtog‘im, ikki nafar farzandim, ukam, turmush o‘rog‘i va 1 nafar farzandi hamda voyaga yetgan ikkinchi ukam bilan yashab kelmoqdamiz. Otam 2 guruh nogironi.
Bu yil “chek yerimiz”ga uy qurmoqchi edik, lekin yerimizning tepasidan yuqori kuchlanishli elektr toki o‘tganligi uchun uy qurganimiz yo‘q. Ushbu elektr toki yog‘och simyog‘ochlar bo‘lib, juda past joylashgan. Uy qursam elektr simiga tegib qoladi. Shuning uchun, elektr tokini o‘tgan yo‘nalishini o‘zgartirishni so‘rab murojaat qilmoqdaman. Ya'ni elektr tokini “chek yerim”ning narigi tomonidan olib o‘tib ketsa bo‘ladi. Chunki yerimni narigi boshida hech qanday aholi uchun berilgan yerlar yo‘q.
Shu sababli kelib o‘rganib, murojaatimni ijobiy hal qilib berishlaringizni so‘rayman. Hududimdagi elektr idorasiga ariza bilan murojaat qilsam, elektr simlarni ko‘chirish xarajatlarni o‘zim qoplab bersam, ko‘chirishlarini aytishdi (og‘zaki aytishdi). Murojaat javob xatida esa buni iloji yo‘qligini aytishgan. Shu masalada yordam berishlaringni so‘rayman.
Murojaatga javob: Hurmatli fuqaro, Azizbek Baxtiyorjon o‘g‘li! Sizning uzbekistonmet.uz veb-saytining «Murojaatlar» rukni orqali yuborgan so‘rovingiz tegishli tartibda qabul qilindi.
Murojaatingizga javob o‘rnida, eng avvalo sizga shuni ma'lum qilishimiz lozimki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalar orqali elektr energiyasini uzatish (transportirovka qilish), 220–500 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i va podstansiyalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, magistral elektr tarmoqlarida qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlarini bajarish, bundan tashqari, elektr energiyasi importi va eksporti masalalari bilan shug‘ullanadi.
Siz murojaatda tasvirlab o‘tgan yog‘och simyog‘ochlar past kuchlanishli elektr tarmoqlari toifasiga kiradi va bu masalaga yechim topish uchun murojaatingiz mazmuni turdosh tashkilot — «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning matbuot xizmatiga yo‘naltirildi. Umid qilamizki, mas'ul xodimlar murojaatingizni o‘rganib, sizga tegishli tartibda javob berishadi.
Iste'molchilar bilan bevosita shartnomalar tuzish hamda ularga elektr energiyasini yetkazib berish, iste'molchilar bilan o‘zaro hisobdorlik yuritish, shuningdek, past kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish, simyog‘och va transformatorlar o‘rnatish, shu bilan birga, ko‘plab boshqa xizmatlarni ko‘rsatish “HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJning vakolatiga kiradi.
⇒ “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat uchun:
het.uz – rasmiy veb-sayti
Telegram – @hetmuloqot, @HET_admin
Facebook – Hududiy elektr tarmoqlari
Call centre: 1154
Qo‘shimcha ma'lumot:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son «Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroridan:
2-bob, 15-band: Muhofaza zonalarida elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining xavfsiz ishlashining buzilishi, ... jumladan:
a) elektr uzatish havo liniyalari simlariga va tayanchlariga begona predmetlarni tashlash, shuningdek, elektr uzatish havo liniyalari tayanchlariga ko‘tarilish;
b) ... elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlariga yurib o‘tish va transport vositasida o‘tish joylariga har qanday obyektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish;
v) … elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi doirasida, shuningdek, elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish;
g) ... ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish;
d) axlatxonalarni joylashtirish;
ye) ... yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash va quyish (elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonasida) taqiqlanadi.
3-bob. Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish
13. Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari ushbu elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari o‘z ixtiyorida bo‘lgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinadi.
14. Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalari quyidagicha o‘rnatiladi:
a) elektr uzatish havo liniyalari bo‘ylab — chetdagi simlardan, ularning og‘magan holatida elektr uzatish liniyasining ikkala tomoni bo‘ylab (havo elektr uzatish liniyasi tayanchi balandligiga mos bo‘lgan balandlikdagi) quyidagi masofadagi parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo makoni qismi ko‘rinishida kuchlanishi:
• 20 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 10 metr (aholi punktlari chegaralarida joylashgan o‘zini o‘zi tutib turuvchi yoki izolyasiyalangan simli liniyalar uchun 5 metr);
• 35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 15 metr;
• 110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 20 metr;
• 220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 25 metr;
• 500 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 30 metr.
Manba: https://lex.uz/docs/4133978
O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati