Yangiliklar
BIR MASALAGA TURLICHA YONDASHUV VA TALQIN QACHONGACHA DAVOM ETADI? yoxud elektr energiyasi importi va eksporti masalalari
  • 05.12.2019
  • 981

BIR MASALAGA TURLICHA YONDASHUV VA TALQIN QACHONGACHA DAVOM ETADI?

yoxud elektr energiyasi importi va eksporti masalalari

 

     Hech kimga sir emas, zamonaviy turmush tarzimizga har jihatdan ommaviy axborot vositalari va internetdagi media-makonning ta’siri yildan-yilga, kundan-kunga ortib bormoqda. Bu dunyo hamjamiyati, davlat tashkilotlari va jamoatchilik o‘rtasida uzviy aloqa o‘rnatib, mavjud muammo va yutuqlar, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha kuniyoq, o‘sha soatdayoq muhokama etilishiga, ma’lum ma’noda yechim topilishiga, xavfning oldi olinishiga, axborot erkinligining ochiqlik va shaffoflik tamoyillari bajarilishiga xizmat qilmoqda.

     Biroq...

     Biroq bir masalaga turli tomondan yondashuv, noto‘g‘ri talqin, «jarangdor» va «vahimali» sarlavhalaru birorta surishtiruv va o‘rganish natijasi bo‘lmagan «havolali jumlalar»dan iborat matnlar jamoatchilikni ma’lum ma’noda sarosimaga solib qo‘yayotgani ham rost.

     Nima emish, O‘zbekiston Turmanistondan elektr energiyasini import qilishi munosabati bilan Tojikiston O‘zbekistonga elektr energiyasi eksport qilishni to‘xtatibdi...

     Avvalo, bu ikkita masalani bir-biriga bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri! Ikkinchidan, Tojikiston Respublikasidan import qilingan elektr energiya amaliyoti tugatilganiga qariyb 3 oy bo‘ldi! Bu haqda endi xabarlar e’lon qilishdan qanday naf ko‘zlangan?!

     Kun.uz saytida e’lon qilingan «Tojikiston O‘zbekistonga elektr energiyasi eksport qilishni to‘xtatdi» nomli xabarning havolasi negadir ochilmayapti (chegaralangan sayt bo‘lishi mumkin).

     Ushbu masalada murojaat qilgan kun.uz muxbiriga haqqoniy ma’lumotlarni bildirish orqali jamoatchilikda to‘g‘ri fikr-munosabat shakllanishidan umidimiz bor. Ammo e’tirozimiz ham borki, yuqoridagi xabar avval o‘rganilib, so‘ng e’lon qilinganda bir necha ming kishilik auditoriya, umuman olganda, jamoatchilikda noto‘g‘ri fikr shakllanmagan bo‘lar edi. Media-makonda o‘rganilmagan, shov-shuvli xabarni birinchi bo‘lib e’lon qilish «estafetasi» alal-oqibat davlat va jamiyatga ziyon keltirmoqda.

     Endi elektr energiya importi va eksporti masalasi...

 

     O‘zbekistonga Tojikistondan elektr energiya importi bo‘yicha rasmiy ma’lumot

 

     2019-yil 3-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyasining qarori va energetika hamda suv manbalari muvozanatini barqarorlashtirish, mamlakatimiz iste’molchilarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanish, shuningdek, 2019/2020 yillar kuz-qish mavsumiga elektr uskuna va jihozlarni sifatli tayyorlash maqsadida 2019-yil 5-aprelda Tojikiston Respublikasining «BARKI TOCHIK» ochiq aksiyadorlik xolding kompaniyasi va «O‘zbekenergo» AJ o‘rtasida Tojikistondan 2019-yil aprel-sentabr oylarida elektr energiyasi importi bo‘yicha shartnoma imzolangan edi.

     Qishloq xo‘jaligini sug‘orish mavsumida, ya’ni Tojikiston gidroelektr stansiyalari suv omborida to‘plangan suvlarni sarflash jarayonida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi import qilish hisobiga (jami 1,57 mlrd.kVt•soat) O‘zbekiston elektr energiya tizimi quyidagi natijalarga erishdi:

     - O‘zbekistonda mavjud bir nechta issiqlik elektr stansiyalarida yoqilg‘i sarfini, aniqrog‘i 480,0 mln. metr kub miqdorida tabiiy gaz iqtisod qilinishiga;

     - qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga qo‘shimcha suv hajmi olinishi, ya’ni tabiatda suv aylanishi tabiiy jarayonida Tojikistondagi daryolar orqali mamlakatimiz suv havzalariga kirib keladigan suv oqimini me’yoriy darajadan tushib ketmasligiga;

     - o‘tgan kuz-qish mavsumida yuqori yuklamada ishlagan issiqlik elektr stansiyalar bloklarini joriy ta’mirlash, magistral elektr tarmoqlarini tekshiruvdan o‘tkazish va hokazo amaliyotlarni bajarishga. 

     Eng muhimi, O‘zbekiston energetika tizimi uchun elektr energiyasini import qilish tabiiy gaz, ko‘mir, mazut va boshqa neft mahsulotlari sarfini kamaytirish hamda ularni kuz-qish mavsumi uchun zaxira qilish imkonini beradi.

 

Tejamkorlik madaniyati bizda qachon shakllanadi?

 

     Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi... Xo‘sh, aprel-sentabr oylarida Tojikiston gidroelektr stansiyalaridan elektr energiyasi import qilish hisobiga neft-gaz mahsulotlari tejalibdi va zaxira qilinibdi, qani ular?

     Har kuni issiqlik elektr stansiyalarida 49-52 mln kub tabiiy gaz va 1000 tonna atrofida mazut, 16000 tonna ko‘mir va boshqa neft mahsulotlari yoqilmoqda (ayni kunlardagi ko‘rsatkich). Atmosferaga chek-chegarasi yo‘q zararli gazlar tarqalmoqda va ekologik muvozanatga jiddiy zarar yetkazilmoqda.

     To‘g‘ri, «yashil energiya» tizimiga o‘tish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Shamol elektr va fotoelektr stansiyalari, atom elektr stansiyalarini qurish va ekspluatatsiya qilish yuzasidan hukumatlararo investitsion dasturlar qabul qilingan, loyihalashtirish talablari tasdiqlangach, qurilish ishlari boshlab yuboriladi. O‘zbekiston hukumati ham dunyo davlatlari kabi energetika sohasida qayta tiklanuvchi energiya salmog‘ini oshirish uchun bir qancha ishlarni amalga oshirmoqda.

     Savolga javob va masalaga yechim — o‘zimizda, iste’molchilarda! Iste’molchi deganda ham jismoniy shaxslar (abonentlar), ham yuridik shaxslar (sanoat korxonalari) nazarda tutilmoqda. Energiyatejamkorligi va energiyasamaradorligi — bu, avvalo, madaniyat belgisi! Bu biz kelajak avlodlarga qoldirayotgan tabiiy boyliklar va ekologik muhit!

     Birgina misol: 2019-yil sentybr oyining 4-sanasida 158,52 mln. kVt•soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lsa, dekabr oyining 4-sanasida 203,97 mln. kVt•soat elektr energiyasi iste’mol qilingan. Bu qariyb 30% ga ko‘p degani.

     Xo‘sh, nima uchun buncha ko‘p?

     Tasavvur qiling: tabiiy boyliklarimiz (tabiiy gaz, ko‘mir, mazut) yoqilib, issiqlik energiyasi hosil qilinadi, issiqlik (bug‘-gaz) energiyasidan mexanik energiya, mexanik energiyadan elektr energiyasi, eng qizig‘i, iste’molchiga ming mashaqqat va texnologik sarflar (yo‘qotishlar!) bilan yetkazilgan elektr energiya yana spiralli qo‘lbola pechlar yordamida issiqlikka aylantiriladi! Ushbu jarayonda, ta’bir joiz bo‘lsa, MANTIQ deb atalmish tushuncha yo‘qdek.

     Axir elektr energiyasi tejalsa, undan samarali foydalanilsa o‘sha tejalgan gaz va ko‘mir xonadonlarni isitish uchun yetib boradi-ku!

     Yodda tuting, bexuda yonib turgan elektr chirog‘i va bexuda ishlayotgan elektr jihozi aslida qimmatbaho va tugab borayotgan tabiiy gaz degani!

     Endi o‘zingizga shu savolni bering: mening energiya tejamkorlik va samaradorlik madaniyatim qay ahvolda? Kelajak avlod, ya’ni o‘z farzandlarimga qanday meros, qanday ekologik muhit  qoldirayapman?!

 

Ulug‘bek Urunov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»
aksiyadorlik jamiyati boshqaruv
raisining matbuot kotibi

 

Kanalga a’zo bo‘ling!  t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>