Murojaat egasi: Akmalov Eldor Sodiq o‘g‘li
Elektron pochta: kom-e@mail.ru
Murojaat mazmuni: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi D.A.Isaqulovga (17-sonli 12.01.2021-yildan)
Hurmatli Dadajon Aynaqulovich!
“Wang Da Rolling Steel” MChJ qo‘shma korxonasi 2018-yilda tashkil etilgan va Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi yagona bo‘lgan yirik og‘irsanoat korxonasi hisoblanadi.
Sirdaryo viloyati Shirin shahrining iqtisodiy salohiyatini ko‘tarish va mahalliy aholini ish bilan ta'minlash borasida amalga oshirayotgan investitsiya dasturimiz davlatimiz rahbarlarining maqtoviga sazovor bo‘lmoqda.
Investitsiya loyihamizga asosan Sirdaryo viloyatiga 2018- va 2022-yillar davomida 25 mln AQSh dollardan ziyod investitsiya kiritishga erishilib, jahon standarti talablariga javob beruvchi sifatli metalloprokat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavod qurilishini yakunladik.
Zavodimizni elektr energiyasi bilan ta'minlash borasidagi masala Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev e'tiborlariga tushib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov tomonidan tasdiqlangan.
2019-yil 23-dekabr kundagi 41-sonli bayonnoma va boshqa bir qator me'yoriy hujjatlarda o‘z aksini topib, natijada Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 01-martdagi 69-F-sonli Farmoyishiga asosan zavodimizga elektr energiya yetkazib beruvchi 220/35/06 kV “Wang Da” podstansiyasi qurildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 23.12.2019-yildagi 41-sonli protokolini 2-bandi bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan podstansiya uchun 2 ta 40 mvt quvvatga ega bo‘lgan transformator bilan ta'minlanish vazifasi yuklatilgan.
“Wang Da” 220/35/6 podstansiyasi qurilish ishlari yakunlangan bo‘lsa-da, hozirgi kunga qadar podstansiyaga o‘rnatilishi lozim bo‘lgan T1 40 Mvt quvvatga ega bo‘lgan transformator uzluksiz elektr ta'minoti havo tarmog‘iga ulanmagan. Hozirda ushbu transformator “Energota'mir” AJ korxonasida ta'mirlanmoqda.
Bajarilgan ta'mir ishlari yakunida T1 40 mvt quvvatga ega bo‘lgan transformator cho‘lg‘amlari sinovdan o‘tkazilgan. “Energota'mir” AJ tomonidan 19.11.21-yil kunida taqdim etilgan sinov bayonnomasiga ko‘ra, yuqori kuchlanish cho‘lg‘amlarining izolyasiya qarshiligi 375 Mom ga teng bo‘lgan. Vaholanki, “Elektr uskunalarini sinov me'yorlari va qoidalari” talablariga ko‘ra yuqori kuchlanishli transformator cho‘lg‘amlarning izolyasiya qarshiligi 500 Mom dan kam bo‘lmasligi ko‘rsatilgan. Aslida esa, T1 40 mvt quvvatga ega bo‘lgan transformatorning cho‘lg‘amlarining izolyasiya qarshiligi 375 Mom ga teng bo‘lib, belgilangan me'yordam ancha kam.
Hozirda, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ xodimlari tomonidan 2021-yilning dekabr oyidan boshlab transformatorni qizdirish, transformator moyini regeneratsiya — degazatsiya ishlarini amalga oshirish orqali transformatorning izolyasiya qarshiligini sozlab, belgilangan me'yorga keltirish ishlari bajarilmoqda ko‘rmoqdalar.
Ushbu ishlarni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqarma boshlig‘i A.Sultanov, “Sirdaryo MET” filiali muhandisi M.Yu.Sokolov o‘z nazoratiga olib, T1 transformatorni “Energota'mir” AJ muhandislari bilan birga ta'mirlash ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Lekin, bugungi kunga qadar, T1 transformatorning holati bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilmagan. T1 transformatori podstansiyaga o‘rnatilib, shu holatda ishga tushirilsa kutilmagan avariya holati yuz berish ehtimoli juda katta.
220/35/6 “Wang Da” podstansiyasi O‘zbekiston energiya tizimini 220 kV kuchlanishga ega bo‘lgan havo liniyasiga ulanganligi bois, T1 40 Mvt quvvatga ega bo‘lgan transformatorda qisqa tutashuv sodir bo‘lsa, energo tizimga katta ziyon yetishi mumkin.
220/35/6 kV kuchlanishli “Wang Da” podstansiyasini qurish ishlarini Bosh pudratchi sifatida 19.11.2019 yildagi 192-KS-sonli Pudrat shartnomasiga asosan “4-sonli montaj boshqarmasi” AJ (MU-4) olgan bo‘lsa-da, bugunga qadar ob'ektni Buyurtmachiga o‘z vaqtida to‘liq soz holatda foydalanishga topshirmaganligi oqibatida, korxonamiz juda katta iqtisodiy zarar ko‘rmoqda. Zavodimiz Davlat dasturiga kiritgan reja va tadbirlarini o‘z muddatida bajara olmayapti. Bular qatorida Shirin shahrida yangi ish o‘rinlari yaratish va eksportni yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalar ham bor.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2021-yil 01-martdagi 69-F-sonli Farmoyishiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan podstansiya qurilishi uchun zarur bo‘lgan elektr uskunalarini sotib olish uchun 26.05.2021-yilda ajratgan 14.3 mlrd so‘m budjet ssudasini “Sirdaryo XETK” AJ bilan 11.03.2021-yilda imzolangan 95-sonli shartnoma talablari asosida qaytarishimiz lozim. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bank Sirdaryo viloyat filiali tomonidan 13.11.2018-yilda imzolangan 2018/622-sonli kredit shartnomasiga asosan ajratilgan 8 mln AQSh dollar miqdoridagi kredit qarzdorlikni muddatida to‘lash majburiyatini olganmiz.
Qisqa qilib aytganda, hozirda “Wang Da Rolling Steel” MChJ qo‘shma korxonasi o‘z ish faoliyatini boshlagan bo‘lsa-da, elektr ta'minotidagi belgilangan to‘liq quvvat mavjud emas, natijada zavod 40% kuch bilan kuniga olti soat ishlab, ishlab chiqarish jarayonida podstansiyadan 25 mvt elektr quvvatini iste'mol qilmoqda. Bu esa yuqoridagi ko‘rsatib o‘tilgan zavod oldida turgan katta sarf-xarajatlarni qoplash uchun yetarli emas va moliyaviy tanqislikni keltirib chiqarmoqda.
Hurmatli Dadajon Aynaqulovich, yuqoridagilarga ko‘ra “Wang Da Rolling Steel” MChJ qo‘shma korxonasi ishlab chiqarish faoliyatini 100% to‘liq yo‘lga qo‘yish maqsadida, qurilgan Wang Da 220/35/6 podstansiyasiga o‘rnatilishi lozim bo‘lgan T1 40 mvt quvvatga ega bo‘lgan transformatorni o‘rniga, boshqa — soz holdagi transformatorga almashtirib, 220/35/6 “Wang Da” podstansiyasini 2022 yil 25 yanvar kuniga qadar to‘liq quvvatda ishga tushirilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz.
Hurmat bilan,
“Wang Da Rolling Steel” MChJ qo‘shma korxonasi direktori E.Akmalov
Murojaatga javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-dekabrdagi 41-sonli yig‘ilish bayonnomasiga Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasi” tarkibidagi Shirin shahrida tashkil etilgan “Wang Da Group” MChJ QKning “Metallni qayta ishlash zavodi”ni elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun qurilayotgan 220/35/6 kV “Wang Da” podstansiyasi orqali elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga oid bo‘lgan vazifalarni bajarishga tayyorligini ma'lum qiladi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “O‘zbekiston MET” AJ tomonidan “4-sonli montaj boshqarmasi” AJga joriy yilning yanvar oyi yakuniga qadar “Wang Da 220/35/6 kVli podstansiyasini to‘liq quvvatda ishga tushirilishi bo‘yicha topshiriq berildi.
✍ Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi
???? «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati