OAV va jamoatchilik bilan ishlash
DAVLAT ORGANLARI MATBUOT KOTIBLARI RAHBARLAR MASLAHATCHISI MAQOMIGA EGA BO‘LDI
  • 28.07.2019
  • 1282

   Prezident qarori bilan davlat organlari matbuot kotiblari axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ldi. Ular Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xulosasi bo‘yicha tayinlanadi.

   O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-iyun kuni «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.Hujjatda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik va aholini xabardor qilish sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

   Axborot xizmatlarining asosiy vazifalari etib aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish, OAVda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining chiqishlarini tashkil etish, jamoatchilik fikrini o‘rganish va boshqalar belgilandi. Davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari xodimlari ustuvor ravishda jurnalistika sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar orasidan lavozimga tayinlanadi.

   Davlat organlari axborot xizmatlari rahbarlari bir vaqtning o‘zida davlat organi va tashkiloti rahbarining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi hamda mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra davlat organi va tashkiloti rahbarining o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

   Endilikda matbuot kotibi tegishlicha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) yoki uning hududiy bo‘linmalari xulosasini hisobga olgan holda lavozimga tayinlanadi va har uch yilda agentlikda attestatsiyadan o‘tadi.

   Davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalarida axborot xizmati nazarda tutilishi shart. Axborot xizmatlari matbuot kotibi bilan bir qatorda OAV va jamoatchilik bilan aloqalar, veb-resurslar va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash uchun mas’ul xodimlardan iborat bo‘ladi.

   Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlariga ularning xizmat majburiyatiga kirmaydigan qo‘shimcha majburiyatlarni yuklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

   Qarorga ko‘ra, axborotlar davlat organlari va tashkilotlarining veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, mobil messenjerlardagi sahifalarida kuniga kamida bir marta joylashtirilishi va yangilanishi lozim.

   AOKAning davlat organlarining axborot xizmatlarini muvofiqlashtirish bo‘limi Axborot xizmatlari faoliyatini tashkil qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi sifatida qayta tashkil etildi.

   Bir oy muddatda matbuot kotiblari aloqa vositalari, jumladan, hukumat aloqasi, shuningdek, keng polosali internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bilan ta’minlanishi lozim. Ular tajriba orttirish va xorijiy mamlakatlarning tegishli tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, ularni axborot jihatdan ta’minlash uchun safar qiluvchi delegatsiyalar tarkibiga kiritiladi.

   O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan birgalikda davlat organlari va tashkilotlaridagi axborot xizmatlari xodimlari va rahbarlarining malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi. 2020 yil 1 yanvarga qadar axborot xizmatlari rahbarlari attestatsiyadan o‘tkaziladi.

   Adliya vazirligiga ikki oy muddatda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ma’lumot taqdim etmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etganlik, shuningdek, OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni belgilash to‘g‘risida takliflar kiritish topshirildi.

   Xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini ilgari surish hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida targ‘ibot qilish va jamoatchilikni keng xabardor qilishga qaratilgan axborot kampaniyalarini o‘tkazish maqsadida Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har yili 20 milliard so‘m ajratiladi.

 

 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

Manba: gazeta.uz

>