Yangiliklar
5,0 mld kVt•soat ELEKTR ENERGIYASI QAERDA?!
  • 24.10.2019
  • 664

  Yaqinda internet sahifalarida O‘zbekiston iste'molchilariga joriy yilda 69 milliard kVt.soat elektr energiyasi zarur bo‘lishi, ishlab chiqarish esa 64 mlrd kVt•soatni tashkil etishi (rasmiy ma'lumot), go‘yoki yetmayotgan 5,0 mlrd. kVt•soat elektr energiyasi Afg‘onistonga eksport qilinayotgani haqida ma'lumotlar (ayrim internet foydalanuvchilarining fikr-mulohazalari) tarqaldi.

  Nega o‘zimizda tanqis bo‘lgan energiya qo‘shni davlatga sotiladi, shuning uchun elektr ta'minotida uzilishlar bo‘layotgan ekan-da, degan savollar ayni paytda mediamakonda qizg‘in muhokama etilmoqda.

  O‘zbekiston Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ ning Axborot xizmati mazkur masala yuzasidan rasmiy bayonot e'lon qiladi va u quyidagicha:

  Ko‘pchilikka ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining yuqori kuchlanishli havo liniyalari chegaradosh mamlakatlarning magistral elektr tarmoqlari bilan barqarorlikda ishlaydi. Qo‘shni mamlakatlar dispetcherlik xizmatlari o‘zaro muvofiqlashuv asosida mintaqaning energiya xavfsizligini ta'minlaydi. Buning sababi oddiy, magistral elektr tarmoq loyihalari MDH davlatlari hali Sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lganida loyihalashtirilgan va bir-biriga chambarchas bog‘liq holda qurilgan. 

  Demak, O‘zbekiston elektr energiyani eksport qilishi qatorida import ham qabul qiladi. Bu ayni paytda hech kimga sir emas. Masalan, joriy yilning 9 oyida davomida (yanvar-sentabr) import qilingan elektr energiyasi hajmi jami 2,6 mlrd. kVt•soatni tashkil etgan. Shundan faqat 1,2 mlrd. kVt•soat elektr energiyasi Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport qilingan.

  Bu va bu kabi masalalarning mohiyatini darrov tushunish qiyin... Buning uchun tizim faoliyati va xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish talab etiladi. Xullas, oddiy so‘z bilan aytganda, ichki iste'mol uchun mo‘ljallangan elektr energiyasi Afg‘onistonga eksport qilinmaydi.

  Qariyb bir asrlik vaqt mobaynida elektr energiya tarmoqlari takomillashib, mahsulotning alohida turi deb atalmish elektr energiyasini ishlab chiqarish, transportirovka, taqsimlash, ta'mirlash, loyihalashtirish va shunga o‘xshash muhim vazifalar eng oson va arzon yo‘llarini qidirish nuqtai nazaridan tizim shakliga keltirilgan va bu birinchi masala.

  Ikkinchi masala siyosiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etadi. Alohida ta'kidlash joizki, elektr energiyasi eksportining iqtisodiy tomoni ikkilamchi bo‘lib, asosiy maqsad — qo‘shni Afg‘oniston Islom Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy tomondan qo‘llab-quvvatlash, shu yo‘l bilan Afg‘on diyorida barqaror vaziyatni ta'minlashga hissa qo‘shishdan iborat. Mazkur amaliyotning asosida hukumatlararo kelishuvlar mujassam.

  Uchinchidan, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar, energiyadan noto‘g‘ri va besamar foydalanish oqibatida yuzaga keladigan turli avariyalar, modernizatsiya dasturiga muvofiq yuqori va o‘rta kuchlanishli podstansiyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, simyog‘ochlarni almashtirishdagi vaqtinchalik uzilishlar, qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilayotgan paytdagi vaqtinchalik tarmoqdan uzib turish va shunga o‘xshash boshqa xavfsizlik talablariga muvofiq (masalan, yong‘in xavfsizligi) uzilishlar elektr energiya sohasidagi xalqaro eksport va import masalalari bilan bevosita bog‘liq emas.

  Umuman olganda, elektr ta'minotida bir qancha muammolar mavjud va ularning yechimi bugungi kunda ijobiy hal etilmoqda. «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ vakolati doirasida o‘z faoliyatiga doir bayonotlarni e'lon qilayapti. Iste'molchilar bilan bevosita ishlaydigan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ vakillari aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

  Energiya samaradorligi va tejamkorligi bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri va u, albatta, jamoatchilik nazorati va e'tiboriga muhtoj. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deydi dono xalqimiz. Elektr energiyasi million-milliard tonnalab ko‘mir va mazut, trillion kublab gaz va boshqa tabiiy boyliklari evaziga paydo bo‘lishini tushunish undan oqilona foydalanish madaniyatining yuksalishiga turki bo‘lmog‘i lozim.

  Biroq, ming afsuski, ayrim jo‘n fikrlaydigan iste'molchilarimiz «pulini to‘lab qo‘ymoqdamiz» degan gapdan nariga o‘tishni istashmaydi. Ikkinchi tomondan, ta'minotchilar nimani vaj qilib ko‘rsatmasin — iste'molchilar o‘z talablarini bildirganlarida haq. Elektr energiyasi ta'minoti bilan chambarchas bog‘langan zamonaviy turmush tarzimizda muammolar bo‘lmasligi lozim.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat rahbarlari mamlakatimiz energetiklari oldiga qo‘ygan vazifa — aholi, ijtimoiy soha obyektlari va sanoatni uzluksiz hamda sifatli elektr energiya bilan ta'minlash uchun soha vakillari kecha-yu kunduz ishlamoqda.

  Negaki, elektr energiya ta'minoti — bu iqtisodiyot tayanchi. Ko‘zga ko‘rinmas, idishga solinmas bu mahsulot turisiz bugun hayotimizni tasavvur etish mumkin emas.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Qo‘shimcha manba: uza.uz

Qo‘shimcha manba: kun.uz

 

 

>