Yangiliklar
XORAZMDA OSIYO TARAQQIYOT BANKI ISHTIROKIDAGI INVESTITSION LOYIHA AMALGA OSHIRILMOQDA
  • 05.11.2019
  • 788

   Mamlakatimizda yildan-yilga sanoat tarmoqlari rivojlanib, aholining turmush darajasi o‘sib borayotgani sari elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ham sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yirik investitsion loyiha dasturlarini o‘z vaqtida, sifatli bajarishni talab etadi.

   «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan Osiyo Taraqqiyot Banki ishtirokida amalga oshirilayotgan 220 kV li «Taxiatosh» issiqlik elektr stansiyasidan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi yashash punktigacha elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi xuddi shunday yirik loyihalarida biri hisoblanadi.

   Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-iyundagi  PQ-2541-sonli qaroriga asosan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.

   220 kV li «Taxiatosh» IESdan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi yashash punktigacha elektr uzatish liniyasini qurish loyihasining birinchi bosqichida  «Xorazm» podstansiyasidan Sarimoy aholi punktigacha 152 km 220 kV li havo liniyasini qurish rejalashtirilgan. Bugungi kunda qurilish obyektida jami 498 dona ustun o‘rnatish ishlari tugallanib, 145 km uzunlikdagi 220 kV havo liniyasini qurish ishlari yakunlandi.

   Loyihaning ikkinchi bosqichida «Taxiatosh» IESdan «Xorazm» podstansiyasigacha qurilish-montaj ishlari bajarilishi nazarda tutilgan. Qurilish obyektida 6 ta pudratchi tashkilotlar, 227 nafar mutaxassis-xodimlar, 96 ta maxsus texnika ishlamoqda.

   Bugungi kunda loyiha ishlarni jadallashtirish maqsadida «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi viloyat filiallaridan yana 100 nafar yordamchi ishchi-xodimlar jalb qilingan.

   Hozirda ishchi-xodimlar 441-, 565-, 4-, 671-, 716-, 714-piketlarda metall ustunlarni yig‘ish ishlarini bajarmoqdalar. Loyiha amaliyoti davomida 385 dona temir va 358 dona temir-beton, jami 743 dona ustunlar o‘rnatilishi nazarda tutilgan.

   Ma’lumot o‘rnida: qurilish obyektlarida 498 dona ustun o‘rnatish ishlari tugallanib, 145 km uzunlikdagi 220 kV havo liniyasini qurish ishlari yakunlandi. Ayni kunlarda davom etayotgan 195,3 km uzunlikdagi elektr tarmoq qurilish ishlari dekabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.

   Loyihaning II bosqichi bo‘yicha jami 61 dona temir va 30 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi. Jumladan: «Elektrtarmoqqurilish» AJ tomonidan 21 dona; «Elektrqishloqqurilish» AJ tomonidan 15 dona; «O‘zqishloqelektrqurilish» AJ tomonidan 9 dona; «Magistraltarmoqqurilish» tashkiloti tomonidan 4 dona; «Elektroapparat» AJ tomonidan 42 dona ustunlar o‘rnatildi.

   Qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>