Kelib tushgan murojaatlar
Murojaatchi: “O‘qiyotgan soham bo‘yicha yuqori davlat tashkilotlarida ishlab, Oilam va Vatanim kelajagi uchun hissa qo‘shmoqchiman!”
  • 01.07.2022
  • 310

Murojaat egasi: Nodirbek Abdumalikov Otabek o‘g‘li, Farg‘ona viloyati

Elektron pochta: abcmalikov@gmail.com

Murojaat mazmuni: «Assalomu alaykum! «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ xodimlari, yaxshimisizlar? Men Nodirbek Abdumalikov Otabek o‘g‘li FarPI sirtqi ta'lim, elektr energetikasi yo‘nalishi bo‘yicha 3-kursni tamomlamoqdaman.

Men o‘qiyotgan soham bo‘yicha yuqori davlat tashkilotlarida ishlab, oilam va Vatanim kelajagi uchun hissa qo‘shmoqchiman. Yurtboshimiz tomonidan ham talabalarni davlat tashkilotlarida ishlashiga ruxsat berganlari ham bejiz emas.

Quyida men o‘z ma'lumotlarimni rezume ko‘rinishida jo‘natib qo‘ymoqdaman va albatta «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Farg‘ona filialida menbop ish topib berishingizga ishonaman. Va tez fursatlarda sizlardan yaxshi xabar kutib qolaman, charchamanglar!

Murojaatga javob: Hurmatli fuqaro, Nodirbek Otabek o‘g‘li! Sizning uzbekistonmet.uz veb-saytining "Murojaatlar" rukni orqali yuborgan so‘rovingiz tegishli tartibda qabul qilindi.

Murojaatingizga javob o‘rnida, eng avvalo sizga shuni ma'lum qilishimiz lozimki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining kadr_nes@mail.ruinfo@uzbekistonmet.uz elektron pochtalari orqali tegishli hujjatlaringizni, qaysi bo‘sh ish o‘rniga ishga kirish uchun yuborayotganingizni belgilab (shu bo‘sh ish o‘rniga ishga qabul qilish uchun qo‘yilgan talablarga muvofiq kelishingizni bilgan holda) yuborgan bo‘lsangiz, u albatta Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Ma'lumot o‘rnida: «Onlayn rezyume»  https://www.uzbekistonmet.uz/oz/appeal/resume.

MANZIL: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Osiyo ko‘chasi, 42-uy. Mo‘ljal: Yunusobod tumani hokimiyati.

Murojaat uchun: 71-236-6615.

Veb-sayt: uzbekistonmet.uz

Elektron pochta:  kadr_nes@mail.ruinfo@uzbekistonmet.uz

Xodimlar bilan ishlash boshqarmasidan murojaat:

Tashkilotimiz magistral elektr tarmoqlari yo‘nalishi bo‘yicha (elektr energetika tarmog‘ida qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya, ta'mirlash-tiklash ishlari) faoliyat olib borgani bois, nomzodlar oliy ta'lim muassasalarining energetika yo‘nalishini bitirgan bo‘lishi talab etiladi.

Bo‘sh ish o‘rinlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish jarayoni shaffof bo‘lishini ta'minlash maqsadida, biz har oyda to‘plangan rezyume-ob'ektivkalarni jamlab, tegishli xizmat, bo‘lim va boshqarma boshliqlariga taqdim etamiz. Taqdim etilgan ma'lumotnomalar mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, atroflicha ko‘rib chiqiladi. Tarjimai holdagi ma'lumot-ko‘rsatkichlar mutaxassislarga ma'qul kelsa, nomzod bevosita suhbatga chaqiriladi.

Shundan so‘ng bo‘sh ish o‘rni bo‘yicha rahbariyatga ushbu mutaxassisning nomzodini tavsiya etiladi va ishga qabul qilinadi.

Ma'lum bir bo‘sh o‘rinlariga hujjat topshirgan nomzodlar suhbatga chaqirilayotgani (sanasi va vaqti) Aksiyadorlik jamiyatining rasmiy-veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e'lon qilib borilmoqda. E'tiborli bo‘ling va ijtimoiy tarmoq sahifalarimizga obuna bo‘lishni unutmang!

⇒ «Bo‘sh ish o‘rinlari» rukni https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/category/25

Axborot xizmatidan tavsiya: Hurmatli fuqaro Nodirbek Otabek o‘g‘li, mehnat faoliyatingizni boshlashdan oldin o‘zbek tilida imloviy va uslubiy xatolarsiz yozishni o‘rganing. Ayniqsa, ma'lum bir sohaning yuqori, boshqaruv organlarida ishlashdan oldin quyi tashkilotlarda yetarlicha ish tajribasi orttirish, tahsil olish jarayonida olgan bilimlaringizni amaliy ishda mustahkamlash karerangiz uchun muhim deb hisoblaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, texnik-muhandislik yo‘nalishidagi tashkilot ma'muriy-boshqaruv lavozimlarida samarali mehnat qilish uchun xodimlardan elektr ob'ektlarining turli tarmoq yo‘nalishlarida ko‘p yillik bilim-tajriba orttirish, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalaridagi ekspluatatsiya jarayoni, ya'ni ta'mirlash-sozlash va qurilish-montaj amaliyoti hamda loyihalashtirish-rejalashtirish vazifalarini mukammal egallagan bo‘lish maqsadga muvofiq.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>